Jahon | 09:31 / 24.02.2025
4234
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Rossiya yashirin kelishuvlar tuzmoqdami? Geosiyosiy hafta tahlili

Bu hafta Saudiyada rasman uchrashgan Vashington va Moskva, bundan avval ham yashirin muzokaralar o‘tkazgani haqida sizdirgilar chiqdi. Amerikaliklar urushni urush emas, “mojaro” deyishga o‘tdi. Tramp Zelenskiy haqida xuddi Rossiya propagandachisidek gapirmoqda. U nodir metallar bo‘yicha Ukraina bilan kelishuv qilishga bel bog‘lagan. O‘z navbatida, Yevropa transatlantik munosabatlarning yangi davriga tayyorlanmoqda.

Bu mavzular Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” haftaligida muhokama qilindi.

— Tramp sabab bugun dunyo geosiyosatida keskin silkinishlar yuz beryapti. Hozirgi voqealarga qanday ta’rif berish mumkin?

— Kamoliddin Rabbimov: Haqiqatan ham yetti uxlab tushga kirmagan ishlar bo‘lyapti. Ya’ni Donald Tramp hokimiyatga kelganidan keyin kutilmaganda Amerikaning an’anaviy ittifoqchilari muxolifi bo‘lib qoldi. Amerikaning, kollektiv G‘arbning muxolifi yoki dushmani, keyingi uch yoki to‘rt yilda "dushman", deb hujjatlarda ko‘rsatilgan davlat Rossiya Federatsiyasi, bugun Donald Tramp ma’muriyati uchun eng yaqin hamkor, va kerak bo‘lsa, do‘st sifatida ko‘rilmoqda.

Saudiya Arabistonida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, Rossiya va Amerika muloqoti boshlandi. Bu birinchi raund edi, ikki davlat mulozimlari o‘rtasida keyingi uch yoki to‘rt yil ichida bunday yuqori darajadagi uchrashuvlar bo‘lmagan edi. Bir qancha yuqori lavozimli amaldorlar, jumladan Rossiya tashqi ishlar vaziri va Amerikaning davlat kotibi uchrashdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra, Putin hech narsa bermasdan beshta narsani qo‘lga kiritdi.

Birinchisi, Ukraina NATOga a’zo bo‘lmaydi. Myunxen konferensiyasida Pentagon rahbari va vitse-prezident bu gapni aytgan edi. Bu Saudiyada ham tasdiqlandi. Undan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, “Ukraina NATOga kirmaydi. Bosib olingan 2014 yilgi chegaralarga qaytishning iloji yo‘q. Amerika bo‘lsa yoki vaziyat taqozo qilsa, Yevropa Ittifoqidagi, Yevropa kontinentidagi o‘zining harbiy bazalarini olib chiqib ketadi. Yevropa o‘zining xavfsizligini o‘zi ta’minlashi kerak”, dedi.

Keyingi uch yilda Rossiyaga qo‘llangan sanksiyalar ham yechilishi mumkin, bu nafaqat Amerika bilan bo‘lgan sanksiyalar, balki Yevropaga ham xuddi shunday bosimlar qilish ehtimoli bor. Ya’ni bu Putinning to‘liq g‘alabasi. Lekin bu g‘alabaning zamirida nima turibdi, bunga ekspertlar javob berolmaydi. Chunki Amerika dunyoning birinchi harbiy qudrati, iqtisodiy qudrati, siyosiy qudrati. Lekin Putinning qandaydir ko‘rinmas bosim qilish imkoniyati yoki noma’lum narsa bormikin, bu tushunarsiz va g‘alati. Bunday syujyetlarda odatda kuchli Hollivud kinolari ishlanadi. Ya’ni yo‘q joydan Amerika taslim bo‘lyapti.

Tarixda shunday holatlar bo‘lgan. Qudratli bo‘lgan Amerika kelib, Rossiyaning to‘liq tarafiga o‘tyaptimi, taslim bo‘lyaptimi? Bu bir qiziq holat kuzatilmoqda.

Mavzuga oid