Fan-texnika | 13:26 / 20.02.2025
3856
4 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya sun’iy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirmoqda

Janubiy Koreya hukumati sun’iy intellektni davlat rivojlanishining asosiy omili deb hisoblaydi va soha bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga investitsiyalarni ko‘paytirmoqda.

Foto: Xinhua

Janubiy Koreya shaharlari sun’iy intellekt sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Mamlakatning turli joylarida ixtisoslashtirilgan ta’lim markazlari va yangi o‘quv dasturlari ochilmoqda, deb xabar berdi The Korea Times.

Seulda raqamli jinoyatlarga qarshi kurashish uchun internetda taqiqlangan kontentni kuzatib boruvchi sun’iy intellekt tizimi joriy etilgandan so‘ng, bunday kontentlar soni keskin kamaydi. Tizimning muvaffaqiyati davlat xizmatchilarining sun’iy intellekt texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishini oshirdi: o‘tgan yili shahar xizmatchilarining avvalgi yilga nisbatan uch barobar ko‘prog‘i sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rgandi. Seul meri sun’iy intellektni barcha sohalarga: iqtisodiyot, transport, ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash va boshqalarga joriy etish rejalarini ma’lum qildi. Buning uchun shahar hokimiyati qo‘shimcha o‘quv kurslari tashkil etmoqda.

Kyongido provinsiyasi 2029 yilgacha texnologiya sohasidagi ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish uchun 496 milliard von (taxminan 341,5 million AQSh dollari) mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. Loyiha doirasida har yili 11 000 kishi ta’lim olishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning 6000 nafari sun’iy intellekt, katta hajmli ma’lumotlar, yarim o‘tkazgichlar va biotexnologiyalar bo‘yicha malaka oshiradi.

Janubiy Koreyaning ikkinchi yirik shahri Pusanda 2022 yildan beri Raqamli innovatsiyalar akademiyasi faoliyat yuritadi. Ushbu akademiya 2026 yilgacha 10 000 nafar IT-mutaxassis tayyorlashni maqsad qilgan. Dastur mahalliy universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari negizida amalga oshirilmoqda. U barcha tayyorgarlik bosqichlarini, ya’ni boshlang‘ich darajadan tortib yuqori malakali mutaxassislik darajasigacha bo‘lgan ta’limni o‘z ichiga oladi.

Tegu metropol shahri ta’lim boshqarmasi sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rgatish markazini tashkil etib, uning qurilishiga 4,5 milliard von (3,1 million dollar) mablag‘ sarfladi. Markazda katta hajmli ma’lumotlar, sun’iy intellektni boshqarish, virtual va kengaytirilgan reallik sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Tejonda esa to‘rtta shahar maktabi sun’iy intellektga ixtisoslashgan ta’lim muassasasi maqomini oldi, yana 20 ta maktab sun’iy intellekt dasturlari uchun sinov maydonchalariga aylandi.

Sohadagi muammolar

Koreyalik ekspertlar muvaffaqiyatlarni e’tirof etish bilan birga, ushbu tashabbuslarni amalga oshirishdagi muammolarni ham ko‘rsatib o‘tmoqda. Koreya sun’iy intellekt ta’limi assotsiatsiyasi prezidenti, professor Mun Xyon Namning so‘zlariga ko‘ra, asosiy qiyinchilik — malakali o‘qituvchilarning yetishmasligi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab sun’iy intellekt instruktorlari, ayniqsa katta auditoriya bilan ishlaydiganlar o‘zlari maxsus ma’lumotga ega emas va sun’iy intellekt vositalarini yetarli darajada bilmaydi.

Professor Munning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt sohasidagi ta’lim nafaqat texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini, balki sun’iy intellekt xatolarini qanday tuzatish kerakligini ham tushunishni ta’minlashi kerak. U mahalliy hokimiyatlarga universitetlar va tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ekspert-o‘qituvchilar jamoasini shakllantirishni, shuningdek, IT-kompaniyalar bilan birgalikda o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni tavsiya qiladi.

Kyongi universiteti huquq professori Chon Van sun’iy intellektga investitsiya kiritish bo‘yicha milliy va mahalliy dasturlarni kengaytirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi, biroq aniq standartlarga bo‘lgan ehtiyojga ham e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaydi. Professorning fikricha, sun’iy intellektdan foydalanishning axloqiy me’yorlarini chuqur o‘rganish uchun ekspertlar guruhini tashkil etish zarur. Bu vazifa, ayniqsa, Xitoyning DeepSeek kompaniyasi tomonidan yaratilgan DeepSeek neyron tarmog‘i kabi yangi sun’iy intellekt modellari paydo bo‘lishi bilan bog‘liq tashvishlar fonida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Mavzuga oid