Jahon | 15:15 / 19.02.2025
1999
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar hayvonlarning hissiyotlarini aniqlaydigan sun’iy intellekt yaratdi

Ushbu texnologiya veterinariya sohasida hayvonlarni davolash sifatini oshiradi.

Foto: AP

Bristoldagi G‘arbiy Angliya universiteti hamda Shotlandiya qishloq xo‘jaligi kolleji olimlari hayvonlarning his-tuyg‘ularini aniqlay oladigan algoritmni ishlab chiqdi. Bu haqda Science jurnali xabar berdi.

Intellipig nomli sun’iy intellekt tizimi cho‘chqalarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Hayvon ozuqaga yaqinlashishdan oldin kamera uning tumshug‘ini suratga oladi va bir soniyadan kamroq vaqt ichida algoritm uning hozir nimani his qilayotganini aniqlaydi.

Tizim og‘riq, holsizlik va hissiy buzilishlarni aniqlashga yordam beradi. Natijada, fermerlar cho‘chqalarning ahvoli haqida bildirishnomalar olib, ularda biror muammo yuzaga kelsa, tezkor choralar ko‘rishi mumkin.

Intellipig tizimidan tashqari, shunga o‘xshash boshqa tizimlar ham mavjud. Isroilning Xayfa universitetida olimlar yuzni tanishda qo‘llanadigan mashinali o‘rganish algoritmlarini itlarning yuz ifodalarini tahlil qilishga moslashtirgandi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, itlarning mimik harakatlari 38 foiz darajada insonlarnikiga o‘xshaydi.

Braziliyaning San-Paulu shahrida esa otlar bilan tajriba o‘tkazildi: jonivorlarning og‘riq qoldiruvchi dori qabul qilishdan oldingi va keyingi fotosuratlari tahlil qilindi. Sun’iy intellekt ularning ko‘zlari, quloqlari va og‘zini o‘rganib, og‘riq belgilarini aniqladi. 88 foiz holatda tizim hayvon nimani his qilayotganini aniq qilib ayta oldi.

Veterinariya sohasida sun’iy intellektdan foydalanish hayvonlarni davolash sifatini oshiradi, odamlar esa ularning ahvolini yaxshiroq tushunish imkoniga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid