Havoni ifloslantiruvchi omillar: mutaxassis fikri

Foto: Ekologiya va iqlim vazirligi
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi sababli havoda chang massalari to‘planishi nafaqat Toshkentda, balki Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyoning ko‘plab davlatlarida uchramoqda. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, iqlimshunos-ekspert Erkin Abdulahatov bu borada o‘z fikr va tavsiyalarini berib o‘tdi.
Mutaxassisning fikricha, yer yuzining markaziy qismida joylashgan ko‘plab mamlakatlar, Afrikaning shimoliy qismidan Xitoygacha bo‘lgan hududda joylashgan davlatlarda cho‘llashish jarayoni davom etmoqda va bu havoda chang massalari ko‘payishiga olib kelmoqda.
- PM2,5 — havodagi qattiq zarrachalar yoki shu kabi zarrachalarning suv bug‘i bilan birikishidan hosil bo‘lgan birikma bo‘lib, diametri 2,5 mikrometrgacha bo‘ladi (soch tolasidan 30 baravar kichik). PM – Particulate Matter birikmasining qisqartmasi bo‘lib, «zarra moddalari» degan ma’noni bildiradi. 2,5 esa mikrometr kattalikdagi o‘lchov soni hisoblanadi. Havoni ifloslantiruvchi boshqa mayda zarrachalar ham bo‘lib, ularning kattaligiga qarab PM1, PM10 va PM100 kabi zarrachalar ustida kuzatuv va ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
JSST ko‘rsatkichlariga hech qaysi davlat amal qilmaydi
Erkin Abdulahatovga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan standart asosida mezonlar ishlab chiqiladi, bu yil davomida 5 mkg/m(3), sutkalik 15 mkg/m(3)ga teng. Bu ko‘rsatkichlar biror davlatning milliy standartlarida aks etmagan, chunki Air Quality Index platformasi qarorlar, tavsiyalar ishlab chiqish uchun yetarli platforma hisoblanmaydi, faqatgina ilmiy tadqiqot institutlariga har bir davlatning o‘z milliy standartlari borligi va ularni solishtirib, reytinglarni shakllantirish qiyin bo‘lgani sababli 5 mkg/m(3) qiymat asosida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan ma’lumot asosida shaharlar reytingini shakllantirish uchun qulay bo‘lgan qiymat hisoblanadi.
Air Monitoring Tashkent platformasi ishlab chiqilgan
2024 yilda Ekologiya vazirligi, Gidrometeorologiya agentligi va Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan chuqur tadqiqotlar asosida O‘zbekistonning milliy standartlari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, havo ifloslanishining me’yori yillik 35 mkg/m(3), sutkalik 60 mkg/m(3) deya belgilandi.
«Taqqoslash uchun, dunyodagi hech bir davlatning standarti JSSTniki bilan teng emas. Hattoki Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham o‘z milliy standartlarini ishlab chiqqan. 2023–2024 yillarda Ekologiya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan milliy standartlarimiz asosida Air Monitoring Tashkent platformasi ishlab chiqilgan. Mazkur platforma orqali Toshkent shahridagi hududlar kesimida ma’lumotlar har soatda yangilab boriladi va ishonchli manba hisoblanadi», – deydi iqlimshunos-ekspert.
Shamol tezligi kamayib bormoqda
Mutaxassisning ta’kidlashicha, havo ifloslanishida «shamol guli» degan tushuncha bor, ya’ni atmosfera ifloslanishida shamol muhim rol o‘ynaydi. Dengizbo‘yi davlatlarida yil bo‘yi shamol oqimi yuqori bo‘lgani sababli chang zarrachalari havoda muallaq to‘planib qolmaydi. Toshkentda esa 1950–1980 yillarda shamol shimoliy-sharqdan kirib kelgan va shaharda aylanib, «shamol guli»ni hosil qilgan. 1990–2020 yillarda esa «shamol guli» o‘zgardi, ya’ni shamol oqimining kirib kelishi va shamol harakati kamaygani sababli Toshkent chang zarrachalari havoda muallaq to‘planib qoladigan hududga aylandi.
«Toshkentda o‘tgan asrda shamol tezligi 1,7 metr/sekundga, 1981–2010 yillarda esa 1,4 metr/sekundga teng bo‘lgan. So‘nggi 5 yillikda esa 1,3 metr/sekundga tushib ketgan. Toshkentning tog‘lar bilan o‘ralgani ham shamol harakatiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, poytaxtda tartibsiz qurilayotgan baland binolar ham shamol harakatlanishiga xalal bermoqda. Bu esa poytaxtda chang zarrachalari muallaq turib qolishi va havo ifloslanish darajasi ortishiga olib kelmoqda», – deydi Abdulahatov.
Biz yashillik deganda, odatda daraxtlarni tushunamiz. Lekin aslida yashillikka gazonlar va daraxt aralash butalar ham kiradi.
«2016 yilga nisbatan 2023 yilda qurilish maydonlari ikki baravarga ko‘paygan va natijada yashil maydonlar ikki baravar kamaygan. Ya’ni daraxtlarga qaraganda yashil gazonlar keskin kamayib ketgan», – deydi mutaxassis.
Issiqlik oroli
Erkin Abdulahatov «Issiqlik oroli» tushunchasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Toshkentda 2016 yildan keyin harorat keskin ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Bu esa tabiiyki ko‘p qurilish bo‘layotgan va yashillik darajasi kamaygan hududlarda harorat yuqori darajada saqlanib turishiga olib kelmoqda. Bu Toshkentda „issiqlik oroli“ tushunchasini keltirib chiqarmoqda», – deydi mutaxassis.
Iqlimshunos Toshkent shahri atmosferasiga avtomobillar hamda og‘ir va yengil sanoat korxonalaridan chiqayotgan zararli tashlamalar ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Foto: Ekologiya va iqlim vazirligi
Avvalroq atmosfera havosi ifloslanishining doimiy va mavsumiy omillari haqida ma’lumot berilgan edi.
Mavzuga oid

18:08 / 05.03.2025
Olimlar XXI asrda Yerning rekord darajada yashillanishini bashorat qilmoqda

22:42 / 02.03.2025
Shimoliy yarimshardagi jazirama va qurg‘oqchilik olimlarni tashvishga solmoqda

21:30 / 20.02.2025
Qurilish maydonida changni bartaraf etmagan mansabdor shaxs jazolanadi

12:33 / 17.02.2025