Jahon | 09:35 / 18.02.2025
5845
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat departamenti: Ar-Riyoddagi uchrashuv bu - Ukraina bo‘yicha muzokaralar emas

Rossiya va AQSh delegatsiyalarining Saudiya Arabistonidagi uchrashuvi Ukraina bo‘yicha muzokaralar boshlanishi emas, balki Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbatning davomi, deya ta’kidladi Davlat departamenti.

Foto: Lukas Coch/IMAGO

AQSh ma’muriyati Rossiya delegatsiyasi bilan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi uchrashuvni Ukraina bo‘yicha «muzokaralar»ning boshlanishi sifatida emas, balki prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbatining davomi sifatida baholamoqda, dedi 17 fevral, dushanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus. «Menimcha, odamlar buni tafsilotlarga yoki muzokaralarga taalluqli narsa sifatida ko‘rmasligi kerak», — deya Bryusning so‘zlarini keltiradi AFP.

Avvalroq Rossiya delegatsiyasi a’zosi, Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ham xuddi shunday fikrda gapirgan edi. Unga ko‘ra, Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSh delegatsiyalari Ukraina bo‘yicha muzokaralarni qanday boshlashni muhokama qiladi. «Endi savol Ukraina bo‘yicha muzokaralarni qanday boshlash bo‘yicha kelishib olishda, chunki Amerika tomoni hali biz bilan ish olib borishi mumkin bo‘lgan bosh muzokarachini tayinlagani yo‘q», deb tushuntirdi Ushakov.

«Munosabatlarni normallashtirish masalalarini muhokama qilish, Ukrainada ehtimoliy muzokaralarni boshlash masalalarini muhokama qilish va eng yuqori darajadagi aloqalar istiqbollarini muhokama qilish bu — uchta vazifa», dedi Ushakov.

18 fevraldagi muzokaralarda Ushakovdan tashqari Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ishtirok etadi. Muloqotga Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev ham qo‘shilishi mumkin, deb yozadi TASS. Amerika delegatsiyasi tarkibiga davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchi Stiv Uitkoff kiradi.

Ukraina AQSh-Rossiya muzokaralarida qatnashmayapti

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistonidagi Ukraina vakillari AQSh va Rossiya delegatsiyalarining uchrashuvida ishtirok etmasligini tasdiqladi. Bir kun avval Ukraina hukumati delegatsiyasi Zelenskiyning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Saudiya Arabistoniga amaliy tashrif bilan kelgan edi.

O‘z navbatida Yevropa mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari Ukraina bo‘yicha yagona pozitsiyani ishlab chiqish uchun Parijda uchrashdi. Germaniya tashqi ishlar vazirligi Yevropa shu tariqa o‘z harakatlarini muvofiqlashtirayotganini va shundan so‘ng Ukrainadagi mojaroni hal qilishda yagona yondashuvni qo‘llashini tushuntirdi.

Mavzuga oid