Sport | 17:50 / 17.02.2025
11181
2 daqiqa o‘qiladi

Botir Rahimov tennis federatsiyasiga rais bo‘ldi

Ushbu tadbirkor uzoq yillar «Paxtakor» futbol klubi rahbari bo‘lgan, shuningdek, «O‘zbekiston» mehmonxonasiga egalik qilgandi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Tadbirkor, uzoq yillar «Paxtakor» futbol klubi prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Botir Rahimov O‘zbekiston tennis federatsiyasiga rais bo‘ldi. Bu haqda Sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

17 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati va Sport vazirligi ishtirokida uchta sport federatsiyasining navbatdan tashqari saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masalalar ko‘rilgan.

Jumladan, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi konferensiyasida Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov federatsiya raisi, Otabek Choriyev, Andrey Abduvaliyev va Kamoliddin Usmonov rais o‘rinbosarlari, Kamoliddin Ro‘zmuhammedov esa bosh kotib lavozimiga saylandi.

Akmalxo‘ja Mavlonov

O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi tadbirida «O‘zmilliybank» AJ boshqaruv raisi Alisher Mirsoatov assotsiatsiya rahbari etib saylandi. U bungacha  O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi edi.

Alisher Mirsoatov (o‘ngdan ikkinchi).

Alisher Mirsoatov o‘rniga Botir Rahimov O‘zbekiston tennis federatsiyasining yangi raisiga aylandi.

Ma’lumot uchun, Botir Rahimov 2001 yilda «Kapitalbank» xususiy bankini ochgan, uzoq yillar «Paxtakor» futbol klubiga rahbarlik qilib kelgan (2017 yilgacha), «O‘zbekiston» mehmonxonasi sobiq egasi. Shuningdek, moliya, sug‘urta, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarish, qurilish biznesi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan ko‘plab kompaniyalarga asos solgan.

2016 yilda u milliarder Alisher Usmonovning jiyani bo‘lgan Bobur Usmonovning bevasi Diyora Usmonovaga uylangan.

Mavzuga oid