Jamiyat | 18:14 / 17.02.2025
1995
13 daqiqa o‘qiladi

Telefonga qaramlik: texnologiyalar bizni qanday tobe qilmoqda?

Zamonaviy dunyoda smartfonsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Ertalab ko‘zimizni ochishimiz bilanoq unga qaraymiz, kechasi esa telefon ekraniga tikilgan holda uyquga ketamiz. Ishda, transportda, hatto do‘stlar davrasida ham uni qo‘limizdan qo‘ymaymiz.

Bizni dunyo bilan bog‘laydigan kichik qurilma aslida real hayotdan uzoqlashtirayotgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Smartfonning ruhiy va jismoniy sog‘lig‘imizga jiddiy zarar yetkazayotganini-chi, sezasizmi?

Kun.uz telefonlarga keragidan ortiq bog‘lanib qolish natijasida yuzaga kelgan “raqamli qullik” va uning oqibatlarini o‘rgandi.

Simptomlar

Insonning texnologik vositalarga haddan tashqari bog‘lanib qolishi natijasida o‘z hayoti ustidan nazoratni yo‘qotishi raqamli qullik deyiladi. Bu tushuncha, odatda, "telefonga qaramlik" yoki "texnologik asirlik" kabi iboralar bilan yonma-yon keladi.

Smartfondan doimiy foydalanish istagi, uni ishlatmasa o‘zini notinch va noqulay his qilish holati – telefonga qaramlik hisoblanadi. Bu ilmiy tilda "nomofobiya" (no-mobile-phone phobia – telefonsiz qolishdan qo‘rqish) deb ham ataladi.

Telefonga qaramlik quyidagi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi:

  • hech qanday sabab bo‘lmasa ham smartfon ekranini ochib, unga qarab turish;
  • o‘qish, ish yoki suhbat mobaynida doimiy ravishda telefonga chalg‘ish;
  • yotishdan oldin uzoq vaqt davomida telefon ishlatish va buning natijasida uyqu sifatining yomonlashishi;
  • haqiqiy hayotdagi muloqot o‘rniga faqat internet va virtual dunyoga bog‘lanib qolish.

Dopamin tuzog‘i

Ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar va videoo‘yinlar muloqot qilish, hordiq chiqarish va yangiliklardan xabardor bo‘lish imkonini beradi. Lekin ular inson miyasida maxsus mukofot tizimini shakllantirib, qaramlikni ham keltirib chiqaradi. Bu jarayonning asosi dopamin deb nomlangan gormon bilan bog‘liq. Dopamin – miyada zavq va motivatsiya hissini uyg‘otadigan modda hisoblanadi.

Kaliforniya davlat universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlarning miyadagi rag‘bat tizimini qanday o‘zgartirishi o‘rganilgan. Buning uchun MRT (magnit-rezonans tomografiya) yordamida miyaning faoliyati kuzatilgan. Izlanishlarda ma’lum bo‘lishicha, har safar ijtimoiy tarmoqlardan bildirishnomalar kelganda, miyaning "mukofot markazi" (striatum) faollashadi. Bu – insonda zavqlanish holatini hosil qiladi, ya’ni qancha ko‘p layk yoki izoh qoldirilsa, shuncha ko‘p dopamin ajraladi. Shuning ortidan foydalanuvchi platformada uzoqroq qolishga moyillashadi.

Dopamin miqdori vaqt o‘tishi bilan kamayish xususiyatiga ega. Bu moddani qayta to‘plash va zavq hissi yig‘ishni davom ettirish maqsadida odamlar ijtimoiy tarmoqlarga uzoq vaqt sarflaydi. Ushbu jarayon giyohvandlik mexanizmlariga o‘xshash tarzda ishlaydi. Ya’ni inson qanday qilib chekish yoki shirinlik yeyishga o‘rganib qolsa, ijtimoiy tarmoqlar va internetdan foydalanishga ham xuddi shunday qaram bo‘lishi mumkin.

Balki keyingisi qiziqroqdir”

Ijtimoiy tarmoqlar ko‘ngilochar maydon va axborot olish vositasi bo‘lishdan tashqari, ulkan biznes industriyaga ham aylandi. Bu platformalarning asosiy maqsadlaridan biri – foydalanuvchilarni iloji boricha ko‘proq vaqt davomida ushlab qolishdir.

Buning uchun ijtimoiy media kompaniyalari nevrologiya, psixologiya va sun’iy intellekt tadqiqotlaridan foydalangan holda, diqqatni boshqaradigan kuchli algoritmlar va dizayn mexanizmlarini ishlab chiqmoqda:

  • "Infinite scroll" (cheksiz aylantirish) – foydalanuvchi ekranni pastga siljitgani sari, yangidan yangi kontent chiqib kelaveradi va bu oqim tugamaydi, cheksiz davom etadi. Bumiyaga "keyingi post qiziqroq bo‘lishi mumkin" degan kutish hissini beradi. Natijada odam ekran oldida reja qilganidan ancha ko‘proq vaqt o‘tkazadi.
  • "Autoplay" (avtomatik boshlanish) – video tugashi bilan keyingisi avtomatik tarzda boshlanadi. Bir videoni ko‘rib bo‘lgan odam tanaffus qilishga ulgurmasdanoq, keyingi kontent bozoriga sho‘ng‘iydi, yangi video tanlash haqida o‘ylamaydi. Bu esa "yana bir marta ko‘ray" degan odatni shakllantiradi. Bu mexanizmlar insonni doimiy ravishda yangilik izlashga majbur qiladi va e’tiborni jamlash qobiliyatini zaiflashtirib, telefonga qaramlikni oshiradi.
  • Kontentni shaxsiylashtirish – ijtimoiy tarmoqlarga integratsiya qilingan sun’iy intellekt algoritmlari foydalanuvchining harakatlarini kuzatib, uning qiziqishiga mos kontentni ko‘rsatadi, bu algoritm odamni platformaga yanada bog‘lab qo‘yadi.

FOMO sindromi

Bugungi kunda ko‘plab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatish uchun telefonga yoki kompyuterga tez-tez qarashni odatga aylantirgan. Voqealardan orqada qolib ketish, muhim narsani o‘tkazib yuborishdan tashvishlanish hissini – FOMO (Fear of Missing Out) sindromini uyg‘otadi.

FOMO sindromiga chalingan insonlarda quyidagilarga moyillik ortib ketadi:

  • Ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni doimiy kuzatish. Ular har qanday yangi post yoki xabarni o‘tkazib yubormaslik uchun telefonini qo‘ldan tushirmaydi.
  • Boshqalarni o‘zidan yaxshiroq yashaydi deb hisoblash. Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar va videolarni ko‘rib, boshqalarning hayoti yanada qiziqarli, boy va omadli ekanini tan oladi, o‘zini esa betavfiq sifatida his qilib, hayotidan noliy boshlaydi.
  • Har qanday voqeadan bexabar qolishdan qo‘rqish. Kimdir tadbir yoki sayohatga borganda o‘sha jarayonda ishtirok etmaganidan afsuslanib, o‘zini yomon his qiladi.
  • Real hayotdagi muhim daqiqalarga e’tibor bermaslik. Oilasi va yaqinlari bilan vaqt o‘tkazish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni kuzatishga ko‘proq vaqt ajratadigan bo‘lib qoladi.

Ijtimoiy izolyatsiya

Odamlar bilan jonli muloqot qilish imkoniyati cheklangan yoki o‘zini yolg‘iz his qiladigan shaxslar ijtimoiy tarmoqlar va onlayn o‘yinlarga kuchliroq bog‘lanadi.

Raqamli texnologiyalar, jumladan internet, videoo‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlar real hayotdagi muammolardan vaqtinchalik yashirinish maydoni sifatida xizmat qilmoqda.

Stress, depressiya, yolg‘izlik yoki turli hayotiy qiyinchiliklardan qochish odamlarni virtual dunyoda ko‘p vaqt o‘tkazishga undayapti.

Raqamlar nima deydi?

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, odam har kuni o‘z telefonida o‘rtacha 4 soat 37 daqiqa vaqt sarflaydi. Bu haftada 1 kundan ortiq yoki oyda 6 kunga teng. Bu ko‘rsatkich yil davomida telefonga qariyb 70 kun sarflanishini anglatadi.

Boshqa bir tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, ayollar erkaklarga qaraganda smartfonlardan biroz ko‘proq foydalanadi. 30 mingdan ortiq odam bilan o‘tkazilgan tajribada ayollar uchun kunlik ekran vaqti o‘rtacha taxminan 2 soat-u 47 daqiqa, erkaklarda esa 2 soat-u 34 daqiqani tashkil qilgan.

Hozirda butun dunyo bo‘ylab qariyb 5,4 milliard odam internetdan foydalanadi. Shulardan 96,5 foizi internetga mobil telefon orqali internetga ulanadi – bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 4,6 foizga oshgan.

2011 yilda internetda vaqt o‘tkazish yarim soatdan sal ko‘proqni (32 daqiqa) tashkil etgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib ikki barobarga oshib, 1 soat 38 daqiqaga yetdi. 2024 yil holatiga ko‘ra, smartfonda internetdan foydalanish uchun o‘rtacha kunlik vaqt taxminan 3 soat 45 daqiqaga chiqdi.

Manba: DataReportal

E’tibor va konsentratsiya muammolari

Raqamli dunyo va undagi tezkor axborot oqimi odamlarning diqqatni jamlay olish qobiliyatini susaytirib bormoqda. Tez va qisqa ma’lumotlarni qabul qilishga o‘rganib qolgan miyamiz chuqur fikrlash va uzoq muddatli e’tiborni talab qiladigan ishlarni bajarishga qiynalyapti. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson miyasi aslida uzoq muddatli konsentratsiyaga moyil shaklda yaratilgan, ammo doimiy chalg‘ituvchi omillar tufayli bu qobiliyat yo‘qolib bormoqda.

Microsoft kompaniyasining Kanadadagi shu’basi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, zamonaviy insonning e’tiborini jamlash davomiyligi 8 soniyagacha qisqargan. Taqqoslash uchun, qisqa e’tibor davomiyligi bilan tanilgan oltin baliq (goldfish)ning diqqatni ushlab turishi 9 soniyani tashkil qiladi. 2000-yillarda odam bir vazifaga o‘rtacha 12 soniya diqqat qarata olgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 25 foizga kamaygan. Ijtimoiy tarmoqlardan ko‘p foydalanadigan odamlar tez-tez chalg‘iydi va diqqatini uzoq muddat bir joyda jamlay olmaydi.

Raqamli texnologiyalar bolalar va o‘smirlar miyasi rivojlanishiga qanday ta’sir qo‘rsatishi borasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p vaqt sarflaydigan bolalarda prefrontal korteks (diqqat va tafakkur markazi) sust rivojlanadi. Tezkor kontent iste’moli (reels, shors) diqqatni jamlash va chuqur tafakkur qilish qobiliyati uchun mas’ul sanalgan miyadagi prefrontal korteks faoliyatini pasaytiradi. Natijada bola qisqa ma’lumotlarga o‘rganib qoladi va uzoq matnlarni tushunishi qiyinlashadi. Bu bolalarda chuqur fikrlash va muammolarni mustaqil hal qilish qobiliyatini yo‘qotadi.

Ko‘k nurlanish: moviy yorug‘likning qora ta’siri

Smartfonlardan muttasil foydalanish ko‘k nurlanish natijasida yuzaga keladigan fiziologik muammolarni hosil qiladi. Elektromagnit spektrining 400-495 nanometr to‘lqin uzunligiga ega qismini tashkil etuvchi yorug‘lik ko‘k nurlanish bo‘lib, u tabiiy (quyosh nuri) va sun’iy manbalar (ekranlar, LED chiroqlar)dan tarqaladi. Ko‘k nur tabiiy yorug‘likning tarkibiy qismi hisoblanishiga qaramay, uning smartfon, planshet, kompyuter va LED yoritkichlar orqali hosil bo‘ladigani inson ko‘ziga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Xususan, ko‘p vaqt davomida ekranga tikilish ko‘z mushaklarida ortiqcha zo‘riqishni yuzaga keltiradi. Ko‘zdagi toliqish esa bosh miyaning frontal qismida og‘riqni hosil qiladi. Uzoq vaqt davomida yaqin masofada ekranga qarash ko‘zning uzoqni ko‘rish qobiliyatini vaqtincha pasaytiradi. Xususan, ko‘k nurlanishning ko‘z to‘r pardasi (retina)ga zarar yetkazishi va makula degeneratsiyasi (ko‘rish markazi yemirilishi )ni tezlashtirishi mumkinligi aniqlangan. Shuningdek, telefon yoki planshet ekraniga uzluksiz tikilish ko‘z yoshining tez bug‘lanishi va tabiiy namlanish mexanizmining buzilishiga olib keladi.

Bundan tashqari, kechasi ekranga uzoq qarash, ya’ni ko‘k nurlanish ta’siri melatonin gormoni ishlab chiqarilishini pasaytiradi, shu tariqa uyqusizlik rivojlanadi, sirkadiyal ritm (biologik soat) buziladi. Melatonin uyqu gormoni bo‘lib, u tun davomida tabiiy ravishda ishlab chiqariladi va organizm uyqu rejimini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi.

Shuningdek, smartfon, planshet va noutbukdan foydalanishda boshni oldinga egib turish natijasida bo‘yin mushaklari va umurtqa pog‘onasiga ortiqcha bosim tushadi. Boshning egilish darajasi ortgani sayin bo‘yin umurtqasidagi yuk miqdori sezilarli darajada ko‘payadi. Masalan, 15 daraja egilish bo‘yin umurtqasiga taxminan 12,25 kg og‘irlik tushishiga olib keladi, 60 daraja egilish esa bu massani taxminan 27,2 kggacha oshiradi. Ortiqcha massa vaqt o‘tishi bilan bo‘yin va yelka mushaklari churrasini (grija) yuzaga keltirishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar – raqamlashayotgan dunyoda qudratli vosita. Ular bizga axborot olish, o‘zga shaxslar bilan kontakt o‘rnatish va o‘zimizni ifodalash imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, inson psixologiyasi, e’tibor qobiliyati va ijtimoiy xulq-atvoriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ularni ongli ravishda ishlatmasak, ular bizni boshqarishi, ya’ni raqamli qullarga aylantirib, ijtimoiy hayotimiz, fiziologik barqarorligimizda o‘zining salbiy bo‘yoqlarini qoldiradi.

Ongli yondashuv, raqamli detoks va real hayotdagi munosabatlarga ko‘proq ahamiyat qaratish orqali virtual muhit hukmiga tushib qolishdan himoyalanishimiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova,

Kun.uz

Mavzuga oid