Iqtisodiyot | 17:46 / 17.02.2025
3269
4 daqiqa o‘qiladi

Davlatga qarashli bir qator yirik kompaniyalar yanvarda soliq to‘lashni qisqartirdi

Yanvar oyida “O‘zbekneftgaz” to‘lagan soliqlar bir yil oldingiga qaraganda 44 foizga, UzGasTrade'dan soliq tushumlari esa 36,3 foizga kamaydi. OKMK 13 foiz, NKMK 10 foiz kamroq soliq to‘ladi.

Infografika: Soliq qo‘mitasi

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi 2025 yil yanvar oyida eng ko‘p soliq to‘lagan davlat va xususiy sektordagi o‘ntadan kompaniyani ma’lum qildi.

Yilning ilk oyida davlatga tegishli eng yirik o‘nta soliq to‘lovchi jami 4,5 trln so‘m soliq to‘lagan. Bu – 2024 yilning yanvar oyi bilan taqqoslaganda qariyb 120 mlrd so‘mga kam.

Top-o‘ntalikka kirgan kompaniyalarning kamida 6 tasi o‘tgan oyda 2024 yil yanvariga qaraganda kamroq soliq to‘lagan.

Xususan, soliq tushumlari Navoiy kon-metallurgiya kombinatidan 13 foizga, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidan 11 foizga kamaygan.

Energetika kompaniyalaridan “O‘zbekneftgaz” 44 foizga, UzGasTrade 36 foizga kam soliq to‘lagan. “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” ham soliq to‘lovini qisqartirgan.

Shu bilan birga, yanvar oyida “Navoiyuran” o‘tgan yilning yanvariga qaraganda 2,4 barobarga, Asia Trans Gas 1,7 barobarga ko‘p soliq to‘lagan.

2025 yil yanvar oyida eng ko‘p soliq to‘lagan davlat kompaniyalari:

  • NKMK – 2,08 trln so‘m (2024 yil yanvarida 2,38 trln, farq –13%);
  • OKMK – 639 mlrd (707 mlrd, –10%);
  • O‘zkimyosanoat* – 388 mlrd;
  • Navoiyuran – 299 mlrd (87 mlrd, +244%);
  • O‘zbekneftgaz – 280 mlrd (497 mlrd, –44%);
  • Hududgazta’minot – 240 mlrd (241 mlrd, –0,4%);
  • UzGasTrade – 218 mlrd (343 mlrd, –36%);
  • Asia Trans Gas – 149 mlrd (90 mlrd, +65%);
  • Aloqabank – 117 mlrd*;
  • O‘ztransgaz – 111 (118 mlrd, –6%).

* Ushbu kompaniyalar 2024 yil yanvarida top-10talikda bo‘lmagan.

2024 yil yanvar oyida top-10 talikda bo‘lgan “O‘zbektelekom” (o‘sha oyda 105 mlrd so‘m soliq to‘lagan) va “O‘zbekiston temiryo‘llari” (74 mlrd) 2025 yil yanvarda ro‘yxatdan joy olmagan.

TOP-10 xususiy korxonalar

Yanvar oyida eng ko‘p soliq to‘lagan o‘nta xususiy korxona quyidagilar:

  • Uzbat – 182 mlrd;
  • ADM Jizzakh – 62,2 mlrd;
  • Epsilon – 50,6 mlrd;
  • Kapitalbank – 48 mlrd;
  • Hamkorbank – 47,6 mlrd;
  • Unitel – 47,6 mlrd;
  • Tashkent Tobacco – 42,3 mlrd;
  • TBC bank – 37 mlrd;
  • Coca Cola Ichimligi Uzbekistan – 36,7 mlrd;
  • PWS Optimum – 33,5 mlrd.

Ushbu ro‘yxatda doimiy yetakchilik qiladigan Uzbat to‘lagan soliqlar 21,2 foizga, Kapitalbankniki 40 foizga qisqarganiga qaramay, boshqa korxonalar ko‘proq soliq to‘lagani hisobiga bu guruhdagi tushumlar o‘tgan yil yanvar oyi bilan solishtirganda 83,7 foizga oshgan (716 mlrd so‘mdan 1,32 trln so‘mga).

O‘tgan yil yanvarida eng ko‘p soliq to‘lagan xususiy korxonalar ro‘yxatida 2-o‘rinda bo‘lgan Enter Engineering (130 mlrd so‘m to‘lagan) bu yil ro‘yxatga kirmagan – holbuki ro‘yxatning oxiridagi kompaniya 33,5 mlrd so‘m soliq to‘lab TOP-10 ga kirgan.

2024 yil yanvarida ro‘yxatda bo‘lmagan Epsilon Development Company 2025 yil yanvarida 506 mlrd so‘mlik soliq tushumlari bilan birdaniga uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning ilk oyida jami 956 ta yirik soliq to‘lovchi 8,51 trln so‘m soliq to‘lagan. Taqqoslash uchun, bir yil oldin 2186 ta yirik soliq to‘lovchidan 8,85 trln so‘m undirilgan edi.

Mavzuga oid