O‘zbekistonda iqtisodiy qutblanish kengayib boryapti. Nega?
2020 yilda poytaxt va eng kam o‘rtacha daromadga ega hudud orasidagi farq 2,7 barobar edi. Oradan 4 yil o‘tib, bu ko‘rsatkich 3,6 barobarga aylandi. Hududlardagi rasmiy oyliklar o‘rtasidagi tafovut ham kattalashib boryapti. Bunga sabab nima?

Foto: Kun.uz
Bir necha kun oldin Statistika agentligi O‘zbekistondagi demografik holatga oid yillik hisobotini e’lon qildi. Unda keltirilishicha, 2024 yilda O‘zbekistondagi 14 ta hududga xorijdan va respublikaning boshqa hududlaridan jami 241,8 ming odam ko‘chib kelgan. Shundan 2229 nafari xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlar, qolgani – ichki migratsiya.
Bu tendensiyaning e’tiborni tortadigan jihati shundaki, Toshkent shahri (92 ming) va Toshkent viloyatiga (32 ming) ko‘chib kelganlar ulushi – umumiy ko‘chib kelganlarning 51,5 foizini tashkil qilgan.
To‘g‘ri, bundan 5-6 yil oldin ham ushbu hududlarga ko‘chib kelish ko‘rsatkichi baland bo‘lgan. Chunki uzoq yillar Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida propiska tartibi mavjud edi. Hozir esa, propiska cheklovlari bekor qilinishining birlamchi ta’siri ancha o‘z kuchini yo‘qotgan bir paytda, poytaxtga intilishning yuqoriligicha qolayotgani qator iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Oshib borayotgan hududiy tengsizlik
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan umumiy daromadlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (60 mln 594 ming so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Namangan viloyatida (16 mln 849 ming so‘m) qayd etilgan. Ularni shartli ravishda eng boy va eng kambag‘al hududlar deb olsak, o‘rtadagi tafovut 3,6 barobarga yetgan.
Bu ko‘rsatkich oldingi yillarda quyidagicha bo‘lgan:
- 2018 yil: Toshkent (16,2 mln so‘m) / Qoraqalpog‘iston (6,3 mln so‘m). Farq – 2,57 barobar;
- 2019 yil: Toshkent (20 mln so‘m) / Qoraqalpog‘iston (7,7 mln so‘m). Farq – 2,58 barobar;
- 2020 yil: Toshkent (23,5 mln so‘m) / Farg‘ona (8,7 mln so‘m). Farq – 2,69 barobar;
- 2021 yil: Toshkent (30,2 mln so‘m) / Farg‘ona (10,9 mln so‘m). Farq – 2,76 barobar;
- 2022 yil: Toshkent (37,5 mln so‘m) / Qoraqalpog‘iston (13,2 mln so‘m). Farq – 2,83 barobar;
- 2023 yil: Toshkent (44,4 mln so‘m) / Qoraqalpog‘iston (14,6 mln so‘m). Farq – 3 barobar.
Yuqoridagi raqamlardan ko‘rish mumkinki, oxirgi 7 yil ichida eng boy va eng kambag‘al hududlar o‘rtasidagi farq sezilarli darajada oshgan.
Oylik maoshlar kesimidagi notenglik
2024 yilning yakunida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqi 5,3 mln so‘mni tashkil etdi. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, faqatgina ikkita ma’muriy hudud – Toshkent shahri (9 mln so‘m) va Navoiy viloyatida (6,7 mln so‘m) nominal ish haqining miqdori respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich turli miqdorda past shakllangan.
Ish haqining hududlarda turli xil darajada oshishi ortidan bu borada ham katta tengsizlik paydo bo‘ldi. Masalan, 2020-2024 yillarda yilda eng ko‘p va eng kam o‘rtacha oylik to‘lanuvchi hududlardagi tafovutlar:
- 2020 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 96 foiz;
- 2021 yilda: (Toshkent/Surxondaryo). Farq – 2,03 barobar;
- 2022 yilda: (Toshkent/Samarqand). Farq – 2,17 barobar;
- 2023 yilda: (Toshkent/Namangan). Farq – 2,25 barobar;
- 2024 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 2,5 barobar.
Individual sohalar o‘zaro taqqoslansa, ish haqining tarmoqlar kesimidagi tengsizligi ham ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2020-2024 yillar oralig‘ida bank va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,43 barobarga (6,3 mln so‘mdan 15,3 mln so‘mga), aloqa va axborot sohasidagilarniki esa 3 barobarga (4,4 mln so‘mdan 13,2 mln so‘m) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 88 foizni (1,8 mln so‘mdan 3,4 mln so‘mga), ta’lim sohasida 84 foizni (1,9 mln so‘mdan 3,6 mln so‘mga) tashkil etgan.
Ha, oxirgi yillarda O‘zbekistondagi ish haqlari sezilarli darajada oshdi, ammo bu o‘sish turli sohalarda farqlanib, tarmoqlar o‘rtasidagi tengsizlikni kuchaytirdi. Ya’ni o‘tgan 5 yil davomida bank sohasida ishlovchi mutaxassisga nisbatan ta’lim sohasidagi mutaxassis sezilarli darajada kambag‘allashgan deyish mumkin.
Nega bunday bo‘lyapti?
Mantiqan o‘ylab qaraladigan bo‘lsa, potensial investor yoki mahalliy tadbirkorlar uchun aholi zichroq yashaydigan, nisbatan ishchi kuchi arzon hududlarda ishlab chiqarish yoki boshqa tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yaxshiroq. Ammo infrasutrukturaning yaxshi emasligi va norasmiy shakldagi ma’muriy bosimlarning mavjudligi yangi ish o‘rinlarining asosan poytaxt va unga tutash hududlarda yaratilishiga olib kelyapti. Natijada Toshkentda o‘rtacha oyliklar respublikaning qolgan qismlariga nisbatan tezroq o‘sayotgan bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, viloyatlarda nisbatan kam oylik to‘lanadigan ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib boradigan mehnatkashlar umumiy ishchi kuchining katta qismini tashkil etadi. O‘rtacha maoshlarning oshishi asosan shundoq ham yuqoriroq oylik to‘lanadigan sektorlarda yuz berayotgani sohalar va hududlar o‘rtasidagi mavjud tengsizlikni yanada kattalashtiryapti.
Nima qilish kerak?
Albatta, odamlarning shaharlarga ko‘chib kelishi va ishga yollanishi taraqqiyotning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Ishchi kuchi oqimi o‘sayotgan shaharlarni arzon mehnat resurslari bilan, xizmat ko‘rsatish sohasini iste’molchilar bilan ta’minlaydi. Bu esa o‘z navbatida shahar kengayib, rivojlanib borishiga sabab bo‘ladi. Ammo ichki migratsiya oqimining uzluksiz va faqat bir tomonga yo‘nalgani – xavotirli holat.
Masalan, viloyatlardan Toshkentga kelayotgan aholi shahardagi xizmat ko‘rsatish, qurilish, transport xizmati kabi sohalar uchun arzon ishchi kuchi bo‘lishi narx-navoni mo‘’tadillashtirish uchun yaxshi imkon yaratadi. Ya’ni qurilish materiallari yoki yoqilg‘i narxlari qimmatlashayotgan bir vaqtda, mehnatning arzonligi sektorlarga barqaror investitsiya oqimini ta’minlaydi. Biroq, 12 ta hududdan faqat Toshkentga ishchilarning kelishi taklifning me’yoridan oshishiga va mehnatga haq to‘lashning boshqa iste’mol tovarlariga nisbatan korreksiyasi buzilishiga sabab bo‘ladi.
Xususan, aynan ko‘chib keladigan insonlar ko‘proq ehtiyoj sezadigan xizmatlar, jumladan, shaxsiy uylar, ko‘chib kelib ishlayotganlar uchun ijara kvartiralari narxi oxirgi yillarda o‘zining haqiqiy bozor qiymatiga nisbatan keskin oshib, sun’iy “pufak”ni vujudga keltirdi. Toshkentda eng serdaromad bizneslardan biri qurilish sohasi ekani ham bejiz emas. Natijada boshpana va shunga o‘xshash xizmat narxlarining qimmatligi ortidan hududlardan kelib ishlovchilar topgan umumiy daromadining sezilarli qismini yo‘qotyapti.
Xulosa qilib ko‘radigan bo‘lsak, viloyatlarda ham poytaxt bilan raqobatlasha oladigan infrastukturani (issiq suv, sovuq suv, elektr va gaz ta’minoti, transport tizimi, tibbiy xizmat, o‘rta va oliy ta’lim) rivojlantirish tobora zaruratga aylanib bormoqda.
Bu yo‘l bilan investor bo‘lishi mumkin bo‘lgan qatlam raqobat yuqori poytaxtga kelishga majbur bo‘lmasdan, o‘z hududidagi loyihalarga investitsiya kiritishi imkoniyati ortadi.
Natijada ish o‘rni viloyatda shakllanadi; ishchilarning bir qismi viloyatda ishga yollanadi; ishchilarning tarqalishi oqibatida ular sonining kamayishi mehnat taklifini qisqartiradi; mehnat bozorida taklifning kamayishi mehnatning qiymatini oshiradi.
Iqtisodiyotda keng ko‘lamli pul aylanishi boshlanishi ortidan esa hududlar va sohalar kesimidagi tengsizlik qisqarib boradi.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid

21:10 / 08.03.2025
Yangiyo‘lda ko‘prikning bir qismi o‘pirildi

09:21 / 08.03.2025
Tez yordam xodimlari uy yo‘lagida tashlab ketgan fuqaroning holati haqida ma’lumot berildi

16:24 / 07.03.2025
“Vahimaga tushmang” - Kadastr agentligi yerlar xitoyliklarga sotilayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

09:32 / 07.03.2025