Jahon | 22:11 / 14.02.2025
7382
5 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko uzra qora bulutlar: sobiq prezident davlatga xiyonatda gumonlanmoqda

Petro Poroshenko degan odamni eslasangiz kerak. 2014 yil ukrainlar Viktor Yanukovichni ag‘dargach, prezidentlik saylovi o‘tkazilgan va unda aynan mana shu tadbirkor g‘olib bo‘lgandi.

Poroshenkoning saylovdagi g‘alabasi yorqin bo‘ladi, lekin uning prezidentligi haqida bunday deyolmaymiz. Axir tadbirkorlikdan chiqqan, siyosatda suyagi qotmagan Poroshenko Qrimday katta hududini boy bergan, Donbassda urush holatiga tushib qolgan chalajon Ukrainani boshqarishi kerak edi.

Poroshenko prezidentligi ukrainlar uchun og‘ir kechadi, uning faoliyatiga savollar juda ko‘p bo‘ldi. Masalan, dunyodagi eng katta davlatga qarshi urushayotgan Ukraina negadir armiyani deyarli rivojlantirmaydi, yoppasiga qurol-yarog‘ sotib olmaydi. Yetmaganiga Poroshenkoning Rossiyadagi zavodlari Donbassda urush davom etayotgan vaqtda ham ishlayveradi. Darvoqe, bilmaganlar uchun: Poroshenko dunyoga mashhur Roshen konfet zavodi asoschisi hisoblanadi. E’tibor bersangiz, Roshen so‘zi ham Poroshenko so‘zidan ajratib olingan.

Xullas, Poroshenkoning prezidentligiga savollar juda ko‘p bo‘lgani uchun 2019 yil o‘tkazilgan saylovlarda aktyor Zelenskiy konfetchi Poroshenkoni osonlik bilan mag‘lub etadi. O‘sha saylovlarda amaldagi prezident Poroshenkodan tashqari mashhur siyosatchilar Yuliya Timoshenko va Yuriy Boyko ham qatnashganiga qaramay, siyosiy debyutant Zelenskiy ikkinchi turda 74 foiz ovoz olib g‘olib bo‘ladi.

Zelenskiy g‘olib bo‘lishida o‘sha vaqtda mamlakat telekanalida efirga uzatilayotgan «Sluga naroda» seriali asosiy rol o‘ynaydi. Film Zelenskiy reytingini keskin ko‘tarib yuborgandi. Bundan tashqari Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida minglab ukrainlar ko‘z o‘ngida o‘tgan debatda Zelenskiy Poroshenkoni «yeb tashlagandi».

Endi davlatga xiyonatda ayblanishi mumkin

Ana shu Poroshenkoga nisbatan bugun Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan sanksiya e’lon qilindi. Poroshenkodan tashqari Konstantin Jyevago va «Privatbank» sobiq xo‘jayini Gennadiy Bogolyubov ham kengash «qora ro‘yxati»ga tushgan. Zelenskiy 13 fevral kuni bu qarorni tasdiqladi.

Shuningdek, Putinning Ukrainadagi odami, urush boshida «Azov» batalyoni komandirlariga almashilgan Viktor Medvedchuk va Ukrainaning eng boy odamlaridan bo‘lmish Viktor Kolomoyskiy ham sanksiyaga uchragan. Medvedchuk hozir Rossiyada, Kolomoyskiy esa Ukraina Xavfsizlik xizmati tomonidan 2023 yilda hibsga olingan.

Ro‘yxatdagi Viktor Medvedchuk va Petro Poroshenko davlatga xiyonatda gumonlanmoqda. Medvedchuk-ku tushunarli, u Ukrainada Rossiya manfaatlari uchun xizmat qilganini hamma biladi. Bunday bo‘lmasa, Moskva Ukraina fuqarosi bo‘lgan Medvedchukni Rossiya fashistlar deb e’lon qilgan batalyon liderlariga almashmagan bo‘lardi. Poroshenko esa o‘sha eski ish – Donbassdagi Rossiya ta’siridagi guruhlardan ko‘mir sotib olishda ayblanmoqda. Bu ish Zelenskiy prezident bo‘lganidan ko‘p o‘tmay qo‘zg‘atilgandi.

Sanksiyaga tushganlarning Ukrainada olingan mukofotlari bekor qilinadi, avtivlari bloklanadi, ular savdo operatsiyalari amalga oshira olmaydi, Ukrainadan chiqolmaydi va mamlakat ichida yashash manzilini o‘zgartira olmaydi.

Poroshenko o‘ziga nisbatan ayblovlarni siyosiy deb atadi va barchasining buyurtmachisi prezident Zelenskiy ekanini aytdi.

Putin nima degandi?

Poroshenkoga nisbatan sanksiya qo‘llangach, tarmoqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin unga siyosiy boshpana berishga tayyorligini aytgan video tarqaldi. Bu feyk emas, lekin shu kunlarda aytilgan gap ham emas. Putin bu gapni 2022 yil 7 fevral kuni, ya’ni Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan ikki hafta avval aytgan.

Esingizda bo‘lsa, Putin Kremlda Makronni qabul qilgan va ular o‘sha mashhur uzun stolning ikki tomonidan turib 6 soat suhbatlashgandi. O‘sha uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin shunday degan: «Hozir Poroshenkoni davlatga xiyonatda ayblashmoqchi. Axir men hali navbat keladi deganda hazillashmagandim. Bunday holatda biz Poroshenkoga siyosiy boshpana berishga tayyormiz. Lekin uning siyosati bizga yoqqani uchun emas, odamiylik qilib», degandi Putin. Poroshenko Rossiya prezidentiga Ukraina o‘z muammolarini mustaqil hal qilishini aytib javob bergandi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid