Korporativ shartnomaning huquqiy maqomi belgilandi
Prezident tomonidan «Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.
Hujjat bilan qonun hujjatlariga kuyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:
- unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat shakllarini tugatish;
- yuridik shaxslarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish va tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish orqali qayta tashkil etishda korxonalarning huquq va majburiyatlari topshirish hujjatida aks ettirilgan yoki aks ettirilmaganligidan qat’i nazar qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsga o‘tkazilishi;
- korporativ shartnoma, konsorsium va konsorsium shartnomasi kabi institutlarning huquqiy maqomini belgilash;
- MChJ ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi talabni bekor qilish;
- xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining aksiyalar, korporativ obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorlarini huquqiy hujjatlarga muvofiq muhim fakt sifatida oshkor etish;
- ILMA (Istiqbolli loyihalar milliy agentligi) tomonidan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya berilganligiga taalluqli axborotni e’lon qilish.
Xo‘jalik jamiyatining ishtirokchilari yoki ayrim ishtirokchilari o‘z a’zolik huquqlarini amalga oshirish to‘g‘risida o‘zaro korporativ shartnoma tuzishga haqli. Shartnomaga muvofiq mazkur xo‘jalik jamiyatining ishtirokchilari o‘z a’zolik huquqlarini amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan o‘zini tiyish (voz kechish), shu jumladan:
- jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida ovoz berish;
- jamiyatni boshqarish bo‘yicha harakatlarni kelishib amalga oshirish;
- o‘z ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (aksiyalarini) ma’lum narxda yoki muayyan holatlar yuzaga kelganda qo‘lga kiritish yoki boshqa shaxsga berish yoxud qo‘lga kiritishdan yoki boshqa shaxsga berishdan o‘zini tiyish majburiyatini oladi.
Korporativ shartnomaga jamiyat ishtirokchilari jamiyat organlarining ko‘rsatmalariga muvofiq ovoz berishi to‘g‘risidagi va jamiyat organlarining tuzilishini hamda ularning vakolatlarini belgilash haqidagi shartlar kiritilishi mumkin emas.
Korporativ shartnoma taraflari xo‘jalik jamiyatini korporativ shartnoma tuzilganligi to‘g‘risida shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran 15 kundan kechiktirmay yozma shaklda xabardor qilishi shart, bunda uning mazmunini oshkor etish talab qilinmaydi.
Shuningdek, konsorsium shartnomasining xususiyatlari belgilanmoqda. Bunday shartnomaga asosan tashkil etilgan yuridik shaxslar birlashmasi alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmaydi.
Konsorsium shartnomasi sheriklari (ishtirokchilari) o‘zining mustaqil xo‘jalik faoliyatini saqlab qolgan holda boshqa konsorsiumlarning faoliyatida ishtirok etishi mumkin.
Konsorsium shartnomasi sheriklari (ishtirokchilari) o‘rtasidagi munosabatlar yozma shaklda tuziladigan konsorsium shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Konsorsium shartnomasi sheriklariga (ishtirokchilariga) tovar bozoridagi narxlarni sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish, shu jumladan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid bo‘lgan harakatlarni kelishib olish taqiqlanadi.
Konsorsium shartnomasiga asosan tashkil etilgan yuridik shaxslar birlashmasi konsorsium shartnomasida belgilangan tijorat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan kelishilgan ishlar yakuniga yetkazilganda yoki uning sheriklari (ishtirokchilari) qaroriga asosan o‘z faoliyatini tugatadi.
O‘zgartirishlar va qo‘shimchalar Fuqarolik, Uy-joy, Yer va Havo kodekslariga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilmoqda.
Mavzuga oid

11:29 / 26.02.2025
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida fuqarolar kelib-ketishi to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritildi

13:33 / 15.01.2025
Elektron mehnat shartnomalarini tuzish tartibi tasdiqlandi

13:32 / 19.12.2024
Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi mavjud bo‘lmagan korxona bilan shartnoma tuzgan

16:12 / 08.10.2024