ZTY ishi: 203 kishini chuv tushirganlar uzoq muddatga qamaldi
Xitoydan turli rusumdagi elektromobillarni olib kelish, sotish va quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi bir nechta MChJ mansabdorlari 200 dollar haq evaziga yuzlab odamlarning nomiga kredit chiqarib, milliardlab summani o‘zlashtirgan. Yetkazilgan zarar miqdori 62 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Jinoyat ishi doirasida 6 kishi uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ko‘plab odamlarni ularning nomiga kredit olib, chuv tushirgan avtosalonchilarga sud hukm o‘qildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Jinoyat ishi doirasida 6 kishi – Zohid Tog‘ayev, “Green-Waatt” va “Quwwatt Motors” MChJlar ta’sischisi Nozimjon Aslonov, “Green-Waatt” MChJ rahbari Obidxon To‘rayev, “Ev Sky” MChJ rahbari Dilshod Eshonqulov, bir nechta MChJlar ta’sischisi Vahobjon Muharamxo‘jayev, shuningdek, Sherbek Ozodbekov ayblangan. Uyushgan guruhga Zohid Tog‘ayev rahbarlik qilgan.
Mazkur shaxslar turli jozibali reklamalarga kuch berib, hech qayerda ishlamaydigan, tayinli daromadi yo‘q fuqarolarni birgalikda daromad olishga qiziqtirilgan. Ya’ni fuqarolarga 100-500 AQSh dollaridan pul berib, ularning nomiga bankdan avtomobil uchun katta miqdorda, 200-300 mln so‘mlik kredit chiqargan. Kreditdan chiqqan pullar sxema tepasida turganlar qo‘liga o‘tgan. Odamlar esa kredit kompaniya tomonidan to‘lab borilishiga, 2 oy ichida Xitoydan avtomashina olib kelinib, qayta sotilishi va tushgan mablag‘ hisobiga kredit to‘liq yopilishiga ishontirilgan.
Shu tariqa 203 kishi aldangan. Yetkazilgan umumiy zarar miqdori 62 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Sud hukmi bilan Zohid Tog‘ayev va Dilshod Eshonqulovga 9 yildan, Obidxon To‘rayev va Vahobjon Muharamxo‘jayevga 8,5 yildan, Nozimjon Aslonovga 8 yil 1 oy, Sherbek Ozodbekovga 2 yil muddatga davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ularning barchasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari (juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab firibgarlik sodir etish), 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan aybli deb topilgan.
Bundan tashqari, yetkazilgan zararni undirish uchun Tog‘ayev, Eshonqulov, To‘rayev, Aslonov hamda Muharamxo‘jayevdan Asia Alliance bank foydasiga 14 mlrd 448 mln so‘m, Ziraat Bank Uzbekistan foydasiga 957 mln so‘m, Turonbank foydasiga 22 mlrd 216 mln so‘m, O‘zmilliybank foydasiga 10 mlrd 413 mln so‘m (barcha sudlanuvchilardan ushbu bank foydasiga yana 1 mlrd 429 mln so‘m), Ipak yo‘li banki foydasiga 7 mlrd 279 mln so‘m, Aloqabank foydasiga 2 mlrd 366 mln so‘m, Hamkorbank foydasiga 540 mln so‘m, shuningdek, bir nechta jabrlanuvchiga turli miqdordagi pul mablag‘lari solidar tartibda undirilishi belgilangan.
Oldinroq “Umid avto” va “Bilol’s electric motors” MChJ rahbarlari qamoqqa olingani, ular juda ko‘p miqdordagi firibgarlikda gumonlanayotgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid

19:00 / 13.03.2025
Firibgarlar odamlarni aldash uchun sun’iy intellektni qanday qo‘llashadi?

11:16 / 02.03.2025
Uchta hududda imtiyozli kredit olib berishini aytib odamlarning pullarini o‘zlashtirgan shaxslar ushlandi

18:44 / 24.02.2025
Samarqandda internet firibgarlarining asosiy qurbonlari yoshlar bo‘lmoqda

18:41 / 22.02.2025