Panama Trampning tahdidlari ustidan BMTga murojaat qildi
Panama elchisi BMT bosh kotibidan AQSh prezidenti Donald Trampning Panama kanali ustidan nazoratni qaytarib olish to‘g‘risidagi rejalariga e’tibor qaratishni so‘radi.

Foto: AFP
Panamaning BMTdagi elchisi Eloy Alfaro de Alba tashkilot bosh kotibi Antoniu Gutterishga maktub yo‘llab, AQSh prezidenti Donald Trampning Panama kanali ustidan nazoratni qaytarib olish to‘g‘risidagi rejalariga e’tibor qaratishni so‘radi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Alba o‘z maktubida BMT nizomiga ko‘ra, mamlakatlar «xalqaro munosabatlarida har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan tiyilishlari kerak»ligini ta’kidladi.
Maktub BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosiga tarqatilgan.
Dekabr oxirlarida Tramp AQSh Panama kanali ustidan nazoratni qaytarib olishi mumkinligini ma’lum qilgandi (kanal 1999 yilda Qo‘shma Shtatlar tomonidan Panamaga topshirilgan). AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Panama kanaldan foydalanish bo‘yicha haddan tashqari yuqori tariflarni o‘rnatgan, Xitoy bo‘lsa uning faoliyati rejimiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Tramp kanal «begonalar qo‘liga» tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.
20 yanvar kuni Tramp o‘zining inauguratsiya nutqida Panama kanalining topshirilishini «ahmoqona sovg‘a» deb atagan. Uning fikricha, Panama kanalini Xitoy «boshqarmoqda».
Panama kanali — uzunligi 81,6 kilometr, eni 51 metrdan iborat. Panama kanali Amerika qit’asining eng janubiy mamlakati Panamada joylashgan bo‘lib, Atlantika okeani (Karib dengizi) orqali Tinch okeani bilan bog‘lab turadi. Dunyodagi dengiz savdolarining 2,5 foizi uning hisobiga to‘g‘ri keladi — har yili kanal orqali 14 mingtagacha kema harakatlanadi. Panama kanali AQShga Osiyodan avtomobillar va boshqa tijoriy tovarlar importida, shuningdek, Amerika tovarlari, jumladan, tabiiy gaz eksportida muhim ahamiyatga ega. Reutersʼga ko‘ra, Xitoy kanalni nazorat qilmaydi va boshqarmaydi, ammo Honkongdagi CK Hutchison Holdings’ning shu’ba kompaniyasi kanal suvlarida joylashgan ikkita portni boshqaradi.
Mavzuga oid

21:48 / 14.03.2025
Siyosat va futbol: to‘p yana Trampda

20:18 / 14.03.2025
Tramp: «Putin bilan juda yaxshi va samarali muzokara o‘tkazdik»

19:08 / 14.03.2025
AQSh senatorlari Trampning Tesla tadbiridagi ishtirokini tekshirishga chaqirmoqda

18:03 / 14.03.2025