100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?

Iqtisodiyot 11:07 11779

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pgina mamlakatlar «eski» yuz dollarlik banknotlarni qabul qilishni bosqichma-bosqich to‘xtatayotgani haqidagi xabarlar ko‘paydi. O‘zbekiston misolida olsak, bu ma’lumotni Markaziy bank inkor etdi. Regulyatorga ko‘ra, mamlakatdagi hisob-kitoblarda eski namunadagi 100 dollarlik nominalidagi banknotlarning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarmagan.

Ammo, odamlar orasidagi qo‘rquv va xavotir tarqalgani yo‘q. Tijorat banklariga borgan mijozlarning aksariyati bunday kupyuralarni qabul qilishni xohlamayapti. Maishiy texnika, elektronika, telefon sotadigan do‘kondorlar (O‘zbekistonda bu tarmoqlarda aksariyat mahsulotlar dollarda narxlangani bois valuta bilan savdo qilish odatiy holga aylangan) ham eski dollarni qabul qilishdan bosh tortishyapti. Xo‘sh, o‘zi nima gap?

Turkiyada tarqalgan qalbaki dollarlar

2024 yilning noyabr oyi oxirida Turkiyada qalbaki dollarlar tarqalgani yuzasidan tergov boshlandi. Bunga mamlakatga 600 million dollarlik qalbaki banknotlar kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani asos sifatida keltirilgan. Natijada ayirboshlash shoxobchalari va banklar eski namunadagi 50 va 100 dollarlik kupyuralar bilan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatdi.

Mutaxassislarning aytishicha, Turkiyaga qalbaki dollarlarning asosiy qismi Suriya, Eron va Bolqon hududlaridan olib kelingan. Qalbaki valuta bilan bog‘liq birinchi operatsiya Suriya bilan chegaradosh Gaziantep shahrida amalga oshirilgan. Qalbaki dollarlar Antaliya, Izmir, Istanbul, Anqara kabi turistik shaharlarda ham aniqlangan.

MOdagi vaziyat

Dekabr oyining o‘rtalariga kelib qozog‘istonliklar banklarda eski namunadagi dollar kupyuralari komissiya evaziga qabul qilina boshlagani yuzasidan e’tiroz bildira boshlashdi.

Qirg‘izistonda ham “oq” dollar bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar yuzaga kelgan. Ta’kidlanishicha, mijozlar banklardan bu turdagi eski banknotlarni olishdan bosh tortayotgani tufayli kassalarda katta miqdorda eski dollar to‘planib qolgan.

Ushbu voqealar fonida O‘zbekistonda ham 1996 yil va undan oldin emissiya qilingan dollar ayrim banklar tomonidan shikastlangan banknot sifatida tavsiflanib, ularni qabul qilishda qo‘shimcha komissiya undirilishi oydinlashdi.

Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, shikastlangan yoki muomalaga yaroqsiz banknotalarni xorijiy emitent banklarda almashtirish jarayonida bank transport xarajatlari, korrespondent bank yoki xorijiy bankning komissiyasini qoplash majburiyatiga ega. Shu sababdan komissiya olinadi va uning miqdorini har bir bank mustaqil belgilaydi.

Eski dollarning aniq amal qilish muddati bormi?

RBKning yozishicha, yangi va eski namunadagi banknotlar o‘rtasida hech qanday farq yo‘q va ularning amal qilish muddati ko‘rsatilmagan. Amerika qonunlariga ko‘ra, 1914 yildan beri chiqarilgan barcha federal zaxira kupyuralari teng qiymatga ega. Eski pullar yaroqsiz holatga kelgan taqdirda ham, ularni AQSh banklari yoki FZT orqali yangisiga almashtirish mumkin.

AQSh dollari dunyodagi eng keng qo‘llanadigan valuta hisoblangani uchun ham muntazam ravishda yangilanib, boshqacha dizayn va xavfsizlik elementlari bilan boyitiladi. Bu – valutani soxtalashtirishga qarshi kurashning bir ko‘rinishidir.

Masalan, eng ko‘p ishlatiladigan 100 dollarlik banknot 1862 yilda birinchi marta muomalaga chiqarilgan va bir necha marta yangilangan. Xususan, 1996 yildan 2006 yilgacha “oq” dollar, 2004 yildan boshlab esa “ko‘k” dollar chiqa boshlagan. Banknotning so‘nggi dizayni 2013 yilda tasdiqlangan bo‘lib, eski namunadagilaridan himoya ipchasi, siyohdon tasviri va bo‘rtma naqsh kiritilgani bilan ajralib turadi.

Eski namunadagi dollardan foydalanish rasman taqiqlangan mamlakatlar bormi?

Qonun bilan rasman taqiqlanmagan bo‘lsa-da, sayohatchilar ayrim mamlakatlardagi do‘konlar va ayirboshlash shoxobchalarida eski dizayndagi Amerika valutasini qabul qilmaslik holatlariga duch kelganini qayd etgan.

Xususan, turistik davlatlar hisoblanuvchi Turkiya, Marokash, Tailand, Yaponiya, Vetnam, Seyshel orollari, Misr, Shri-Lanka, JAR, Pokiston, Keniya, Hindiston, Tanzaniya kabi davlatlarda shu kabi holatlar kuzatilgan.

Bu “oq” banknotlarni soxtalashtirish nisbatan osonligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sababdan ham sayohatga ketayotganlardan imkon qadar yangi dizayndagi “ko‘k” kupyuralarni olib yurish tavsiya etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: