FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi 2024 yilni 58-o‘rinda yakunladi

Sport 17:59 / 20.12.2024 2389

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi noyabr oyida Qatar (2:3) va KXDR (1:0) bilan uchrashuvlardagi bir mag‘lubiyat va g‘alaba bilan yilni reytingda 58-o‘rinda yakunlaydigan bo‘ldi.

Qayd etish joiz, 58-o‘rin milliy jamoamizning so‘nggi 8 yillikdagi eng yaxshi natija sanaladi. Bungacha «Oq bo‘rilar» Samvel Babayan murabbiyligida 2016 yilda FIFA reytingida 48-o‘rinni qayd etgandi.

Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanets shogirdlari 2023 yilni 68-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, Qatarda o‘tgan Osiyo kubogidan keyin 66-o‘ringa ko‘tarilgandi. Mart oyidagi FIFA kunlari doirasida Hongkongga qarshi JCh-2026 2-saralash bosqichidagi g‘alabalardan keyin (2:0, 3:0) O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqichi va Osiyo kubogi-2027ga yo‘llanmasiga ega chiqib, reytingda 64-o‘ringa yuqorilagandi. JCh-2026 2-saralashi doirasidagi Turkmaniston (3:1) va Eron (0:0) bilan o‘yinlardan keyin vakillarimiz yana ikki pog‘ona yuqorilab, 62-o‘rindan joy olgan, iyul oyida e’lon qilingan reytingda esa 61-o‘rin, sentabrda yana bir pog‘ona yuqorilagandi.

FIFA reytingida Argentina milliy jamoasi 1-o‘rinda bormoqda, Fransiya 2-o‘rinda qoldi. Yevropa chempioni Ispaniya 3-pog‘onada qoldi. Angliya 4-o‘rin, Braziliya 5, Portugaliya 6-pog‘onada. Niderlandiya (7), Belgiya (8),  Italiya (9) va Germaniya o‘nlikdan joy olgan.

Osiyo jamoalari top-10lik orasida esa vakillarimiz 7-o‘rinda qolgan. Yaponiya qit’ada peshqadam sanaladi – 15-o‘rin, Eron (18) va Janubiy Koreya (23) uchlikda. Avstraliya (26), Qatar (48), Iroq (56), O‘zbekiston (58), Saudiya Arabistoni (59), BAA (63) va Iordaniya (64) o‘nlikka kirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasining FIFA reytingidagi eng yaxshi natijasi – 45-o‘rin bo‘lib, vakillarimiz 2006-2007 yillarda ushbu o‘rinda qayd etilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: