Angliya: «MYu»da dahshatli kambek
«Manchester Siti» — «Manchester Yunayted» 1:2
Gollar: Gvardiol (37) — Fernandesh (88, penalti), Diallo (90).
«Manchester Siti» – Ederson, Nunesh, Gvardiol, Diash, Uoker, Gundo‘g‘an (Savio, 89), Doku (Grilish, 77), Foden, de Bryuyne (Kovachich, 68), Silva, Holand.
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, Maguayr, de Ligt (Yoro, 79), Dalot, Ugarte, Fernandesh, Mazraui (Antoni, 78), Maunt (Maynu, 14), Hoylund (Zirkze, 78), Diallo (Lindelyof, 90+1).
Ogohlantirishlar: Uoker (40), Hoylund (40).
Ikki jamoa murabbiyi noyabr oyida Chempionlar ligasida ham uchrashgandi va o‘shanda Amorim boshqaruvidagi «Sporting» kutilmaganda «shaharliklar»ni yirik hisobda tor-mor etgandi (4:1). Pep uchun bu o‘yinda nafaqat «Siti»ning muammolarini hal qilish, balki o‘ziga xos qasd olish vazifasi ham bor edi.
Jamoalarning tarkiblarida kichik syurprizlar bor edi. Ederson so‘nggi vaqtlarda ishonchli o‘yin ko‘rsatmayotganiga qaramay, Gvardiola aynan uni boshlang‘ich tarkibda tushirdi. Foden maydon markazidan, Nunes chap qanot himoyasidan joy egalladi va jamoa hujumga o‘tganida ba’zida hujumchi ortida harakat qildi.
Amorim esa Reshford va Garnachoni jazolab, ularni hatto o‘yin qaydnomasiga ham kiritmadi. Shu bilan birga, ularning salomatligida muammolar yo‘q edi. Ularga intizomiy chora ko‘rilgan: angliyalik hujumchi so‘nggi vaqtlarda ko‘proq vaqtini futbolga emas, ko‘ngilxushlik qilish uchun ajratmoqda, argentinalik esa jamoaning tarkibi bo‘yicha ma’lumotlarni «sizdirish»da gumonlanmoqda.
O‘yinning ilk qismi kutilganidek «Siti» nazoratida kechdi, lekin yaqqol vaziyatlar yaratilmadi. 14-daqiqada esa mehmonlar Mauntni yo‘qotdi: Meyson kutilmaganda gazonga o‘tirib oldi va almashtirishni so‘radi, uning o‘rnini Maynu egalladi.
O‘yindagi darvoza tomon ilk zarba 21-daqiqada yo‘llandi, ammo Fodenning yerlatib yaqin burchakka yo‘llagan zarbasi to‘rga kirmadi. Umuman olganda, Fil birinchi bo‘limdagi eng faol futbolchi bo‘ldi va tez-tez zarba berish pozitsiyasiga chiqib bordi. Ko‘p o‘tmay «MYu» xavfli epizod bilan javob qaytardi, Diallo o‘ng qanotdan jarima maydoniga yorib kirib, Ederson bilan yuzma-yuz holatda paydo bo‘ldi. Ammo, birinchidan, Amad xato zarba berdi. Ikkinchidan, «Siti» himoyachilari ofsayd chizig‘ini to‘g‘ri ushlab, ivuarlik futbolchini qopqonga tushirishdi.
36-daqiqada esa burchak zarbasi ijro etilganida hisob ochildi. De Bryuyne Gundo‘g‘an bilan pas o‘ynab, keyin to‘pni jarima maydoni markaziga oshirib berdi. Gvardiol Dalot bilan ikkinchi qavatdagi duelda yutib chiqib, boshda aniq zarba yo‘lladi. «Yunayted» so‘nggi to‘rt golini standart vaziyatda o‘tkazgan.
Va darhol maydonda kichik to‘qnashuv yuzaga keldi va darvozabonlar ham yugurib kelishdi. Uoker Hoylundga qo‘pollik ishlatganidan keyin uning e’tiroziga javoban o‘zi maydonga yiqilib oldi. Yakunda ikkisiga ham sariq kartochka ko‘rsatildi.
Tanaffusdan keyin «MYu» tetikroq o‘ynay boshladi. Amorim birorta almashtirish qilmadi, ammo futbolchilar tezroq yugurishdi va darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbasini ham yo‘lladi: Fernandesh Dialloga uzatma berdi, ammo 173 santimetrlik ivuarlikning bosh bilan yo‘llagan zarbasidan keyin Ederson bor mahoratini ishga solib, jamoasini goldan qutqardi.
«Siti» to‘pga egalik qilish bo‘yicha nazoratni ham boy berdi. 70-daqiqaga kelib «qizil iblislar» bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham oldinga chiqib olishgandi — 33 ga qarshi 67 foiz. Lekin vaziyatlar bo‘lsa-da, bu ustunlik golga aylanmadi. Masalan, Brunu Hoylundning uzatmasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, vaziyatdan foydalana olmadi.
Va barchasi mezbonlarning minimal g‘alabasiga qarab ketayotganida, Nunes keraksiz joyda hal qiluvchi xatoga yo‘l qo‘ydi. 87-daqiqada portugaliyalik vinger avvaliga ortga juda yomon pas berdi va xatosini tuzatishga urinib, jarima maydoni ichida Dialloni yiqitdi.
Entoni Teylor darhol 11 metrlik jarima nuqtasini ko‘rsatdi, Fernandesh esa nuqtadan ishonchli zarba yo‘lladi. Gvardiola yana boshini changallab qoldi, ammo bu hali hammasi emasdi. Ikki daqiqa o‘tib tinib-tinchimas Diallo Ederson bilan yana bir bor yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketib, uni aldab o‘tdi va to‘pni bo‘sh darvoza tomon yumalatib yubordi. Qandaydir fantastik ssenariyda barchasi ostin-ustun bo‘lib ketdi.
2:1 — «MYu» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani «Siti»dan yulqib oldi. Amorim esa nafaqat «Yunayted» bosh murabbiyi sifatidagi ilk Manchester derbisida g‘alaba qozondi (ser Aleks ketganidan keyin buni uddalagan ilk mutaxassis), balki yana bir bor Pepni dog‘da qoldirdi. Manchesterning havorang qismi motamga cho‘mgan, qizil tomoni esa bayram qilmoqda. Gvardiola hozir havas qilib bo‘lmaydigan ahvolda. Barcha turnirlar doirasidagi oxirgi 11 o‘yinda faqat bir g‘alabaga erishgan «shaharliklar» kuchli to‘rtlikni tark etdi. Keyingi tur «Aston Villa»ga qarshi safarda kechadi.
«Chelsi» — «Brentford» 2:1
Gollar: Kukurelya (43), Jyekson (80) — Mbeumo (90).
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya, Koluill, Adarabioyo, Gyusto, Fernandes, Kaysedo, Sancho, Palmer, Madueke, Jyekson (Nkunku, 83).
«Brentford» – Flekken, Kollinz, Pinnok, van den Berg, Lyuis-Potter (Megoma, 86), Damsgor (Yanelt, 63), Nyorgor, Yarmolyuk (Karvalyu, 75), Roerslev (Ayyer, 76), Vissa (Shade, 76), Mbeumo.
Ogohlantirishlar: Kukurelya (90+5), Yanelt (90+7), Shade (90+8).
Chetlatish: Kukurelya (90+8).
«Chelsi» turni APLning eng sermahsul jamoasi (35 gol) sifatida boshladi. «Brentford» bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Liverpul» bilan uchinchi o‘rinni bo‘lishib turgandi (31). O‘zaro o‘yinda Enso Mareska shogirdlari to‘pga egalik qilish bo‘yicha to‘liq ustunlikka erishdi (75 foiz) va ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Ammo faqat bo‘lim oxiriga boribgina Madueke jarima maydoniga kirib borgan himoyachi Kukurelyani golli pas bilan ta’minladi.
Ikkinchi bo‘lim ancha jonliroq kechdi, hisobda ortda borayotgan «Brentford» faollashishga majbur bo‘ldi. Avvaliga mezbonlar darvozaboni Sanches Nergorning havodagi to‘pni to‘xtatmay yo‘llagan zarbasidan keyin seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi, Fabiu Karvalyuning zarbasi esa to‘singa tegdi. «Chelsi» hujumlarga bardosh berdi va yakunda o‘z imkoniyatiga ega bo‘ldi. Birinchi bo‘limda o‘ta qulay pozitsiyadan to‘g‘ri zarba berolmagan Jyekson Enso Fernandesning uzatmasidan keyin oldinga bordi va APLdagi 50-golini nishonladi. Mbemoning javob goli esa juda kech urildi. Qatorasiga beshinchi o‘yinda g‘alabaga erishgan Enso Mareska jamoasi «Arsenal»ni to‘rt ochkoga ortda qoldirib, «Liverpul»ga ikki ochkolik masofada yaqinlashib oldi.
«Sauthempton» — «Tottenhem» 0:5
Gollar: Meddison (1, 45+4), Son (12), Kulusevski (14), Sarr (25).
«Sauthempton» – Makkarti, Menning (Sugavara, 62), Bednarek, Harvud-Bellis, Uoker-Piters, Fernandesh, Dauns, Aribo, Dibling, Sulemana (Vud-Gordon, 15), Armstrong (Archer, 82).
«Tottenhem» – Forster, Udoji (Porro, 28), Dregushin, Grey, Spens (Dorrington, 77), Bergvall, Sarr, Son (Jonson, 46), Meddison (Verner, 77), Kulusevski, Solanke (Lenkshir, 82).
Ogohlantirishlar: Bergvall (30), Fernandesh (36), Meddison (50), Jonson (58).
«Tottenhem» barcha turnirlar doirasida qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozona olmagandi — «Manchester Siti» maydonidagi 4:0 hisobidagi g‘alabadan keyin jamoada noxush seriya yuzaga keldi. Ammo «shporlar» qachondir o‘ziga kelishi tayin edi va bu «Sautghempton»ga qarshi o‘yinda ro‘y berdi. Londonliklar 36-soniyadayoq hisobni ochishdi, ilk bor APL o‘yinida boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan Spens Meddisonga assistentlik qildi. 14-daqiqaga kelib esa Son Hyon Min va Kulushevskining sa’y-harakatlari bilan hisob 3:0 ko‘rinishiga keldi. Oxirgi bor bunday qisqa oraliqda 2011 yil fevralida «Arsenal» «Nyukasl» bilan o‘yinda, o‘n daqiqa ichida hisobni yirik ko‘rinishga keltira olgandi.
Tanaffusgacha hisob 5:0 ko‘rinishini oldi, bunaqasi «Tottenhem» tarixida hech qachon bo‘lmagan. «Avliyolar» jamoasi muxlislari 2019 yilni yodga olishdi, o‘shanda ular «Lester»ga qarshi o‘yinda ham birinchi bo‘lim yakunida shunday holatga tushib qolishgandi. «Tulkilar» o‘shanda raqibni ayamagan va 9:0 hisobida g‘alaba qozongandi, ammo Angelos Postekoglu jamoasi u qadar qonga tashna bo‘lib chiqmadi. Bir bo‘lim o‘ynagan Son Xyon Min ikkita ajoyib natija qayd etishga ulgurdi. Birinchidan, koreyalik hujumchi Angliya chempionatida yuz o‘yinda gol urgan yigirma futbolchidan biriga aylandi. Ikkinchidan, londonliklar klubi sardori Darren Anderton bilan birgalikda Angliya chempionatidagi golli uzatmalar (68 tadan) soni bo‘yicha klub rekordini bo‘lishib turibdi. «Sauthempton» esa bu natijadan keyin bosh murabbiy Rassel Martinning javobini berdi.
Ispaniya: «Atletiko» «Barsa»ga yetib oldi
«Atletiko» — «Xetafe» 1:0
Gol: Syorlot (69).
«Atletiko» – Oblak, Galan, Langle, Ximenes, Lorente (Molina, 56), Lino (Syorlot, 46), Barrios (Le Norman, 86), De Paul, Simeone (Korrea, 55), Alvares, Grizmann (Koke, 63).
«Xetafe» – Soriya, Iglesias, Alderete (Berrokal, 77), Duarte, Nom, da Kosta (Yildirim, 77), Milya, Santiyago (Sola, 56), Jyene, Keyta (Uche, 55), Rodriges (Peter Federiko, 77).
Ogohlantirishlar: Iglesias (69), Korrea (72), De Paul (90), Koke (90+2).
«Atletiko» «Xetafe» bilan o‘yinda ham zaxira kuchlarni maydonga tashlash orqali natijaga erishdi. Diyego Simeone bu mavsumda ikkinchi bo‘limlar natijasi alohida olingan taqdirda 40 ochko to‘plagan va bu borada ligada yaqqol yetakchi. Bu o‘yinda ham ikkinchi bo‘lim davomida tushirilgan Molina o‘ng qanotdan uzatma berdi, tanaffusdan keyinoq Linoning o‘rniga harakatlangan Syorlot bosh bilan aniq zarba berdi. Jamoa barcha turnirlar doirasida qatorasiga o‘n birinchi g‘alabasini nishonladi «Atletiko» «Real»ni ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi va to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «Barselona» bilan tenglashib oldi. Keyingi turda «matraschilar» kataloniyaliklar bilan turnir jadvaligi peshqadamligi uchun jangga tushishadi.
«Barselona» — «Leganes» 0:1
Gol: Serxio Gonsales (4)
«Barselona» – Penya, Balde, Martines, Erik Garsiya (Kubarsi, 74), Kunde, Pedri, Kasado (Viktor, 80), Rafinya, Olmo (Lopes, 66), Yamal (Gavi, 75), Levandovski (Ferran Torres, 66).
«Leganes» – Dmitrovich, Xavi, Altimira, Tapiya (Brashanats, 45+2), Saens, Serxio Gonsales, Oskar Rodriges, Sisse (Raba, 82), Neu, Munir (Nastasich, 58), de la Fuente (Diyego Garsiya, 58).
Ogohlantirishlar: Sisse (74), Xavi (90+5).
Xansi Flik «Barselona»ga kelganidan buyon o‘rtacha yosh bo‘yicha eng katta tarkibini (25 yoshu 40 kun) maydonga tashladi. Bu ko‘p jihatdan yosh himoyachi Kubarsiga mavsum boshidan buyon ilk bor dam berilgani tufayli bo‘ldi. U yo‘qligida esa mudofaadagi muammolar yaqqol yuzaga chiqdi. Birinchi xatodan keyin Penya qutqarib qolgan bo‘lsa, «Leganes» ishlagan burchak to‘pi Serxio Gonsalesning goli bilan yakunlandi.
Mezbonlarning o‘zi esa hech qanaqasiga gol urolmadi. Aniqrog‘i, Dmitrovich bunga yo‘l qo‘ymadi, u avvaliga Rafinyaning kuchli zarbasidan keyin to‘pni to‘singa yo‘naltirdi, Levandovski jarima maydoni markazidan turib tepgan to‘pni ham to‘sdi. O‘yin arafasida tribunaga yig‘ilganlarga Golden Boy sovrinini namoyish etgan Yamalning zarbasi esa to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
Bularning bari birinchi bo‘limning o‘zida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi bo‘limdagi eng yaqqol vaziyatni Kunde yo‘qqa chiqardi va yakunda jamoa yana bir bor autsayderga yutqazdi (15-turda «Las Palmas»ga ham 1:2 hisobida boy berilgandi). Qolaversa, «Barselona» 1998 yildan buyon ilk bor chempionat peshqadami bo‘lib turgan holda segundadan chiqib kelgan jamoaga mag‘lub bo‘lgandi. O‘shanda «Salamanki» bilan qayd etilgan 1:4 hisobi ancha og‘riqli qabul qilingandi, ammo mohiyatan yakshanba kungi 0:1 hisobi ham bundan kam emas. So‘nggi to‘rt turda uch bor ochko yo‘qotgan (ikki mag‘lubiyat va bir durang) ko‘k-anorranglilar keyingi haftayoq peshqadamlikni boy berishi mumkin.
Italiya: «Fiorentina»ni sobiq murabbiyi to‘xtatdi
«Bolonya» — «Fiorentina» 1:0
Gol: Odgor (59).
«Bolonya» – Skorupski, Holm (Likoyannis, 77), Lukumi, Bekema, De Silvestri (Posh, 82), Pobega, Froyler, Dominges (Iling-Junior, 82), Odgor, Ndoyye (Fergyuson, 46), Kastro (Dallinga, 90).
«Fiorentina» – De Xea, Gozens (Parizi, 81), Raniyeri, Komutsso, Dodo, Adli, Kataldi (Richardson, 70), Beltran (Kuame, 81), Gudmundsson (Sottil, 58), Kolpani (Ikone, 70), Ken.
Ogohlantirishlar: Pobega (13), Dodo (16), Likoyannis (82), Komutsso (89).
«Fiorentina» to‘qqiz uchrashuvdan iborat g‘alabali seriya qayd etib, klub rekordini o‘rnatdi, ammo «fialkalar» Bolonyaga o‘z bosh murabbiyi Raffaele Palladinosiz tashrif buyurdi. 40 yoshli mutaxassisning onasi vafot etdi va u oilasining oldiga ketgandi. Florensiyaliklar esa Tiagu Mottasiz hayotga asta-sekinlik bilan ko‘nikayotgan jamoa maydonida yutqazdi. Vinchenso Italyano shogirdlari oktyabr oyi oxiridan buyon A seriyada sakkiz uchrashuvdan faqat bittasida yutqazdi va bittasida durang o‘ynadi. Bir yarim oy ichidagi oltinchi g‘alabani Domingesning harakatlari ta’minladi, u qanotda Gozensni ortda qoldirib, jarima maydoni markazida turgan Odgarni golli pas bilan ta’minladi. Mezbonlar vakillarining xato zarbalari va De Xeaning seyvlari jamoa uchun imkoniyat saqlab turdi, ammo maydondagi futbolchilar durangga ham erisha olmadi. Endi, dushanba kuni «Latsio» «Inter» bilan o‘yinda ochko oladigan bo‘lsa, rimliklar «Fiorentina»ni Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtlikdan chiqarib yuboradi. «Bolonya» esa bu g‘alabadan keyin oltinchi o‘rinda borayotgan «Yuventus» bilan oradagi farqni uch ochkogacha qisqartirdi, ammo jamoada bitta zaxira o‘yini ham bor.
«Milan» — «Jyenoa» 0:0
«Milan» – Menyan, Ximenes, Tiav, Gabbiya, Emerson, Fofana, Reynders, Leau, Liberali (Kamarda, 62), Chukvueze (Okafor, 76), Abraham (Morata, 46).
«Jyenoa» – Leali, Aaron Martin, Vaskes, Bani, Volyakko (Sabelli, 46), Frendrup, Badel, Miretti (Vitinya, 80), Torsbyu, Zanoli (Norton-Kaffi, 90+1), Pinamonti.
Ogohlantirishlar: Volyakko (22), Zanoli (42).
«Milana» fanatlari klub tuzilganining 125 yilligi munosabati bilan ajoyib performans hosil qilishdi, futbolchilar esa 1899 yilga oid retroformada maydonga tushishdi, Shon-sharaf zaliga esa rossonerilarning afsonalari — Filippo Indzagi, Marko van Basten va Franko Barezi kiritildi. «San-Siro» Ruda Gullit, Frank Raykard, Klarens Zeyedorf va Aleshandre Patoni iliq qarshi oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar Paolo Maldini kelmaganidan shikoyat qilishdi, ammo ko‘proq norozilik natija yuzasidan bo‘ldi. Nolli durangdan keyin jamoa turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinda qolmoqda — bu esa buyuk klubdan kutiladigan natija emas. Aftidan, endi Milanning qizil-qora qismi uchun eng yaxshi sovg‘a Paulu Fonseka ishdan bo‘shatilishi bo‘ladi.
Germaniya: Dortmund muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda
«Borussiya» D — «Hoffenhaym» 1:1
Gollar: Reyna (46) — Bruun-Larsen (90+1).
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni, Shlotterbek, Jan, Kouto (Lyurs, 86), Nmecha, Gross (Zabitser, 61), Gittens (Duranvil, 76), Reyna (Vetiyen, 76), Bayyer (Adeyyemi, 46), Girassi.
«Hoffenhaym» – Baumann, Prass, Nsoki, Chaves, Jandre, Kramarich (Henrix, 79), Samasseku (Brun Larsen, 54), Shtax (Akpoguma, 79), Bisxof (Gayger, 71), Glojyek, Morstedt (Tabakovich, 71).
Ogohlantirishlar: Jandre (21), Gross (26), Nmecha (44), Reyna (73), Gittens (76), Gayger (90+4), Adeyyemi (90+5).
So‘nggi hafta davomida «Signal Iduna Park» sehri yo‘qolib qoldi. Avvaliga Dortmundda «Bavariya» so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolib, ochko olib ketgandi, hafta o‘rtasida esa mavsumda ilk uydagi mag‘lubiyat ro‘y berdi — Chempionlar ligasida «Barselona»dan (2:3). Yaqinda murabbiyini almashtirgan «Hoffenhaym» esa yakshanba kuni ancha dadillik bilan harakat qildi. «Qishloqliklar» jamoasi birinchi bo‘limda hisobni ochish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘ldi, «asalarilar» jamoasida esa Girassi jarima maydonida aktyorlik mahoratini ishga solishi yodda qoldi. Arbitr unga ishondi, ammo VAR hakamning xatosini bekor qildi.
Tanaffusdan keyin Nuri Shahin jarohat tufayli 1 oktyabrdan buyon o‘ynamagan Adeyyemini maydonga tashladi. U chindan ham o‘yinga yangi impuls berdi, ammo o‘yinda hisob ushbu forvard ishtirokisiz ochildi. Reyna himoyachidan qaytgan to‘pni kuch bilan darvoza to‘riga joyladi. Amerikalik ushbu futbolchi ham ancha vaqt jarohatini davolagan va faqat noyabr oyi oxirida safga qaytgandi va bu uning uchun joriy mavsumdagi ilk gol bo‘ldi.
Ammo uning goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi va qo‘shimcha daqiqalarda «Borussiya» sobiq futbolchisi Brun-Larsendan gol o‘tkazib yubordi. «Hoffenhaym» tur sayin xavfli zonadan yiroqlashmoqda, «Borussiya» esa ayni vaqtda sakkizinchi o‘rinda va keyingi mavsum asosiy yevrokubokda ishtirok etishdan umid uzmoqda.
«Leypsig» — «Ayntraxt» 2:1
Gollar: Sheshko (19), Openda (51) — Braun (40).
«Leypsig» – Vandevordt, Nusa, Henrixs, Gertryuyda, Orban, Zayvald, Kampl (Bitshiabu, 90+2), Shlager (Klostermann, 67), Baumgartner, Openda (Andre Silva, 82), Sheshko.
«Ayntraxt» – Trapp, Teate, Kox, Kristensen, Uzun (Shaibi, 85), Ekitik (Matanovich, 75), Braun (Nkunku, 85), Daud (Hoylund, 52), Larsson, Knauff (Baoyya, 75), Marmush.
Ogohlantirishlar: Dahud (50), Knauff (68), Orban (70), Braun (81).
Kubokda «Leypsig» «Ayntraxt»ga imkon qoldirmagan o‘yindan (3:0) bir hafta o‘tib bundesligada o‘tkazilgan o‘yinda ham mezbonlar birinchi bo‘limdayoq hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi. Bunga «burgutlar» posboni Trapp qarshilik ko‘rsatdi va Sheshkoning goli ham — darvozabon Baumgartnerning murakkab zarbasini qaytarganida takroriy zarba berish orqali urildi. Trapp o‘z jamoadoshlariga durang uchun imkoniyat qoldirganida ular bundan foydalanishdi. Bo‘lim oxirida Uzuni tovoni bilan pas berdi, Braun esa bir teginishda to‘pni olis burchakka yo‘naltirdi. Ammo ikkinchi bo‘limda Openda baribir tarozi pallasini «Leypsig» tomon og‘dirdi, endi jamoa mag‘lub etgan raqibi bilan ochkolar soni bo‘yicha tenglashib oldi, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga to‘rtinchi o‘rinda qolmoqda.
Fransiya: Parij oldinga chiqib ketdi
«PSJ» — «Lion» 3:1
Gollar: Dembele (8), Vitinya (14, penalti), Ramush (88) — Mikautadze (40).
«PSJ» – Donnarumma, Mendesh (Lyuka Ernandes, 64), Pacho, Beraldo (Markinos, 63), Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh, Zair-Emeri, Li Kan In (Barkolya, 63), Due (Gonsalu Ramush, 83), Dembele (Fabian Ruis, 86).
«Lion» – Lukas Perri, Talyafiko, Niakate, Mata, Meytlend-Naylz, Tolisso, Matich, Veretu (Chaleta-Tsar, 83), Sherki (Benrahma, 66), Mikautadze (Lyakazett, 66), Nuama (Fofana, 66).
Ogohlantirishlar: Li Kan In (15), Donnarumma (41), Mikautadze (41), Veretu (45+2), Talyafiko (90+2).
«PSJ» prinsipial raqibga qarshi o‘yinni kuchli boshladi va tezkor ikki gol urildi. «Lion» chempionatda ilk bor penaltidan gol o‘tkazdi. Ammo mehmonlar intrigani qaytarishga urinib, bo‘lim oxirida Mikautadzening sa’y-harakatlari bilan baribir hisobni qisqartirishdi. Gurjistonlik hujumchi — rotatsiya futbolchisiga aylanib qolgan, ammo Piyer Saj uni boshlang‘ich tarkibga kiritganida, doimo ishonchni oqlamoqda. U ilk daqiqalardan o‘ynagan so‘nggi to‘rt o‘yinida besh gol urgan. Faqat yakshanba kuni «to‘quvchilar» ikkinchi bo‘limda hujum chizig‘ini to‘liq almashtirib ham boshqa gol urishmadi. O‘yin oxirida esa parijliklar jokeri Gonsalu Ramush so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Jarohatidan tuzalganidan keyin formasini tiklayotgan portugaliyalik hujumchi hafta o‘rtasida YeChL o‘yinida ham gol urgandi, endi ichki chempionatda ham. «PSJ» esa shanba kuni «Marsel» va «Monako» ochko yo‘qotganidan foydalanib, eng yaqin ta’qibchilaridan yetti ochkoga o‘zib ketdi. Lekin monegaskliklarda turnirda intrigani qaytarish uchun chorshanba kuni imkoniyat bo‘ladi, shu kuni jamoa amaldagi chempionlarni «Lui II» stadionida qabul qiladi.
Kun statistikasi
«Verona» hujumchisi Moskera Italiya chempionatining joriy mavsumida zaxiradan tushib, 4 gol urgan. U A seriyadagi eng yaxshi joker bo‘lib turibdi.
«Roma» o‘z tarixida 4-marta A seriyaning dastlabki 16 turida sakkiz bor mag‘lub bo‘ldi. Rimliklarda bunday yomon start oxirgi bor 1973 yilda kuzatilgan.
«Manchester Yunayted» burchak zarbalaridan keyin 8 gol o‘tkazdi. Bu mavsumda APLda faqat «Vulverhempton» kornerlarda bundan yomonroq harakat qilmoqda (9 gol).
Gvardiol yil boshidan buyon APL o‘yinlarida 8 gol urdi va turnirdagi eng sermahsul himoyachi bo‘lib turibdi. «Manchester Siti» futbolchisining natijasi «Arsenal»dagi Gabriel Magalyansnikidan ikkita ko‘proq.
«Fenerbahche» hujumchisi Jyeko Turkiya chempionatida 30 gol urdi. Bosniyalik futbolchi — klub rekordchisi, unga qadar hech kim bu natijaga 51 o‘yinda erisholmagandi.
«Monpele» Fransiya chempionatining o‘n besh turida 38 gol o‘tkazib yubordi. Bunday yomon mudofaa liga 1 tarixida 1978 yildan buyon kuzatilmagan, o‘shanda shu oraliqda «Nitssa» darvozasi 39 bor ishg‘ol etilgandi.