NOTTINGHeM FOReST – ASTON VILLA (14 dekabr, 22:30)
Hozircha Angliya chempionatida «Nottinghem Fores» eng asosiy kashfiyotlardan biri bo‘lib turibdi – 15 turdan keyin Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlardan birini egallab turish ayniqsa APLda juda qiyin. O‘tgan turda «Old Trafford»da g‘alaba qozongan Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari bu ishni uddalashmoqda. Albatta, turnir jadvalidagi tig‘izlikni ham inobatga olish kerak, masalan, 10-o‘rindagi «Fulhem» atigi 2 ochko jamg‘argan xolos. Birminhemliklar hisobida esa, xuddi «o‘rmonchilar» kabi 25 ochko bor.
Albatta, Emeri jamoasidan yaxshiroq natija kutishga haqli edik. Ammo xuddi o‘tgan yilgi «Nyukasl» kabi bir necha frontda kurashish «Villa»ga ham qiyinchilik tug‘diryapti. Ayniqsa, oxirgi oy jamoa uchun og‘ir keldi – «Aston Villa» barcha musobaqalarda qatorasiga sakkiz o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmadi. Faqat so‘nggi uch o‘yindagi g‘alaba jamoaning ham Angliya chempionati, ham Chempionlar Ligasi jadvalidagi holatini biroz bo‘lsa-da yaxshilab berdi. Emeri jamoasi ayni paytda Chempionlar Ligasi umumiy jadvalida 5-o‘rinda borishmoqda. Agar «Monako» va «Seltik»ka qarshi o‘yinlardan birini o‘z foydasiga hal qilsa, «Aston Villa» kuchli sakkizlikka kirishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri nimchorak finalda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin. «Manchester Siti», «Real», «PSJ», «Arsenal» kabi jamoalar ayni paytda sakkiztalikka kira olmayotgan paytda birminhemliklarning bu natijasi albatta tahsinga loyiq.
«Aston Villa» bundan keyingi o‘yinlarni «Manchester Siti», «Nyukasl» va «Brayton» kabi jamoalarga qarshi o‘tkazadi. Tabiiyki, boksing-dey oldidan yuqori o‘rinlarda qolish uchun ayniqsa, bugungi o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashi shart. O‘z navbatida «Nottinghem»ning ham taqvimi oson emas. Nunu shogirdlari keyingi o‘yinni o‘z maydonidagi o‘yinlarda deyarli yuz foizlik natija qayd etayotgan «Brentford»ga safar qilishsa, so‘ng «Tottenhem»ni qabul qilishadi.
Jarohatlarga kelsak, mezbonlar safida Danilo va Sangare sheriklariga yordam bera olishmaydi. «Aston Villa» esa Leon Beyli, hamda Remzining yordamidan foydalana olmaydi. O‘tgan mavsumda bo‘lib o‘tgan har ikki o‘yinda mezbon jamoaning qo‘li baland kelgan. 2018 yilning noyabrida esa bu ikki jamoa Chempionshipda bo‘lgan va o‘sha mavsumdagi uchrashuvda 5:5 hisobi qayd etilgandi.
ATLeTIKO – XeTAFe (15 dekabr, 18:00)
Agar turli taktik kurashlar yoki driblinglardan zerikib, maydonda haqiqiy kurash tomosha qilmoqchi bo‘lsangiz, ushbu o‘yinga «tashrif buyurishingiz» kerak bo‘ladi. Pepe Bardalas qaysidir ma’noda Diyego Simeonening izdoshi hisoblanadi va uning jamoalarini doim yengish qiyin. Agar ko‘proq yugurib, ko‘proq kurash taklif etmasangiz, osonlikcha natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning ustiga ushbu o‘yin Madrid derbisi hisoblanadi. Aynan shu stadionda o‘tgan oxirgi 5 uchrashuvning ikkitasi durang bilan yakunlanib, qolgan uch o‘yinda ham «Atletiko» faqat minimal hisobda g‘alabaga erishgani bu safar ham bizni murosasiz bahs kutib turganiga dalolat qiladi. Ayniqsa, ikki yil avvalgi derbi esingizda bo‘lsa kerak, o‘yin davomida hisobda orqada ham borgan mezbonlar g‘alaba golini so‘nggi daqiqalarda urib 4:3 hisobida ustun kelgandilar.
Asosiy e’tibor «Real» va «Barselona»ga qaratilgan bir paytda qayerdandir «Atletiko» ham chempionlik poygasiga qo‘shilgani bejiz emas. Asosiy tarkibni nomlar bo‘yicha olganda balkim Simeone ixtiyorida birinchi raqamli yulduzlar kamdir, ammo jamoaning fishkasi boshqa – «Atletiko» deyarli 2 tarkibga ega. Murabbiy ushbu futbolchilar bilan bemalol rotatsiya qilishi yoki ertaroq almashtirishlar bilan o‘yinda burilish yasashi ham mumkin. Statistikaga ko‘ra, «Atletiko» safida eng ko‘p maydonga tushgan 10 futbolchi umumiy vaqtning 63 foizini maydonda o‘tkazgan ekan xolos. Bu juda zo‘r ko‘rsatkich. Aynan shu tufayli «Atletiko» ayniqsa ikkinchi taymlarni juda kuchli o‘tkazmoqda. Jamoa agar faqat 2 taymlarni e’tiborga olinsa, 16 o‘yindan 13 tasini o‘z foydasiga hal qilgan. Ayni paytda «Atletiko»ning barcha musobaqalardagi g‘alabali seriyasi 10 uchrashuvga yetdi. Madridliklar Chempionlar Ligasidagi og‘ir ahvoldan 11-o‘ringa ko‘tarilib, hatto sakkizlik uchun juda yaxshi imkoniyat xosil qilgan bo‘lsa, La Ligada yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha peshqadamdan «Real»dan atigi bir ochko kam jamg‘argan. Masalan, «Barselona»ning yuqorida tilga olingan ko‘rsatkich bo‘yicha statistikasi – 85 foiz. Aynan shuning uchun ham so‘nggi o‘yinlarda «Barselona» so‘nggi daqiqalarda g‘alabalarni boy berib qo‘ymoqda. Flik yetarlicha rotatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati deyarli yo‘q.
«Xetafe»ga kelsak, jamoa ayni damda autsayderlarga yaqinroq. So‘nggi turda atigi uchinchi g‘alabasiga erishdi. Yuqorida «Atletiko» bilan so‘nggi o‘yinlardagi statistikalar keltirildi, ammo yana bir jihat – jamoa «Atletiko»ni 27 o‘yindan beri yuta olmay kelmoqda. Ammo «Xetafe»ning xarakteri aynan qiyin vaziyatlarda yanayam qattiqroq qarshilik ko‘rsatishga molikroq.
Tarkiblarga kelsak, mezbonlarda yo‘qotishlar yo‘q. Aytilganidek, aynan rotatsiya va kuchlarni to‘g‘ri taqsimlay olish «Atletiko»ga jarohatlarni ham chetlab o‘tishda yordam beryapti. «Xetafe»ga esa Borxa Mayoral yordam bera olmaydi. Shuningdek, Mauro Arambarri «Espanol» bilan o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini olib, ushbu o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan.
MANCheSTeR SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD (15 dekabr, 21:30)
«Manchester Siti» barcha musobaqalardagi oxirgi 10 o‘yinda atigi bir marta «Nottinghem Forest» ustidan g‘alaba qozondi. Yetti o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. «Shaharliklar» arab shayxlari tomonidan sotib olinganidan buyon, Gvardiola esa umuman murabbiylik faoliyatida bunaqa darajadagi inqirozga yuz tutmagandilar. Ushbu 10 uchrashuvda «Manchester Siti» o‘z darvozasidan 23 marotaba to‘p olib chiqdi. Kuchli beshlikdagi hech qaysi jamoa ko‘proq gol o‘tkazmagan.
Agar «Manchester Siti»ning holatini tasavvur qilgan bo‘lsangiz, endi, «Manchester Yunayted» raqibidan 7 ochko kam jamg‘argan, uyog‘ini tushunib olavering. Klub allaqachon murabbiyini ham, sport direktorini ham almashtirib ulgurdi. Ruben Amorim ayni damda iliq taassurot qoldirayotgan bo‘lsa-da, u ham vaziyatni o‘nglash uchun kutilganidan ko‘proq vaqtga ehtiyoj sezishi oydin bo‘lib qoldi. Amorim boshchiligida «Yunayted» oxirgi ikki o‘yinni boy berdi. Derbi «Etihad»da bo‘lishi, keyinga hafta esa Liga kubogi doirasida «Tottenhem» maydoniga safar kutib turganini e’tiborga olsak, muvaffaqiyatsiz seriya yana davom etishi ehtimoli ham yuqori.
O‘ziga yarasha qiziq holat. «Manchester Siti» o‘tgan mavsum chempioni, Yevropaning eng yaxshi jamoalaridan biri. Ammo ayni paytda Gvardiola jamoasi uchun muntazam ishlaydigan va ochkolar keltiradigan tizim topishga qiynalmoqda. «Yunayted»ning yangi murabbiy bilan tub potensiali ham, yuqorisi ham noma’lum – qaysi futbolchidan nimani kutish noma’lum. Jamoa «Arsenal»ga qarshi safar o‘yinida ancha tartibli o‘yin namoyish qilib, qaysidir ma’noda mezbonlarni cheklay olgan bo‘lishsa-da, shundan so‘ng «MYu» ikki mag‘lubiyatga uchradi – ruhiy holat «Emireyts»dagi qadar xotirjam bo‘lmasligi mumkin. Ayniqsa, «Old Trafford»da «Nottinnhem Forest»dan qabul qilingan mag‘lubiyat juda og‘riqli zarba bo‘lganini ta’kidlash lozim. Qisqa qilib aytganda, har ikki jamoa ham ushbu o‘yin uchun nimanidir o‘zgartirishga muxtoj. Qaysi murabbiyning rejasi muvaffaqiyatliroq bo‘ladi, ko‘ramiz.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, tabiiyki, «Siti»ning ustunligi shubhasiz. Chempionatdagi so‘nggi 6 o‘yindan beshtasida Gvardiola shogirdlari uch ochko egasiga aylanishgan. Ammo oxirgi ikki derbi vaziyatni biroz yaqinlashtirgandek. O‘tgan mavsum oxirida bo‘lib o‘tgan Angliya kubogi finalida «qizillar» 2:1 hisobida ustun kelgan bo‘lishsa, Superkubok uchun bahsning oxirgi daqiqalaridagina «Siti» hisobni tenglashtirib, penaltilar seriyasida sovrinni ilib ketgandi.
«Manchester Siti»da tarkib bo‘yicha yo‘qotishlar ko‘proq. Gvardiola ayniqsa himoya chizig‘ida muammolarga duch kelmoqda. Ake, Akanji va Stounz jamoaga yordam bera olishmaydi. Kovachich ham jarohatlangan. Ham qanotni, ham tayanch zonasini yopishi mumkin bo‘lgan Riko Lyuis esa «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgandi. Amorimga doimgidek Lyuk Shou yordam bera olmaydi. Jonni Evans esa mashg‘ulotlarga qaytganini murabbiy matbuot anjumanida ma’lum qildi. Mehmonlar safida rasman jarohatlanganlar soni kam bo‘lsa-da, bir qator futbolchilar uzoq muddatli jarohatlardan endigina tiklanishdi va yetarli darajada yaxshi sport formasida emas.
LATsIO – INTeR (17 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
A Seriya turnir jadvali yuqorisidagi ayni paytdagi tig‘izlikka har qanday chempionat xavas qilishi mumkin. Qarang, «Atalanta» 34 ochko bilan yakka peshqadam, ammo 3-4 o‘rinlarda borayotgan «Inter» va «Fiorentina» bir o‘yin kam o‘tkazgan holda 31 ochkoga egalar. Bu jamoalarning o‘zaro o‘yini qoldirilganini eslasak, bu o‘yin g‘olibi peshqadamlikda «Atalanta»ga sherik bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, 2-o‘rindagi «Napoli»da 32, beshinchi o‘rindagi «Latsio»da esa 31 ochko mavjud.
Albatta, bunday intriganing asosiy «homiysi» – «Latsio». Marko Baroni shogirdlari «Napoli»ni avval mamlakat kubogidan chiqarib yuborgan bo‘lsa, oxirgi turda endi chempionatda ham Konte jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, jadvalda oldinlab ketishiga yo‘l qo‘yishmadi. Oxirgi 12 o‘yinda atigi bir o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan rimliklar nafaqat «A Seriya»da peshqadamlar safiga qo‘shilib olishdi, Yevropa Ligasi umumiy jadvalida ham peshqadamlik qilishmoqda. Shuningdek, «Latsio» chempionatda uch o‘yinlarini eng yaxshi o‘tkazayotgan jamoa sanaladi – 7 o‘yinda atigi bir durang, qolgan barchasi g‘alaba. Albatta, shu o‘rinda «Inter»ning ham hali safar o‘yinlarida mag‘lubiyatga uchramaganini ham ta’kidlab o‘tish kerak.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, oxirgi o‘yinlarda deyarli tenglikni ko‘rishimiz mumkin. «Inter» qatorasiga bir necha yillardan buyon faqat chempionlik uchun kurashmoqda, ikki marta chempion ham bo‘ldi, ammo eng yaxshi natijasi Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi bo‘lgan «Latsio» bilan mana shunday tenglik saqlanib qolayotgani, albatta, rimliklarning yutug‘i. Oxirgi 30 o‘yindan 14 tasida «Inter»ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 12 o‘yinda «Latsio» maydonni g‘olib o‘laroq tark etgan. O‘tgan mavsumda Rimda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehmonlar g‘alaba qozongan bo‘lishsa, Milanda durang qayd etilgandi. Shuningdek, yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Superkubok uchun bahsda ham «Inter» 3:0 hisobida zafar quchgan.
Tarkibdagi yo‘qotishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Latsio» safida tizzasidan jarohat olib yanvargacha safdan chiqqan Alessio Romaniolidan tashqari, Valentin Kastelyanos sariq kartochkalari ko‘payib ketgani tufayli diskvalifikatsiyasi bor. Mehmonlar safida esa Pavar, Acherbi, hamda Di Jyennarolarda jarohatlar bo‘lib, barchasi oy oxirlarida mashg‘ulotlarga qaytishadi.
Xullas, g‘olibni chempionlik poygasida faol ravishda ishtirok etish uchun imkoniyatga ega qilsa, mag‘lubiyatga uchragan jamoa peshqadamlardan biroz ortda qolib ketadi. Yana bir o‘ziga xos intriga, albatta, mehmonlar ustozi Simone Indzagining bir vaqtlar futbolchi sifatida uzoq yillar to‘p surgan jamoasiga qarshi navbatdagi marotada qarshi kelishidir.
BOShQA O‘YINLAR
14 dekabr. Kalyari – ATALANTA (19:00), Mayns – BAVARIYa (19:30), Ausburg – BAYYeR (19:30), ARSeNAL – Everton (20:00), LIVeRPUL - Fulh em (20:00), NYuKASL – Lester (20:00), Udineze – NAPOLI (22:00), YuVeNTUS – Venetsiya (15 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45), Rayo Valekano – ReAL (15 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
15 dekabr. Bolonya – FIOReNTINA (19:00), BORUSSIYa D – Xoffenxaym (21:30), Komo – ROMA (22:00), CheLSI – Brentford (23:55), Sauthempton – TOTTeNHEM (23:55), MILAN – Jyenoa (16 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45), PSJ – Lion (16 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45), BARSeLONA – Leganes (16 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00).