Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik ishchi odamlarni yong‘indan qutqardi

Jahon 23:48 / 26.04.2024 26986

Sankt-Peterburgdagi yong‘inda o‘zbekistonlik ishchi qahramonga aylandi. Podolskaya ko‘chasidagi tarixiy uyda 25 aprel kuni yong‘in yuz berdi. Yong‘inga birinchi bo‘lib ko‘cha tozalovchi ishchi Olim yetib keldi, deb xabar berdi «KP».

«Tongda ishga keldim va uyning derazasidan olov chiqayotganini ko‘rdim. Darhol o‘t o‘chirish bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildim. Olov kuchaydi va odamlar derazadan tashqariga chiqa boshladi. Ayollar qichqirib, pastga sakramoqchi bo‘ldi. Sakramanglar, o‘t o‘chiruvchilar hozir sizlarni qutqaradi, dedim. O‘t o‘chiruvchilar allaqachon zinapoyani ochib, yuqori qavatga chiqayotgan edi», dedi u.

Ammo odamlar qo‘rquv tufayli uchinchi qavatdan sakrashga tayyor edi. Shu lahzada Olim akrobat kabi drenaj trubasidan yuqoriga ko‘tarila boshladi. Bir nechta mohirona harakat bilan uchinchi qavatga yetib oldi va ayollarga derazadan chiqib, karnizda turib olishga yordamlashdi. Keyin o‘t o‘chiruvchilar kelib, narvonni o‘rnatdi. Olim ayollarni pastga tushirishga yordam berdi.

Agar bu sahna o‘tkinchilar tomonidan suratga olinmaganida, jasorat noma’lumligicha qolar edi, deb ta’kidlaydi nashr. Ijtimoiy tarmoqlarda jasur o‘zbekistonlikning videosi paydo bo‘ldi.

Xabarda Olimning familiyasi keltirilmagan (boshqa manbalarda Ibrohimov ekani aytiladi), yoshi 48 da. U 7 yildan beri Sankt-Peterburgda yashaydi. O‘zbekistondan kelgan. Admiralteyskiy tumanidagi uy-joy kommunal xo‘jaligida ishlamoqda, hatto namunali mehnati uchun faxriy yorliq bilan mukofotlangan.

Olimning aytishicha, tikka devorga chiqish uchun ko‘nikmani o‘tmishda olgan. O‘zbekistonda parashyutchilar safida xizmat qilgan va boks bilan shug‘ullangan.

«Agar 7-qavatga ko‘tarilish kerak bo‘lsa, ko‘tarilgan bo‘lardim. Hammasi qanday sodir bo‘lganini eslay olmayman. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Men yerda turolmadim va ularga qaray olmadim, ular qattiq baqirishdi! Biz hammamiz insonmiz, birga yashaymiz, bir-birimizga yordam berishimiz kerak», dedi u.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, Podolskaya ko‘chasidagi 5 qavatli turar-joy binosining uchinchi va to‘rtinchi qavatlarida umumiy maydoni 60 kvadrat metrda yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in 5 soat davomida o‘chirilgan. Xavfli hududdan 10 kishi evakuatsiya qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: