Toptalishdan himoyaga olinayotgan 6 daryo, gaz va “svet”da bazaviy me’yor hamda yolg‘iz keksalar uchun to‘garaklar – 1 maydan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston 16:10 / 25.04.2024 23589

Ko‘p ishlatgan ko‘p to‘laydi

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024 yil 1 maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.

Qaror bilan, 1 maydan boshlab maishiy iste’molchilar (aholi xonadonlari) uchun quyidagicha ijtimoiy (bazaviy) me’yorlar kiritiladi:

  • elektr energiyasi – oyiga 200 kWhʼgacha;
  • tabiiy gaz (mart–oktyabr oylarida) – oyiga 100 kub metrgacha;
  • tabiiy gaz (noyabr–fevral oylarida) – oyiga 500 kub metrgacha.

Geografik va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi respublikaning boshqa hududlaridan farqli ravishda oktyabr–fevral oylari deb belgilandi.

Ijtimoiy me’yor doirasida aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz imtiyozli narxlarda yetkazib beriladi.

2024 yil 1 maydan kuchga kiradigan tariflar:

Elektr energiyasi

Maishiy iste’molchilar uchun tariflar (1 kWh uchun oyiga):

— 200 kWh'gacha – 450 so‘m (hozirda 295 so‘m);

— 201 kWh'dan 1000 kWh'gacha – 900 so‘m;

— 1001 kWh'dan 5000 kWh'gacha – 1350 so‘m;

— 5001 kWh'dan 10 000 kWh'gacha – 1575 so‘m;

— 10 001 kWh'dan keyin – 1800 so‘m.

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar belgilangan tariflarning 50 foizi miqdorida to‘lashda davom etadi.

Iste’molchilarning I va II guruhlari (1000 so‘m) hamda yuridik shaxslar uchun (900 so‘m) 2023 yil 1 oktyabrdan kuchga kirgan tariflar 2024 yil 1 maydan keyin o‘zgarishsiz qoladi.

Tabiiy gaz

Isitish mavsumida – noyabr-fevral oylarida aholi xonadonlari uchun tabiiy gaz tariflari (1 kub metr uchun, oyiga):

— 500 kub metrgacha – 650 so‘m (hozirda 380 so‘m);

— 501 kub metrdan 2500 kub metrgacha – 1500 so‘m;

— 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha – 1950 so‘m;

— 5001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2275 so‘m;

— 10 001 kub metrdan keyin – 2600 so‘m.

Mart–oktyabr oylarida:

— 100 kub metrgacha – 650 so‘m;

— 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha – 1500 so‘m;

— 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha – 1950 so‘m;

— 5001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2275 so‘m;

— 10 001 kub metrdan keyin – 2600 so‘m.

6 ta daryo o‘zanida shag‘al qazish taqiqlanadi

Respublikadagi ayrim daryolar o‘zanida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi. Bu haqda davlat rahbarining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 maydan:

  • Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi;
  • Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanadi;
  • daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish huquqi faqat E-auksion elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi;
  • daryo o‘zanlari, sohilbo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olishni taqiqlash va tog‘li yoki tog‘oldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlari tashkil etiladi.

Moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi.

Tadbirkorlar uchun yangi yo‘nalish

Aholiga qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish, turistik jozibadorlikni oshirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida 2024 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga jamoat joylari, ijtimoiy obektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalari tashkil etish huquqi beriladi. Bu prezidentning 2024 yil 4 yanvardagi tegishli farmonida keltirib o‘tilgan.

Bunda:

• tuman (shahar) hokimligi tomonidan jamoat sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishi mumkin bo‘lgan joylarning dislokatsiyasi hamda mazkur hududdagi infratuzilma obektlari va aholi harakati gavjumligi darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar E-auksion tizimidagi alohida veb-sahifada e’lon qilib boradi;

• sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlik sub’yektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi;

• elektron auksion savdolariga qo‘yish uchun sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, tuman (shahar) hokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida aniqlanadi;

• elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar mulk yoki ijara huquqi asosida ajratiladi;

• elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari sanitariya-gigiyena shoxobchalarini belgilangan aniq mezonlar, texnik topshiriqlar, o‘rnatishga qo‘yiladigan talablar va boshqa zarur shartlarga muvofiq biriktirilgan joylarda tashkil etadi.

Hujjatda 2024-2025 yillarda har bir viloyatda tajriba tariqasida kamida bittadan tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarining funksiyalari davlat-xususiy sheriklik acosida tadbirkorlik sub’yektlariga o‘tkazilishi ham belgilab qo‘yilgan.

Nogironlar uchun “yugur-yugur” kamayadi

Davlat rahbarining tegishli qarori bilan 2024 yil 1 maydan boshlab protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdori bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, o‘rtacha uch baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa o‘n baravargacha oshiriladi.

Hujjat bilan 2024 yil 1 maydan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida belgilanishi amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.

Yolg‘iz keksalar uchun to‘garaklar yo‘lga qo‘yiladi

Prezidentning tegishli qarori bilan 2024 yil 1 maydan boshlab reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etiladi.

Hujjatda keltirilishicha, nuroniylar maskanlari, madaniyat markazlari va mahalla guzarlarida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport, musiqa, hunarmandchilik yo‘nalishida to‘garaklar yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mahallalar kesimida ijtimoiy buyurtma shakllantiriladi. So‘ngra ijtimoiy buyurtmadan kelib chiqib Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, «Nuroniy» jamg‘armasi va «Hunarmand» uyushmasining hududiy bo‘linmalari hamda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, Nuroniylar maskanlari, madaniyat markazlari va mahalla guzarlarida to‘garaklarni reja-grafik asosida tashkil etadi.

Boshqa o‘zgarishlar

2024 yil 1 maydan boshlab:

  • eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik sub’yektlari autsorsing asosida jalb etila boshlanadi;
  • fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlar faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritiladi;
  • belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha respublikadan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi joriy etiladi;
  • qog‘ozsiz ish yuritishga o‘tish jarayonini jadallashtirish maqsadida ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar to‘liq «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan «edo.ijro.uz» moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarda foydalanishda bo‘lgan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan transport vositalarini milliy standart talablari asosida majburiy ekologik sertifikatlash tartibini va talablarni bajarmaganlik uchun kompensatsiya miqdori va to‘lovlari belgilanadi;
  • Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari hamda «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetining «O‘zbekshunoslik» («Uzbek Studies») kafedralarini O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotiga oid o‘quv qo‘llanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • Qashqadaryo viloyatida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalari har bir aniqlangan holat uchun Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirila boshlanadi;
  • 17 ta turdagi xulosalar DXM va YaIDXP orqali beriladi;
  • har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlarini shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.  
Ko‘proq yangiliklar: