Germaniyada Gebbelsning villasi istalgan odamga berib yuborilishi e’lon qilindi 

Jahon 22:19 / 04.05.2024 8054

Germaniya poytaxti Berlin shahri ma’muriyati Yozef Gebbelsning villasini istalgan odamga bepul berilishini e’lon qildi. 

Bild ma’lumotlariga ko‘ra, katta bino va uning atrofidagi 17 gektar maydon Berlindan 15 km uzoqlikda, Bogenzeye ko‘li yaqinida joylashgan. Bino 24 yildan beri bo‘m-bo‘sh, har yili uni saqlash uchun poytaxt budjetidan yuz minglab yevro sarflanmoqda. 

Berlin moliya vaziri Shtefan Evers xabariga ko‘ra, endi uni istalgan shaxs olishi mumkin. 

«Kim istasa uni Berlin shahridan sovg‘a sifatida bepul olishi mumkin», dedi u. 

Uning ta’kidlashicha, shu kungacha na mahalliy, na federal hokimiyat ushbu obektga hali qiziqish bildirmagan. 

Evers, agar Gebbelsning villasiga ega topilmasa, Berlin rasmiylari uni buzib tashlashi haqida ogohlantirdi. 

Nashrning qayd etishicha, so‘nggi o‘n yilliklar davomida ushbu villaga ega topishga urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Buning sababi — uni ta’mirlash uchun millionlab yevro xarajat zarurligi. 

Yozef Gebbels - nemis siyosatchisi va targ‘ibotchisi, Adolf Hitlerning eng yaqin hamkori va sodiq izdoshlaridan biri. 1933 yildan 1945 yilgacha Germaniya targ‘ibot vaziri va Imperiya madaniyat palatasi prezidenti bo‘lib ishlagan. 1945 yil 1 may kuni, fashistlar Germaniyasining Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyati arafasida o‘z joniga qasd qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: