Shimoliy Makedoniyadagi prezidentlik saylovlarining natijasi ikkinchi turda hal qilinadi

Jahon 11:45 / 25.04.2024 1076

Shimoliy Makedoniya Respublikasida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining birinchi turidan so‘ng, eng yirik muxolifatdagi «Ichki makedon inqilobiy tashkiloti – Makedoniya milliy birligi demokratik partiyasi» (IMIT-MMBDP) nomzodi Gordana Silyanovska-Davkova yetakchilik qilmoqda. Deyarli barcha byulletenlar hisoblanganidan so‘ng, Silyanovska-Davkova taxminan 40,1 foiz ovozga ega bo‘ldi, deya xabar beradi davlat saylov komissiyasi 25 aprel, payshanba kuni ertalab. 

Mamlakatning amaldagi prezidenti, Makedoniya sotsial-demokratik ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Stevo Pendarovski, dastlabki natijalarga ko‘ra, katta farq bilan ortda qoldi: unga saylovchilarning taxminan 19,9 foizi ovoz berdi. Uchinchi o‘rinda Shimoliy Makedoniya tashqi ishlar vaziri, Integratsiya uchun demokratik so‘l ittifoqdan kurashayotgan, alban ozchiligi vakili Bujar Usmoniy 13,4 foiz ovoz bilan qayd etildi. Qolgan nomzodlar 10 foizdan kam ovoz oldi. 

Shu tariqa, Gordana Silyanovska-Davkova va Stevo Pendarovski 8 may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovning ikkinchi bosqichiga yo‘l oldi.

Saylovchilarning faolligi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilgi prezidentlik saylovining birinchi bosqichiga nisbatan 8 foizga ko‘p - 49 foiz. 

Shimoliy Makedoniyaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha munozara

Bu yilgi saylovlarning asosiy mavzusi Shimoliy Makedoniyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyati haqidagi munozara bo‘ldi. IMIT-MMBDP ham, Makedoniya Sotsial-demokratik ittifoqi ham mamlakatning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi tarafdori bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga erishish mumkin bo‘lgan shartlar bo‘yicha har ikki tomonning qarashlari turlicha.

Yevropa Ittifoqiga a’zo Bolgariya Shimoliy Makedoniya konstitutsiyada bolgarlarning ozchilik maqomini belgilamaguncha Skope bilan muzokaralar boshlanishiga qarshi chiqdi. Stevo Pendarovski bunday tuzatishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. O‘z navbatida, IMIT-MMBDP ular mamlakat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilganidan keyin qabul qilinishi kerakligini ta’kidlaydi. 

2022 yil iyul oyida Skopedagi parlament Bolgariya bilan Shimoliy Makedoniyadagi bolgar ozchilikni tan olish to‘g‘risidagi kelishuvni tasdiqladi. Ovoz berish jarayonida IMIT-MMBDP deputatlari norozilik bildirish uchun majlis zalini tark etdi. 

2022 yil iyun oyida Bolgariya parlamenti konstitutsiyaviy tuzatishlar kiritish orqali Shimoliy Makedoniyadagi bolgar ozchiligining huquqlarini himoya qilishni, shuningdek, Skopening Bolgariya bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish majburiyatini o‘z ichiga olgan murosa kelishuvini ma’qulladi. 

Ko‘proq yangiliklar: