G‘azoda kuchayayotgan otishmalar, Ukrainaga ajratilayotgan yordam va o‘limga hukm qilingan eronlik reper - kun dayjesti

Jahon 13:05 / 25.04.2024 8558

Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Icroil G‘azo sektorida zarbalarni yanada kuchaytira boshladi va eksklav shimolida qo‘shimcha evakuatsiyani o‘tkazishga buyruq berdi. TsAHAL ko‘chirilgan mahalliy aholi qaytib kelgan kvartallarga yana hujum qilishga qaror qilgan.

Mahalliy aholi so‘nggi haftalar ichidagi eng kuchli otishmalar haqida xabarlar berishmoqda. Shuningdek eksklavning shimoliy hududlarini tark etish bo‘yicha yangi buyruqlar kelayotganini aytishmoqda. Bu hududlar Isroil rasmiy shaxslari tomonidan «jangovar harakatlar xavfli zonasi», deb e’lon qilingan.

Isroilning G‘azodagi agressiya qurbonlari soni 34 ming 262 nafarga yetgan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Urushning 201-kuniga kelib, yarador qilinganlar soni 77 ming 229 nafarni tashkil etmoqda.

Birgina so‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari tomonidan 6 ta ommaviy qirg‘in uyushtirilgan. Unda 79 kishi o‘lgan va 86 kishi yaralangan.

Ukrainaga yordam

AQSh Kongressining Vakillar palatasi va Senati tomonidan Ukrainaga harbiy yordam paketi ajratish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingach, unga prezident Jo Bayden imzo qo‘ydi. Pentagon esa Ukrainaga yangi yordam paketining tarkibini ochiqladi.

Vashington Ukrainaga Bradley piyoda jangovar mashinalari, HIMARS uchun o‘q-dorilar va havo hujumidan mudofaa raketalari yetkazib berilishini e’lon qildi. Aprel oyi boshida AQSh Kiyevga ATACMS raketalarini yashirincha yetkazib bergandi. Ukraina bu raketalar bilan Rossiya foydalanayotgan aerodromlarga zarba bergandi.

AQShning Ukrainaga zudlik bilan ajratgan 1 mlrd dollarlik yangi harbiy yordam paketiga, jumladan, HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimining o‘q-dorilari, havo mudofaa raketalari, Stinger zenit raketalari, tankka qarshi qurollar va zirhli mashinalar kiradi. Pentagon veb-saytida e’lon qilingan ro‘yxatda shuningdek, 155 mm artilleriya snaryadlari, 105 mm snaryadlar va 60 mm minomyot snaryadlari, patronlar va dronlarga qarshi o‘q-dorilar bor.

Bundan tashqari, minalarga chidamli zirhli transportlar (MRAP), tortish va jihozlarni tashish hamda logistika vositalari kiradi.

Shuningdek, TOW tankka qarshi tizimlari uchun raketalar, Javelin tankka qarshi ko‘chma komplekslari, AT4 tankka qarshi granata otish moslamalari, Claymore tankka va piyodalarga qarshi minalar yuboradi.

Yevrokomissiya ham Kiyevga Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 50 mlrd yevrolik yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmi doirasida 2-transhni ajratdi. Makromoliyaviy yordam 1,5 mlrd yevroga teng.

«Ukraina barchamizning yelkamizdagi og‘ir yukni ko‘tarmoqda. Bu agressorga qarshi kurashayotgan Ukraina davlati va xizmatlarini saqlab qolish uchun juda muhim. Yevropa birlashgan kuch bo‘lib qoladi», — degan Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen.

Urush qancha davom etadi?

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi urush 2030 yilgacha davom etishini prognoz qildi. Unga ko‘ra urush 2029-30 yillargacha davom etadi va NATOning yo‘q qilinishi bilan tugaydi, degan vazirlikning harbiy-siyosiy ishlar bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Apti Alaudinov.

«2029-30 yilgacha bizga og‘ir bo‘ladi, katta hajmdagi ishlarni amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin ishontirib aytamanki, maxsus harbiy operatsiya natijasida NATO bloki bugungi ko‘rinishda bo‘lmaydi», — degan u «Rossiya 1» telekanali efirida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda AQShga ishonib yurgan mamlakatlar Rossiyaga qo‘shilishni istab qolishadi.

«Bugungi kunda Amerikaning ortidan laychadek ergashib yurgan davlatlarning ko‘pchiligi o‘zlari tiz cho‘kib, Rossiyaga qasamyod qilishadi va bizning koalitsiyamizga qo‘shib olishimizni so‘rashadi», — degan u.

Alaudinov Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning yaqin do‘sti va «Axmat» maxsus qo‘shinlari qo‘mondoni ham hisoblanadi.

Urushdan qochayotganlar

Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, rekord sondagi rossiyaliklar G‘arb davlatlaridan boshpana so‘rashgan. Ular Ukrainadagi urushga jo‘natilishdan o‘zlarini shu yo‘l bilan saqlab qolishga urinishmoqda.

«Mediazona» ma’lumotlariga ko‘ra Rossiyada mart oyining o‘zida harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish bo‘yicha 684 ta hukm o‘qilgan. Fevralda ham hukmlar soni 700 dan oshgan edi.

Urush boshlanganidan buyon Germaniyada 4431 nafar rossiyalik boshpana berishni so‘rab ariza yozgan. Ularning katta qismi viza olgan davlatlariga qaytarib jo‘natilgan. Germaniyaning o‘zi esa 159 nafar rossiyalikka boshpana bergan va 412 ta arizani qaytargan.

18–60 yosh oralig‘idagi ukrainalik erkaklarga esa xorijda pasport olish taqiqlab qo‘yildi. Endi Ukraina fuqarolik pasporti yoki xorijga chiqish pasportini faqat hududiy organda yoki hududiy migratsion xizmat bo‘linmasida olish mumkin bo‘ladi.

Ukrainaning ham ko‘plab fuqarolari yevropa davlatlarida urushdan qochib jon saqlashmoqda. Endi ular hujjat almashtirish uchun Ukrainaga kelishga majbur bo‘lishadi.

Telegram’da ukrainlar uchun cheklov

Telegram messenjeri Apple talabiga ko‘ra, ukrainaliklarning Rossiya yangiliklar va propaganda kanallariga ulanishini cheklaydi. Bu Ukraina telefon raqamlari bilan ochilgan akkauntlarga tegishli bo‘ladi, degan messenjer rahbari Pavel Durov.

Taqiq faqat Apple qurilmalaridan foydalanayotganlar uchun tegishli bo‘ladi. Android operatsion tizimi o‘rnatilgan gadjetlarga joriy etilmaydi.

2022 yilning fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganda ham Durov propagandaning oldini olish uchun har ikki mamlakatdagi Telegram kanallarga ulanishni cheklashni taklif qilgan, biroq foydalanuvchilar bunga qarshi chiqishgandi.

Telegram avvalgidek zarba berish uchun koordinatalar to‘plovchi va shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etib, zo‘ravonlikka chaqiruvchi akkauntlar hamda botlarni bloklashda davom etadi. «Telegram hech qachon zo‘ravonlik uchun vosita bo‘lmasligi»ni ta’kidlagan Durov bunday kanal va botlar haqida qo‘llab-quvvatlash xizmatiga ma’lum qilishni so‘ragan.

AQShda TikTok bloklanishi mumkin

AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyning TikTok ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasiga Amerikadagi biznesini 9 oy ichida sotish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini imzoladi. Aks holda ijtimoiy tarmoq bloklanadi.

Qonun TikTok platformasi amerikalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini Xitoy hukumatiga topshirishi mumkinligi haqidagi xavotirlar tufayli qabul qilingan.

ByteDance ushbu «nokonstitutsiyaviy» qonunga sud orqali e’tiroz bildirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bayonotda aytilishicha, ByteDance AQSh foydalanuvchilari ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash va platformani tashqi ta’sir va manipulyatsiyadan himoya qilish uchun «milliardlab dollar» sarflagan. Shuningdek, TikTok’ni taqiqlash 7 mln korxonaning yopilishiga va 170 mln amerikalikning «ovozi o‘chirilishi»ga olib kelishi ta’kidlangan.

2022 yil dekabrida, Jo Bayden prezidentligi davrida AQSh Senati Xitoy hukumatiga ma’lumotlarni uzatishdan cho‘chib, hukumat xodimlariga federal hukumat elektron qurilmalarida TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlagan edi.

O‘limga hukm qilingan reper

Eronda reper Tumoj Solihiy hukumatga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun «yer yuzida fasodni tarqatishda» aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilindi.

33 yoshli musiqachi 2022 yil oktyabr oyida namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan, shu jumladan, bu haqda qo‘shiqlar yozib, omma oldida chiqish qilganida hibsga olingan.

Reper 2023 yilda ham o‘limga hukm qilingan, ammo Eron Oliy sudi qaroriga ko‘ra, jazo 6 yil-u 3 oy qamoq bilan almashtirilgan edi.

24 aprel kuni reperning advokati Amir Raisiyon Oliy sud qaroriga qaramay, Isfahon shahri sudi reperni o‘lim jazosiga hukm qilganini aytdi. U hali qonuniy kuchga kirmagan hukm ustidan shikoyat qilishga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, Eronda ommaviy norozilik va tartibsizliklar 2022 yil sentabrida ro‘molni «noto‘g‘ri o‘ragani» uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng boshlangan. Namoyishlar bir necha oy davom etdi, to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar halok bo‘ldi. Ko‘plab namoyishchilar hibsga olindi va qatl etildi.

Ko‘proq yangiliklar: