“5 yoshimda otamni mendan tortib olishgan” – Botir Qodirov

Jamiyat 17:19 / 25.04.2024 69883

Shu kunlarda xonanda Botir Qodirov hamda marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning o‘g‘illari o‘rtasidagi mojaro tarmoqlarda ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘lib turibdi.

Mavzu atrofida aylanayotgan savollarga javob berish uchun 25 aprel kuni Botir Qodirov “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert oldidan jurnalistlarga intervyu berdi. Xonanda nima uchun sudga murojaat qilganini tushuntirar ekan, Sherali Jo‘rayev uning biologik otasi bo‘lganini va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini aytdi. 

“43 yil indamasdan keldim”

— Bu narsani xalqimiz, muxlislarimiz biladi, bilganlar biladi, shubha qilganlar ham bor. Buni katta bo‘lgan joyim, butun Andijon biladi. U yerga borib so‘rasanglar, butun Andijon xalqi gapiradi bu haqda. Bu yashiradigan narsa emas edi, lekin buning o‘ziga yarasha sababi bo‘lgani uchun yashirib kelgandim, ochiq gapirmagan edim. 

Chunki 20 yoshimgacha otam bilan munosabatimiz iliq bo‘lgan, otam mendan xabar olganlar, men ota eshigida katta bo‘lganman, yozgi ta’tillarni otamning ota hovlisida, ya’ni Andijonning Asaka tumanida o‘tkazganman, otamning onasi, otasining oldiga ko‘rgani borardim, ular meni ko‘tarib katta qilishgan, bo‘la bilan o‘ynab yurgan davrlarim bor va hokazo. Normal oilada bo‘ladigan holat... 

5 yoshgacha, otam bilan onam ajrashgunga qadar birga yashaganmiz. Otam bilan onamning uchrashishi – otam onamni yaxshi ko‘rib qolgan va nikoh qilganlaridan so‘ng men dunyoga kelganman. Men nikohli farzandman, benikoh farzand emasman. Shunga ham aniqlik kiritib qo‘yishim kerak, chunki har xil noto‘g‘ri fikrlar bo‘lyapti. Buni otam, mening atrofimdagi yaqinlar, o‘sha davrning insonlari juda ham ko‘pchilik biladi, nikohga guvoh bo‘lganlar bor, kerak bo‘lsa, buni taqdim qila olamiz. 

Otam hozirgi oilasi bilan yashab, uylangunga qadar biz birga yashaganmiz. 4-5 yoshlik vaqtim ajrashganmiz. O‘sha yillardan to 20 yoshimgacha biz har yili otam bilan Andijonga kelib-ketib yurgan vaqtda ko‘rishar edik, otam menga moddiy yordam berar edi. Bizning ota-bolaligimiz yuksak darajada bo‘lgan. Hatto “sizni sog‘inyapman, ko‘rgim kelyapti” desam, “men qachon Andijonga kelsam, sen kelaver, endi katta bola bo‘lib qolding”, derdilar. Umuman olganda bu masalaga oid juda ham ko‘p narsalar bor. Lekin hozir buning hammasini ochiqlashga vaqt yetmaydi. 

Otam mendan so‘ragan joylari, aytib ketgan gaplari bor. “Bolam, endi katta yigitsan, tushunishingni xohlayman. Hayotda ba’zi bir masalalar bo‘ladi, sen bunga sabr qilishingiz kerak bo‘ladi. Men seni ehtiyot qilishim kerak”, deganlari uchun men 43 yil indamasdan keldim. Hech qachon otamning tinchligini buzmaslikka harakat qilib, yigit sifatida otamning so‘zlarini ikki qilmaslikka shu vaqtgacha harakat qilib keldim. 

Birinchi o‘rinda otamning sha’niga yomon gap bo‘lishini xohlamayman, aziz muxlislarimizdan otamning sha’niga umuman keraksiz, xunuk gaplarni to‘xtatinglar, aziz do‘stlar. Chunki men otamni bolaligimdan yaxshi ko‘rganman, bundan keyin ham yaxshi ko‘raman. Otamni muhokama qilish menga emas, birinchidan farzand sifatida men ularni muhokama qilmaslikka harakat qilganman. Bundan keyin biz bu oilaviy masala bo‘lgani uchun ukalarim bilan kelishib olamiz degan umiddaman. 

“O‘tib ketgan onamning sha’niga zid gaplar bo‘lgani uchun sudga berdim”

— Lekin o‘zi sudga bermasdan yurishim ham mumkin edi, bu narsani qilishni xohlamaganman hech qachon. Bu narsaga men majbur bo‘ldim, ukamiz Shohjahon tarafdan bo‘lgan, 15 sentabr kuni ijtimoiy sahifasiga joylashtirgan “sen kimdan dunyoga kelganliging va kimning farzandi ekanligingni bilmaydigan o‘zingdan ham shubhalanadigan...” degan ma’nodagi gaplarni gapirgani uchun bu narsa men va onamning shaxsiyatiga tekkani uchun, onam uchun shu yo‘lga kirishdim. 

Onamning shaxsiyati, qadr-qimmati toptalgani uchun, o‘tib ketgan onamning sha’niga noto‘g‘ri gaplar bo‘lgani uchun, o‘zimning sha’nim va qadr-qimmatimga zid bo‘lgani uchun erkak sifatida ham, farzand sifatida ham chidab tura olmadim. “Bo‘pti, shunday bo‘ladigan bo‘lsa, men sizlarga shu narsani isbot qilib beray, buni sizlar yoshligingizdan bilasizlar, men sizlarning otangizni tortib olgan joyim yo‘q yoki birovning otasini ota degan joyim yo‘q. Vaholanki, 5 yoshimda mening otamni tortib olishgan. Men ulardan oldin bu hayotga kelganman, bu dunyoga kelganimda mening aybim yo‘q. 

Otam va onam o‘rtasidagi munosabatni o‘zlari bilishadi. Farzandlar ota-onani muhokama qilishga haqli emas. Menimcha, muhokama qilmasligimiz to‘g‘ri bo‘ladi. U inson o‘zbek san’ati uchun ko‘p ishlarni qilib ketgan. Men u insonning nomi ulug‘ bo‘lishi, yaxshi bo‘lishini xohlayman. 

  • Xonandaning bayonoti bilan yuqoridagi video orqali to‘liq tanishishingiz mumkin. 

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: