Germaniyada O‘zbekistonda yashaydigan nemislar masalasi bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 10:52 / 19.04.2024 2148

Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekistonda yashaydigan nemislar masalasi bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo komissiyasining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining maslahatchisi Olim Narzullayev, Germaniya delegatsiyasiga esa Federal hukumatning ko‘chirilganlar va milliy ozchiliklar bo‘yicha komissari, Bundestag deputati Natali Pavlik boshchilik qildi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistondagi nemislar bilan o‘zaro hamkorlikning bir qator dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma kun tartibini muhokama qildilar hamda uzoq muddatli asosda o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy maqsad va vazifalarini belgilab oldi.

Ma’lum qilinganidek, hozirgi kunda O‘zbekistonda 100 dan ortiq turli millat vakillari bilan bir qatorda jamiyat va davlatning to‘liq huquqli a’zosi bo‘lgan to‘rt mingdan ziyod etnik nemislar istiqomat qilib kelmoqda.

Komissiya hamraisi Natali Pavlik yig‘ilishning ochilish qismidagi nutqida O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosatini, xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalarni kengaytirishni yuqori baholadi. "O‘zbekistonni Germaniya va Yevropa Ittifoqining eng muhim strategik sheriklaridan biri sifatida bilamiz. Germaniya tomoni O‘zbekiston bilan turli yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor", dedi u.

Tomonlar, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, yoshlar bilan ishlash, savdo-investitsiya loyihalarini muhokama qildi.

Germaniya tomoni etnik nemislarning madaniyati va an’analarini rivojlantirishga ko‘maklashish, yoshlar, biznes, fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, muhtojlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: