“Ot aylanib qozig‘ini topadi” deyishardi, men “qozig‘imni” topolmadim – o‘zga elda yolg‘iz qolib ketgan odam (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 14:30 / 02.05.2024 24041

“Hayotiy hikoyalar” ruknida berayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni xorijiy davlatlarning birida yolg‘iz qolib ketgan kishi. U bir paytlar savdo ishlari bilan Ukrainaga borgan va o‘sha yerda qolib ketgan.

Qahramonimiz maktubida O‘zbekistonda o‘zini hech kim kutmayotganini, shu sababli vatanga qaytish istagi yo‘qligini yozibdi.

“Sovet davri edi, boshqa yigitlar kabi harbiy xizmatni o‘tab kelganimdan so‘ng ota-onam meni uylantirib qo‘yishdi. 1980-yillar edi shekilli, hamqishloqlar bilan birga Ukrainaga sotish uchun quruq mevalar olib bordim. Birinchi gal foyda yaxshi bo‘ldi. Mahsulotlar yaxshi narxlarda sotildi.

Bahor kelib, ishlar boshlanguncha Kiyevga bir necha marta borib keldim. Keyingilarida qo‘ni-qo‘shnilardan, bozordan olingan quruq mevalarni sotib keldim, foydasi yaxshi bo‘ldi.

Shundan so‘ng har yil bahordan kuzgacha kolxozning ishlarida band bo‘lardim. Kuzdan bahorgacha Ukrainaga qatnardim. Bu orada ota-onam meni uylantirib qo‘yishdi. Bir yil o‘tib qizli bo‘ldim.

1985 yilda Gorbachyov SSSR rahbari bo‘lgandan so‘ng savdo-sotiqqa uncha indashmaydigan bo‘ldi. Ungacha esa militsiyaning OBXSS degan bo‘limi qonimizni ichardi.

Erkinlik tekkach quruq mevalarni yuk mashinalarda tonnalab olib bora boshladik. Endi qishki mavsum demay Ukrainaga yozda ham boradigan bo‘ldik.

Savdoni endi boshlagan paytimizda quruq mevalarni faqat Kiyevdagi bozorda o‘tirib sotardik. Yuk mashinalarda olib borib turli korxonalarga topshira boshladik.

Korxonalar bizdan quruq mevalarni tonnalab olardi va turli bayramlarda ishchilariga 1-2 kilodan tarqatardi.

Ana shunday kunlarning birida Kiyev chetida joylashgan bir korxonaga bordim. Rahbari bilan gaplashib, bir necha tonna quruq mevalar olishga ko‘ndirdim.

Ertasi kuni quruq mevalarni olib borib korxona omborxonasiga tushirib berdim. Rahbar buxgalteriyaga uchrab, pullarimni olishim mumkinligini aytdi.

Korxona bosh buxgalteri mendan yoshi 8-10 yoshlar katta, ko‘hlikkina ayol ekan. Pulimni tezroq undirish uchun unga gul va shokolad, yana O‘zbekistondan olib borgan qovunni sovg‘a qildim. Bechora qovunni ko‘rib azbaroi xursandligidan gulni ham, shokoladni ham unutdi.

Ukrainlar O‘zbekiston qovunini juda yaxshi ko‘rishadi. Biz azaldan quruq meva bilan shug‘ullanganimiz bois u yoqqa qovun olib bormasdik. Keyin qovunni uzoq yo‘lga oddiy yuk mashinalarida olib borib bo‘lmas, achib ketardi.

“Sovtransavto” transport korxonasiga tegishli muzlatkich o‘rnatilgan yuk mashinalari esa davlatga tegishli yuklarni tashishdan bo‘shamasdi.

Ana shunday vaziyatda Ukrainaga samolyot bilan olib borilgan qovunning narxi tillolarga teng bo‘lardi va bitta qovun sovg‘a qilib istalgan yumushni tez bajarib olsa bo‘lardi.

Ayol xursand bo‘lganidan meni ko‘p kuttirmadi va pullarimni berdi. Shundan so‘ng o‘sha korxonaga bir necha marta quruq meva topshirdim. Har gal korxona rahbari va ayolga qovun ko‘tarib borardim.

Shu orada bir kun ayol “Kechki payt bo‘shmisan, birga ovqatlanishga borardik”, deb qoldi. Darhol rozilik bildirdim. Kechki payt ovqatlanib o‘tirar ekanmiz, ayol birinchi turmushi o‘xshamaganini, eridan ajrashgach boshi ochiq yurganini aytib qoldi.

O‘sha kuni u bilan do‘stona xayrlashdik. Shundan so‘ng Kiyevga borganimda ayol ishlayotgan korxonaga quruq meva topshirmasam ham undan xabar oladigan bo‘ldim. Keyinroq u bilan birga yashay boshladim.

Tan olaman, o‘sha paytlarda menda e’tiqod masalasi haminqadar, ayol bilan nikohlanib yashash kerak degan tushuncha bo‘lmagan. Shu tariqa xotinimdan ko‘nglim sovib, ayolga bog‘lanib qoldim. O‘zbekistonga qaytsam uzoq turmay tezda Ukrainaga oshiqadigan bo‘ldim.

SSSR parchalanishi arafasida ayol menga bir taklif bildirdi:

“Misha (ismim Mahmud bo‘lgani uchun u shunday deb chaqirardi) sening umring yo‘lda o‘tib ketyapti. Xotinimda ko‘nglim yo‘q deyapsan. Ajrashib kel, Kiyevdagi bozordan senga “tochka” olib beraman, shu yerda savdo qilasan. Birga yashayveramiz”.

Ko‘p o‘tmay uyga qaytdim va xotinimning javobini berib yubordim. Bu ishimga ota-onam qarshi bo‘lishdi. Biroq ularning gapiga kirmadim. Kiyevga qaytgach Lena (Yelenani shunday chaqirardim) gapida turdi va shahardagi markaziy bozordan joy olib berdi.

Ko‘p o‘tmay Lena homilador bo‘ldi va o‘g‘il tug‘ib berdi. Biroq o‘g‘lim sap-sariq, ko‘zlari ko‘k bo‘lib, menga umuman o‘xshamasdi. Farzandli bo‘lganimizdan so‘ng Lena injiqlik qila boshladi. Shuningdek, menga buyruq berib, aytganini qildirardi.

Yoshim 35 ga to‘lganda Lena 45 yoshga yaqinlashib qolgandi. Ana shu paytlarda men xotinimdan (keyinroq do‘stlar maslahati bilan Lenani nikohlab olgandim) sovib ketdim va ko‘chada duch kelgan ayol bilan don olishib yura boshladim.

Lena meni hech kim bilan ushlab olmagan bo‘lsa ham shubhalanardi. Shu mavzuda tez-tez janjallasha boshladik. Bir kuni bozordan uyga qaytsam narsalarimni chemodanga solib qo‘yibdi. Eshikdan kirishim bilan “Oyoq kiyimingni yechib o‘tirma va narsalaringni olib daf bo‘l. Bozordagi “tochka”ga ham borib o‘tirma. Bola haqida esa unut. U sening o‘g‘ling emas”, dedi.

Men hech narsasiz qolgandim. Na pulim, na uy joyim va na oilam yo‘q edi. Qishloqqa qaytay desam xotinim bu paytda boshqaga tegib ketgan, qizim boshqa birovni ota deb ulg‘ayotgandi.

Shu holda Ukrainaning boshqa bir shahriga bordim va bozordan joy oldim. So‘ng narsalarni nasiyaga olib savdo qila boshladim. Alohida yashay boshlaganimdan so‘ng birmuncha o‘zimni o‘nglab oldim. Biroq shunda ham boshpanam yo‘q, ijarada yashab yurardim.

Shu ahvolda 10 yilcha yashadim. Bozorimizda har hafta bir kun tozalik kuni bo‘lar, shundan foydalanib o‘g‘limni ko‘rish uchun Kiyevga kelib ketardim.

Yoshim 45 ga yetganda tanishlar bunday yurmasligimni, O‘zbekistonga qaytib o‘zimizning o‘zbek ayollaridan birini topib uylanishni maslahat berishdi.

“Uylanganingizdan so‘ng xotiningizni shu yerga olib keling. Baribir yolg‘iz yashayapsiz. Xotiningiz yoningizda bo‘lsa suyanchiq bo‘ladi. Doim ovqatingiz tayyor, kiyimlaringiz toza, sal odamga o‘xshab yashaysiz”, deyishdi.

Bu maslahat o‘zimga ham jo‘yali tuyuldi. O‘zbekistonga, qishlog‘imga qaytdim. Turmushidan ajrashgan, yoshi 30 ga ham yetmagan bir juvonni topishdi. Oramizdagi farq qariyb 20 yosh edi. Unga uylandim va Ukrainaga olib ketdim.

Avvaliga hammasi yaxshi edi. Do‘stlarim maslahat berganday har doim issiq ovqatim tayyor, kiyimlarim toza, yolg‘izlikdan qutuldim. Ko‘p o‘tmay o‘g‘il farzandli bo‘ldik. Biroq bunday hayot ham ko‘pga cho‘zilmadi.

Xotinim bozorga, oldimga tez-tez kelib turardi. Farzandimiz tug‘ilguncha savdoda ham yordam berardi. Bolali bo‘lganimizdan keyin uyda qoladigan bo‘ldi. Gohida bolani aylantirgani olib chiqqanda oldimga kelib turardi.

O‘sha paytlarda men ertalab uydan chiqib ketardim va kuni bilan bozorda bo‘lib, kechroq qaytardim. Bunday paytlarda xotinim yolg‘iz uyda nima qiladi degan savol hech qachon xayolimga kelmasdi.

Biroq so‘nggi paytlarda u menga e’tiborsiz bo‘lib qoldi. Uncha ro‘yixushlik bermay qo‘ydi. Shunda ham hech narsadan shubhalanmadim. Kunlarning birida yonimda savdo qiladigan hamyurtim “Mahmud aka, yanga oldingizga kelmay qo‘ydilar, sog‘liklari yaxshimi?” deb so‘raganda birdaniga ko‘nglimga shubha oraladi.

O‘zimni garanglikka solib “ha, yaxshi yuribdi” deb javob berdim. U esa tirjayib qo‘ydi. Shundan so‘ng xotinimni poylash kerak degan qarorga keldim.

Ertasi kuni ertalab “Bugun falon shaharga yuk olib kelishga boraman, ulgurib qayta olmasam kerak, ertaga ko‘rishamiz. O‘zingni ehtiyot qil”, dedim va uydan chiqdim.

So‘ng mashinamni panaroq joyga qo‘yib biz yashaydigan ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagini kuzata boshladim. Ko‘p o‘tmay xotinim chiqdi va o‘sha atrofdagi magazindan nimalardir olib qaytdi. “Uyda hamma narsa bor edi, nimaga chiqqan bo‘lsa ekan?” deb o‘ylay boshladim.

Mashinaning ichida soatlab o‘tirish azob, lekin sabr qilishim kerak edi. Tushdan so‘ng yo‘lak oldida yonimda savdo qiladigan boshqa bir yigitning mashinasi ko‘rindi. U mashinadan tushib yo‘lakka kirib ketdi.

O‘sha paytda orqasidan kiraymi yoki kutaymi deb o‘ylay boshladim va kutish kerak degan qarorga keldim. Chunki ularning oldiga hozir kirsam aniq nimanidir bahona qiladi va suvdan quruq chiqib ketadi.

Yigit uyimga kirganiga yarim soatcha bo‘lganida men ham yuqoriga ko‘tarila boshladim. Har ehtimolga qarshi ijara uyning zaxira kalitini yonimda olib yurardim.

Sekin eshikni ochib ichkariga kirdim. Qarasam yotoqxonada tomosha bo‘lyapti, to‘g‘ri bostirib bordim. Shu paytda bir-biriga chirmashib yotgan xotinim va yigit baqa bo‘lib qolishdi.

“Ikkalang ham yo‘qol” deb baqirganim esimda. Ular qanday chiqib ketdi bilmayman. Xayolim o‘zimga kelganda o‘g‘lim esimga tushdi. Biroq xotinim uni olib chiqib ketgan edi.

 Shundan so‘ng voqealar rivoji tezlashib ketdi. Bolani olish uchun xotinimni sudga berdim. Sud majlisida u bola mendan emasligini aytdi. Biroq sud qarori bilan o‘tkazilgan DNK tekshiruvlarida bola mendan ekani tasdiqlandi. Biroq o‘g‘limni baribir qaytarib ololmadim.

Shu voqealarga ham 15 yildan oshdi. Hozir bozordagi joyimni arendaga berib qo‘yibman. Bir paytlar O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechmay, Ukraina fuqaroligini ham olgandim. Shu sababli menga nafaqa to‘lashadi.

Pul masalasida muammo yo‘q, meni qiynayotgan holat yolg‘iz qolib ketganim. O‘zbekistonda qolib ketgan qizim turmushga chiqqan, hozir farzandlari bor. U boshqani ota deb ulg‘aydi. Ukrainadagi o‘g‘lim ham 16 yoshga kirdi, u ham meni umuman tanimaydi.

Bilasizmi mendan kim xabar oladi? Dima, ha, o‘sha “mendan bo‘lmagan bolam” Dmitriy. Onasi bilan ajrashganimizdan so‘ng u o‘qib yaxshi mutaxassis bo‘ldi. Hozir qayerdadir ishlaydi. Goh-gohida o‘sha mendan xabar olib turibdi.

O‘zbekistonga qayta olmayman. Ota-onam o‘tib ketgan, meni u yoqda hech kim kutmayapti. Ukalarim ham ham o‘zining tashvishlari bilan band.

Bu dunyoda hech bir ish javobsiz olmaydi. Bir paytlar birinchi xotinim bilan ajrashib, qizimni tirik yetim qilib tashlab ketgandim. O‘zbekistondan uylangan ikkinchi xotinim meni tashlab ketdi. Nazarimda birinchi xotinimga yetkazgan ozorlarimga taqdir shu tarzda javob qaytardi.

Hozir huvullagan kvartirada bir o‘zim yashayman. Sog‘ligimda muammo yo‘q, biroq issiq jon, bilib bo‘lmaydi. Bexosdan o‘lib qolishdan qo‘rqaman. Xavotirim shundan.

Gunohlarim ko‘p, ularga javob berishim ham og‘ir bo‘ladi. Men undan emas, bu yoqlarda qo‘ni-qo‘shni tanimaydi, o‘lib qolsam murdam kvartirada qolib chirib ketishidan qo‘rqaman”.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: