O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” kitobi ingliz tiliga tarjima qilindi

O‘zbekiston 11:42 / 16.04.2024 2319

“Dunyoning ishlari” ingliz tiliga tarjima qilindi. Bu haqda tarjimon Mark Ris o‘zining Facebook'dagi sahifasida e’lon qildi. Kitob 31 martdan Amazon saytida sotuvga chiqqan. “Dunyoning ishlari”ning reklamasi Nyu-York metrosida ham paydo bo‘lgan. Tarjimonlar Mark Ris va Abdulla Ro‘ziyev asar nomini ingliz tiliga “Such is Life” deb o‘girishgan. Risning yozishicha, kitobni tarjima qilishdan nashr qilishgacha 5 yil vaqt ketgan.

Ris kitobni nashr qilishgacha bo‘lgan bosqichda qatnashganlarga minnatdorchilik bildirgan. Jumladan, Dildora Shomurodova (rassom), Jon Kempion (muharrir), Gulnoza Ismoilova (muharrir), Munira Norova (muharrir), Jahongir Azimov (muharrir) va Abdullo Ro‘ziyevlar (tarjimon) “Dunyoning ishlari” ingliz tiliga tarjima qilinib, kitob holida chiqishida ishtirok etishgan.

Mark Ris o‘zbek adabiyoti durdonalarini ingliz tiliga tarjima qilishda tajribaga ega. U bundan oldin Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan edi.

Ma’lumot uchun, asar O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub memuar qissa. U katta-kichik hikoyalardan iborat, uzoq yillar davomida yozilgan va ilk marta to‘liq tarzda 2005 yilda "Sharq nashriyoti" tomonidan nashr etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: