O‘zbekiston yosh xokkeychilari Osiyo va Okeaniya chempioni bo‘ldi

Sport 22:48 / 30.04.2024 6328

O‘zbekiston terma jamoasi 18 yoshgacha bo‘lgan xokkeychilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo va Okeaniya chempionatida g‘alaba qozondi. 

Toshkentdagi «Humo» va Samarqand muz saroylari mezbonlik qilgan turnir finalida yosh xokkeychilar Tailand ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 

Bosh murabbiy Abdumajid Nosirov shogirdlari musobaqaning barcha o‘yinida g‘alaba qozondi. Jumladan, guruh bosqichida Eron 19:0, Malayziya 29:0, Kuvayt 17:0, Tailand 7:5 hisobida dog‘da qoldirildi. Yarimfinalda BAA 12:0 hisobida mag‘lub etildi. 

Uchinchi o‘rin uchun bahsda Mo‘g‘uliston xokkeychilari BAA ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. 

Bu o‘zbekistonlik xokkeychilarning ikkinchi shunday yutug‘idir. 2023 yilda Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan Osiyo va Okeaniya (U18) chempionatida ham O‘zbekiston g‘alaba qozongan edi.

Ko‘proq yangiliklar: