Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi doirasida 50ga yaqin hujjat imzolanadi

Iqtisodiyot 18:16 / 16.12.2019 28146

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga davlat tashrifi davomida 48ta kelishuv va shartnomalar imzolanadi.

Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma'lumot berdi. Eslatib o‘tamiz, tashrif 17-20 dekabr kunlariga belgilangan.

Bugun, 16 dekabr kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Yaponiya biznes forumida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Xususan, idoralararo darajada O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligining Savdo siyosati byurosi o‘rtasida iqtisodiy va sanoat hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Yaponiya iqtisodiyot va energetika instituti o‘rtasida o‘zaro munosabatlar yo‘lga qo‘yiladi – Issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish dasturi va O‘zbekiston taraqqiyotining bosh rejasi birgalikda ishlab chiqiladi.

Navoiy viloyatida Yaponiya neft, gaz va metallar milliy korporatsiyasi (JOGMEC) ishtirokida geologik izlanishlar olib boriladi, Yaponiya tibbiy uskunalar sohasida tashqi texnik yordam ko‘rsatish tashkiloti (OMeTA) esa Toshkentda Yaponiya-O‘zbekiston tibbiyot axborot markazini tashkil etishni reja qilmoqda.

Yaponiyaning Isuzu Motors va Itochu Corporation kompaniyalarining «O‘zavtosanoat» AJ bilan hamkorligi orqali avtomobilsozlik sohasiga yirik investitsiyalar jalb qilinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tijorat banklari MUFG Bank va Sumitomo Mitsui Banking bilan kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha qator hujjatlarni imzoladilar.

Ma'lumot uchun, forumda O‘zbekiston tomonidan vazirlik-idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari, Yaponiya tomonidan esa ishbilarmon doiralar vakillari – yirik xoldinglar, moliyaviy tashkilotlar va ko‘p tarmoqli sanoat korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri T.Aso, Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO), Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi, Yaponiya biznes federatsiyasi (KEYDANREN) rahbarlari ham qatnashdi.

Umuman olganda, tadbir Yaponiyaning 500dan ortiq kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: