Putin Rossiyadagi Ariston va Bosch aktivlarini «Gazprom»ga topshirdi

Jahon 07:56 / 27.04.2024 3262

Rossiya prezidenti Vladimir Putin RFdagi BSH Hausgerate va Ariston sho‘ba korxonalarining 100 foiz aksiyalarini «Gazprom bytovyye sistemy» vaqtincha boshqaruviga o‘tkazdi. Tegishli farmon 26 aprel, juma kuni huquqiy axborot rasmiy internet-portalida e’lon qilindi. Unga ko‘ra, «Gazprom» tuzilmasi «Ariston Termo Rus» MChJ va «BSX Bytovyye Pribory» MChJning Rossiyadagi barcha aktivlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi. 

«Interfaks» ma’lumotlariga ko‘ra, Bosch shu’ba korxonasi - «BSX Bytovyye Pribory» Sankt-Peterburgda ro‘yxatdan o‘tgan va 2022 yilgacha «muzlatgichlar va kir yuvish mashinalarini seriyali ishlab chiqarish» bilan shug‘ullangan va undan keyin - ehtiyot qismlarni sotish, maishiy texnika savdosi, shuningdek, xizmat ko‘rsatish va kafolat xizmatiga aloqador bo‘lgan. 2023 yilda u yerda 635 kishi ishlagan. 

2022 yil bahorida Bosch Rossiya korxonalarida ishlab chiqarishni to‘xtatdi. 2023 yil dekabrida «Kommersant» nemis kompaniyasi o‘zining rus biznesini Turkiyaning Can Holding investitsiya fondiga sotishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.

«Ariston Termo Rus», deb yozadi «Interfaks», Leningrad viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan hamda maishiy texnika ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda 300 ga yaqin kishi ishlaydi. 2023 yilda agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uning daromadi 9,435 milliard rublni tashkil etdi. 

Vladimir Putin xorijiy biznesni Federal mulkni boshqarish agentligi boshqaruviga beryapti

2023 yil aprel oyida Vladimir Putin Rossiyaning chet eldagi aktivlari musodara qilingan taqdirda «do‘st bo‘lmagan» davlatlardan kelgan yuridik va jismoniy shaxslarning aktivlarini «vaqtinchalik boshqaruvga» o‘tkazishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.

O‘sha yilning iyul oyida Rossiyaning Carlsberg biznesi Federal mulkni boshqarish agentligi vaqtincha boshqaruviga berildi. Bir oy oldin u Rossiya Federatsiyasidagi aktivlari uchun xaridor topganini va u bilan shartnoma imzolaganini e’lon qilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: