O‘zbekiston va Ozarboyjon madaniy-adabiy doiralari o‘rtasida ko‘p tomonlama Memorandum imzolandi

O‘zbekiston 16:30 / 17.12.2017 5905

Nizomi Ganjaviy nomidagi Ozarboyjon Milliy Ilmiy Akademiyasi (OMIA)da "Asl do‘stona ildizlar: Ozarboyjon-O‘zbekiston madaniy-adabiy aloqalari" mavzusidagi ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Madaniyat Markazi loyihasi doirasida so‘nggi vaqtlarda Toshkentda o‘zbek tilida chop etilgan kitoblar, shuningdek o‘zbek madaniyati, urf-odatlari va an'analarini aks ettiruvchi ko‘rgazma bilan tanishishdi.

Foto: Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon Madaniyat markazi

OMIA vitse-prezidenti, Adabiyot Instituti direktori, akademik Iso Habibbeyli so‘nggi yillarda Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarining rivojlanayotgani, madaniy-adabiy aloqalarning kengayayotgani haqida so‘zladi. Olim ikki davlat aloqalarining tamal toshi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov va umummilliy yetakchi Haydar Aliyev tomonidan qo‘yilgani, bugungi kunda bu munosabatlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon davlat rahbari Ilhom Aliyev tomonidan muvaffaqiyatli davom ettirilayotganini ta'kidladi. 

Iso Habibbeyli ikki mamlakat aloqalarining rivojlanishida Nizomi Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy, Bobur, Nasimiy, Amir Temur va boshqa mashhur shaxslarning o‘chmas rolini alohida qayd etdi va bu ikki mamlakatning madaniyati hamda adabiyoti bir-biriga hamohang tarzda rivojlanayotganiga e'tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Adabiyot Institutida O‘zbekiston adabiyoti vakillari ijodi targ‘iboti bo‘yicha muhim ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yili Institutda Ozarboyjon-O‘zbekiston-Turkmaniston adabiy aloqalari bo‘limi ish boshladi, olib borilayotgan tadqiqotlar natijasida bir necha kitoblar chop etildi, Ozarboyjonda yashab ijod qilgan o‘zbek adabiyoti taniqli vakillarining merosi o‘rganildi. Olim OMIAning O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi bilan hamkorligiga urg‘u berar ekan, mazkur anjumanni mustaqillik yillaridagi O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlaridagi muhim hodisa deb atadi. 

O‘zbekistonning Ozarboyjondagi elchisi Sherzod Fayziyev anjumanda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yuksak darajada rivojlanayotganini ta'kidlab, musulmon mamlakatlari o‘rtasida ilm-fan, madaniyat sohasidagi aloqalarni kuchaytirish zarurligini alohida qayd etdi. Shuningdek elchi mamlakatlarimiz Islom madaniyati va jahon madaniy-tarixiy merosining markazi hisoblanishini ta'kidladi. 

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov anjumanda O‘zbekiston va Ozarboyjonning madaniy-adabiy aloqalari, o‘tkazilayotgan tadbir va loyihalar haqida so‘zladi, Madaniy markaz loyihasi asosida tayyorlangan "Asl do‘stona ildizlar" hujjatli filmi haqida ma'lumotlar berdi. 

Foto: Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon Madaniyat markazi

Ta'kidlash joizki, anjumanda namoyish etilgan "Asl do‘stona ildizlar" hujjatli filmida O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik aloqalari, shuningdek madaniyat, urf-odat va an'analarning birligi, aloqalarning rivojlanish tarixi o‘z aksini topgan. 

Mazkur hujjatli filmning g‘oyasi va ssenariy muallifi - O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov, rejissyor - mashhur kinorejissyor Eldor Mamedov. Film taqdimoti birinchi Samarqand shahrida "Ozarboyjon madaniyat kunlari"da bo‘lib o‘tgan.

Anjumanda OMIA Nizomi Ganjaviy nomidagi Adabiyot Instituti, Toshkent Davlat O‘zbek tili va Adabiyoti Universiteti va O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat Markazi o‘rtasidagi hamkorlikka doir uch tomonlama Memorandum imzolandi. Hujjatda ilmiy, madaniy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan va adabiyot sohasida o‘zaro tajriba almashish kabi qator masalalar ko‘zda tutilgan. 

Hujjatga muvofiq, Nizomiy nomli Adabiyot Institutida qator ishlar olib boriladi: Institut qoshida Alisher Navoiy nomli Ozarboyjon-O‘zbekiston Do‘stlik markazi, O‘zbek tili va adabiyoti  kafedrasi tashkil etilib, Ozarboyjonda yashab ijod qilgan o‘zbek adabiyoti vakillarining merosini tadqiq qilishga doir loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi. 

Foto: Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon Madaniyat markazi
Foto: Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon Madaniyat markazi

Shartnoma punktlariga ko‘ra, mustaqillik tarixida birinchi marta doktorantlar almashuvi hayotga tatbiq etiladi. Shu maqsadda Ozarboyjonning Nizomiy nomidagi Adabiyot Instituti va O‘zbekistondagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va Adabiyoti Universiteti buning uchun tegishli joylar ajratadi. 

 
Memorandumning yana bir diqqatga sazovor tomoni shundaki, birgalikdagi sa'y-harakatlar asosida birinchi marta Ozar-O‘zbek va O‘zbek-Ozar lug‘atlari tuziladi. Shu munosabat bilan ikki tomonning tilshunos olimlari ishtirokida Tahririy tarkib tashkil etiladi. 

 
Bundan tashqari, Memorandumda Ozarboyjonda mavjud O‘zbekistonning mashhur adiblarining ko‘p sonli qo‘lyozmalari, O‘zbekistonda esa Ozarboyjon adabiyoti vakillarining qo‘lyozmalarini saqlab qolish va kelgusida qonunchilik shakliga muvofiq, ikki tomonning roziligi bilan ushbu qo‘lyozmalarni almashish masalalari o‘z aksini topgan. 

Ko‘proq yangiliklar: