Yunusoboddagi romlar bilan bog‘liq muammo o‘z yechimini topdi. Boshqa hududlarda ham ishlar jadal

Jamiyat 22:27 / 16.12.2017 14262

Xabaringiz bor, joriy yilning 14 dekabr kuni KUN.UZ tahririyati orqali “Ajratilgan mablag‘lar qayerga yuqoldi? Yunusoboddagi aholi qish sovug‘ida qoldi”, deb nomlangan sarlavha ostida tanqidiy-tahliliy maqola e'lon qilingan edi. Unda Toshkent shahri, Yunusobod tumani 13-mavzedagi 23-uyda yo‘lak derazalarining romlari o‘rnatilmagani bois u yerda yashovchi aholi izg‘irin sovuqdan va isitish tizimining yaxshi ishlamasligidan aziyat chekayotgani haqida so‘z boradi.

Maqola e'lon qilinganiga ko‘p bo‘lmadi. Tahririyatimizga ma'lum qilishlaricha, mas'ul mutasaddilar tomonidan mazkur masala atroflicha o‘rganilgan va muammo o‘zining amaliy yechimini topgan. Yunusobod tumanining 13- va 23-uylari to‘liq romlashtirilgan. Aholi rozi.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish lozimki, aholi bilan ishlash tizimi poytaxtning boshqa tumanlarida ham mutassil olib borilmoqda. Bunga misol qilib, 14 dekabr kuni Yashnobod tumani, Aviasozlar 1-tor, 24-uy oldi yo‘llari to‘liq ta'mirdan chiqarilganini keltirish mumkin.

Bundan tashqari, Yunusobod tumani 11-mavze, 60-uy tom qismi ham qabul qilingan maxsus dastur doirasida tuzatib berilgan.

Yakkasaroy tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylarning oldidagi xazonlar va turli chiqindilar tozalanib, obodonlashtirish ishlari o‘tkazilgan.

Xuddi shu tumanning Qushbegi dahasidagi 9-uy 41-, 45-xonadonlarining oshxonadagi issiqlik batarealari ta'mirdan o‘tkazilgan.

Bunga o‘xshash misollarni poytaxtning Sergeli, Mirobod va Chilonzor tumanlarida ham keltirib o‘tish mumkin. Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimiz, hududlarda mavjud muammolarni tezkor ravishda aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan zudlik bilan zarur choralar ko‘rish maqsadida Toshkent shahar hokimligi rahbariyati, Toshkent shahridagi barcha Sektor rahbarlari (44 ta) hamda monitoring guruhining barcha a'zolari o‘rtasida “Telegram” mobil dasturi orqali aloqa o‘rnatildi.

Shu asnodan kelib chiqib, KUN.UZ tahririyati poytaxt aholisidan kommunal muammolar, obodonchilik, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimi hamda boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlarni qabul qiladi. Yuborilgan murojaatlar soha vakillariga taqdim etiladi va o‘z o‘rnida yechimini topishga bevosita sabab bo‘ladi.

Murojaatlarni ushbu havola orqali yoki info@kun.uz elektron manziliga yuborishingiz mumkin!

Ko‘proq yangiliklar: