Navoiyda 9-sinf o‘quvchisi boshqaruvidagi Matiz YTHga uchradi. Ikki o‘quvchi vafot etgan

Jamiyat 20:07 / 26.04.2024 15052

Navoiyda bolalar o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.    

Manbaga ko‘ra, YTHga uchragan bolalar Navoiy shahridagi 11-sonli hamda Karmana tumanidagi 5- va 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari bo‘lgan. 8- va 9-sinfda o‘qiydigan 3 nafar bola 23 aprel kuni o‘zlariga begona bo‘lgan fuqaroning Matiz mashinasini olib, Nurota tumaniga sayohatga borgan. Mashinani haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan, voyaga yetmagan bolalarning o‘zlari boshqargan. 

Ular ortga qaytishda ruldagi o‘quvchi boshqaruvni yo‘qotgan va YTH sodir bo‘lgan. Buning oqibatida 2 o‘quvchi voqea joyida halok bo‘lgan. Uchinchi o‘quvchi esa og‘ir tan jarohati bilan Karmana tumani markaziy shifoxonasiga keltirilgan. Hozirda u ham jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda.   

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Navoiy viloyati IIB JXX YHXB matbuot kotibi bilan bog‘landi.

“Hozirda holat yuzasidan, shuningdek, mashina egasi kim ekanligini aniqlash borasida dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Afsuski, keyingi paytlarda ota-onalar va kattalar tomonidan bolalarga mashina rulini ishonib topshirish holatlari ko‘paymoqda. Bu esa ko‘ngilsiz holatlarga olib kelyapti. Ota-onalardan bu borada ehtiyot bo‘lishni, bolalarga mashina boshqaruvini bermaslikni so‘rab qolamiz”, deydi Navoiy viloyati IIB JXX YHXB matbuot kotibi Fayozjon Qosimov Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.  

Oldinroq G‘allaorol tumanida qoidalarni buzib, katta tezlikda harakatlangan Lacetti maktabga ketayotgan 3 nafar o‘quvchini urib yuborgani va ular halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: