«Prezident hammasini biladi». Darig‘a Nazarboyeva Qarag‘andadagi vaziyatga to‘xtaldi

Jahon 15:54 / 14.12.2017 19614

Qozog‘iston senati deputati Darig‘a Nazarboyeva Qarag‘anda viloyatidagi konchilar bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi, deb xabar qilmoqda Tengrinews.kz.

"Davlat rahbari mamlakatda nimalar bo‘layotganini yaxshi biladi. Hamda, mening ishonchim komilki, u Qarag‘anda viloyatidagi hodisalarni diqqatlik bilan kuzatib bormoqda – viloyat uning uchun begona emas, uning muammolari unga bizning barchamizga kabi muhimdir. "ArselorMittal Temirtau" ma'muriyati mojaroni shunday vaziyatga qadar olib kelganidan juda afsusdaman. Konchilarning ish haqi masalasi yangi emas, ular bu borada har doim talab qo‘yishgan. Mehnat sharoitlari ham, albatta, ularda og‘ir, ish esa doimiy xavf bilan bog‘langan", - deya ma'lum qildi Darig‘a Nazarboyeva.

"Konchilarning talablaridan xabardormiz, ular ish haqi miqdori 100 foizga oshirilishini xohlashmoqda. Biroq kombinatning o‘zidagi iqtisodiy vaziyatni ham e'tiborga olish lozim, uni biz, masalan, bilmaymiz. "ArselorMittal Temirtau" ham hozircha bu ma'lumotni oshkor etgani yo‘q – ularda 100 foizga oshirish uchun iqtisodiy imkoniyat bormi. Nima bo‘lgan taqdirda ham har ikki tomonni qoniqtiruvchi qarorga kelinishiga umid qilaman", - deya ta'kidlab o‘tdi u Qozog‘iston Respublikasi senatida jurnalistlarning savollariga javob qaytarib.

"Men bilamanki, Sagintayev bu masalani nazoratda ushlab turibdi. Kompaniya ma'muriyati bilan muntazam telefon muzokaralari o‘tkazilmoqda. Vazirlar o‘z fikrlarini bildirishdi. Shuning uchun bu masala e'tiborsiz qolmaydi. Kompaniya sudga berish huquqiga ega, hech kim ularga bu huquqdan foydalanishga taqiq qo‘ya olmaydi. Keyin esa ishni sud va uning qarori hal qiladi. Kabinetdan boshqarishga keladigan bo‘lsak, men sizlarga qo‘shilaman. Albatta, vazirliklar rahbarlari u yerda bo‘lishlari, hamda har ikki tomon bilan muzokaralar o‘tkazishlari kerak edi", - deya xulosa qilgan Darig‘a Nazarboyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonlik konchilar hindistonlik oligarx bilan uchrashuvni talab qilishayotgani xabar berilgandi. "Arselor Mittal Temirtau" korxonasining norozilik aksiyasini o‘tkazayotgan konchilari soni 684 kishiga yetdi. Ular yer ostida qolishmoqda va tepaga chiqishdan bosh tortishmoqda. Konchilar ish haqini ikki barobarga oshirish va 50 yoshda pensiyaga chiqish, shuningdek, kasallik vaqtidagi to‘lovni to‘la hajmda amalga oshirish va shahardagi ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashni talab qilishmoqda. Shuningdek, ular kon egasi, hindistonlik milliarder Lakshmi Mittal bilan uchrashuv tashkillashtirilishini talab qilishgan. 

Ko‘proq yangiliklar: