Fotoreportaj: O‘FF yilning eng yaxshilarini taqdirladi

Sport 22:50 / 14.12.2017 17258

Bugun, 14 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida O‘zbekiston futbol federatsiyasining 2017 yildagi faoliyati yakunlari va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Bu yilgi taqdirlash marosimi avvalgi yillardagiga qaraganda boshqacha formatda o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, O‘zbekiston futbol federatsiyasi raisi Umid Ahmadjonov va boshqalar mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, yoshlarning futbol bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratishga doimiy e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.  

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishning mustahkam poydevori, yaxlit tizimi yaratilgani qayd etildi. O‘zbekistonning barcha hududlarida futbol infratuzilmasini yaratish, yangi stadionlar, bolalar va o‘smirlar sport maktablarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, turli musobaqa va turnirlarni muntazam tashkil etish orqali yosh iqtidor egalarini aniqlash va terma jamoalar zaxirasini boyitish, milliy, yoshlar, o‘smirlar terma jamoalarining xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va nufuzli turnirlarda munosib ishtirokini ta'minlash, murabbiy va hakamlarning malakasini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani e'tirof etildi. 

An'anaga ko‘ra, O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan 2017 yilning eng yaxshi murabbiy va futbolchilari aniqlandi. 

«Yilning eng yaxshi futbolchisi» nominatsiyasi bo‘yicha «Lokomotiv» jamoasi a'zosi Marat Bikmayev g‘olib bo‘ldi. «Metallurg-W» jamoasi a'zosi Lyudmila Karachik «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» deb topildi.

«Nasaf» jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev «Yilning eng yaxshi murabbiyi», «Paxtakor» jamoasi tarbiyalanuvchisi Igor Chikrizov «Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi», futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi va «Olmaliq» klubi a'zosi Konstantin Sviridov «Yilning eng yaxshi futzalchisi» deya e'tirof etildi. 

Shuningdek, «Qo‘qon-1912» klubining muxlislar jamoasi «Yilning eng yaxshi muxlislar jamoasi», O‘zbekiston chempioni va mamlakat kubogi sohibi – «Lokomotiv» klubi «Yilning eng yaxshi klubi», «Nasaf» futbol akademiyasi «Eng yaxshi futbol akademiyasi», «Paxtakor» jamoasi bosh murabbiyi Shota Arveladze «O‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shayotgan eng yaxshi chet ellik murabbiy», deb tan olindi. 

«Qo‘qon-1912» jamoasi «Fair Play» sovrinini qo‘lga kiritdi, Yoshlar ligasi g‘olibi – «Bunyodkor» yoshlar jamoasi «Yilning eng yaxshi yoshlar jamoasi» bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: