Boy va kambag‘al. Kontrakt pulini kechikib to‘lagan talabalar taqdiri qanday kechadi?

O‘zbekiston 10:50 / 14.12.2017 103045

Joriy yilda oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli Nizomi asosida amalga oshirildi. Mazkur yangi Nizom bo‘yicha ilk marta oshirilgan kontrakt to‘lovi evaziga qo‘shimcha kvotalar ajratilgan.

Yetarli ball to‘play olmagan bo‘lsa ham, lekin puli bo‘lsa, marhamat, bemalol talabalikka qabul qilinish mumkin. Bunga davlat qo‘shimcha imkoniyat yaratib bermoqda.

Shu o‘rinda mutasaddi shaxslarga boshqa bir savol bilan yuzlanmoqchimiz:

Yetarli bilimi bor, kerakli ballni to‘play olgan, lekin puli bo‘lmaganlarchi? Ularning taqdiri endi nima bo‘ladi?

Bunday savol berayotganimizning sababi Kun.uz tahririyatiga shu masalaga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ularda aytilishicha, mingga yaqin talaba joriy yilda OTMlarning talabaligiga to‘lov-shartnoma asosida tavsiya etilgan, ya'ni kontraktga kirgan, biroq kontrakt pulini biroz kechikib to‘lagan talabalarning taqdiri haliyam so‘roq ostida turibdi.

Xususan, ismini oshkor qilishni istamagan bir talaba qiz quyidagicha yozadi:

«Assalomu alaykum, Kun.uz tahririyati.

Agar noto‘g‘ri tushunmasangiz, ushbu maktubimda ismimni va o‘qish joyimni oshkor qilmasam degandim. Joriy yilda katta umidlar bilan o‘zim tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahridagi o‘zim tanlagan institutga hujjat topshirdim va kontrakt asosida o‘qishga kirdim. Kontrakt summasi 7.250.000 so‘m ekan. Kontraktning yarmini 11 sentabr kuni to‘ladik. Qolgan yarmini oilamizdagi ayrim moliyaviy qiyinchiliklar tufayli 14 oktabr kuni to‘lab berdik. Ochiq gap, banklardan ta'lim krediti ololmadik, bizda limit to‘lgan deyishdi. Shu sababli dadam oyligidan keyinchalik uzish sharti bilan qarz oldi. Lekin shartnoma pulini 100 foiz to‘lagan bo‘lsak ham, biroz kechikib to‘laganimiz uchun haligacha menga buyruq chiqmadi.

Bizga aytishlaricha, to‘lov muddati Nizom bo‘yicha 15 sentabrgacha ekan, keyin Vazirlar Mahkamasi 1 oktabrga qadar uzaytirgan ekan. Shu sababli menga buyruq chiqarishmayapti. Institutdagilarga aytsak, «biz hal qilmaymiz, tepadagilar nima desa shu bo‘ladi» deyishyapti. Prezident portaliga qilgan bir nechta murojaatlarimizdan ham foyda bo‘lmadi. Qiziq tomoni, har safar portalga yozgan arizamni Oliy ta'lim vazirligiga yuborishadi va vazirlikdan «bu masala vazirlik vakolatiga kirmaydi, buni Respublika qabul komissiyasi hal qiladi, ularga murojaat qiling» degan shablon javob qaytadi. Agar bu masalani yechish vazirlikning vakolatiga kirmasa, unda portaldagilar har safar nima uchun arizamni ularga yuborishadi? Shablon javob olishimiz uchunmi?

Menga alam qilgani, mana dekabr oyigacha darslarga to‘liq qatnashyapman, biror kun dars qoldirmadim. Ammo jurnallarda mening ism-sharifim yo‘q, chunki menga buyruq chiqmagan. Dekanatdagilar «aslida sizni darslarga qo‘yishga haqqimiz yo‘q, ammo mayli qiz bolasiz, qatnashib turing» deyishyapti. Tushunaman, hozirgi vaziyatda ularning ham aybi yo‘q. Institutimiz rahbariyatiga qolsa, bir kundayoq o‘sha o‘lgur buyruqni chiqarib berishadi. Biroq tepadan ruxsat bo‘lishini kutishga majburlar. Lekin o‘sha «tepadan keladigan ruxsat» qachon bo‘ladi? Qachongacha biz arosatda yuramiz? Biz deyayotganimni sababi eshitishimcha respublika bo‘yicha menga o‘xshagan talabalar minglab ekan. Birgina institutimizning o‘zida 94 kishi shunaqa holatda yuribdi. Axir dekabr oyi ham tugayapti, 1 semestr davomida o‘qidik-ku!

Alam qiladigani, atigi 70-80 ball to‘plaganlar 15 noyabrga qadar 108 mln. so‘m pul to‘lab, hozir talaba bo‘lib o‘qishyapti. Ularga tezgina buyruq chiqarib berishdi. Ammo bizchi? Biz ham kontraktni to‘liq to‘ladikku?! Qarzdor bo‘lganimizda ham mayli edi. Aybimiz kerakli pulni 2 hafta kechikib to‘laganimizmi? Aybimiz oilamizda vaqtida pul bo‘lmay qolganimi? Aybimiz dadam vaqtida qarz ololmaganimi?

Sizlardan iltimos, shu masalani ko‘tarib chiqarsangiz. Siz xalqqa olib chiqayotgan ko‘p masalalar hukumat tomonidan inobatga olinib, ijobiy hal qilinyapti. Zora, bizning muammomiz ham tez kunlarda hal bo‘lib, men kabi arosatda yurgan minglab talabalar uchun yangi yilga ajoyib sovg‘a bo‘larmidi. Shu maqolani yozib chiqadigan sizlarga ham, bizni muammomizni hal qiladigan hukumat rahbarlariga ham oilamiz nomidan oldindan katta rahmatimizni bildiramiz».

Kun.uz tahririyati shu masalaga oid murojaatlardan atigi bittasini e'lon qilmoqda xolos. Aslida bunday iltimos va savollar soni juda ko‘p.

Bizning fikrimizcha, ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan yetarli ball ololmagan, lekin ko‘p puli borlar o‘qiyotgan ekan, unda qandaydir 10-15 kunni deb, bilimi boru, biroq puli kamroq bo‘lgan talabalarni ko‘ksidan itarsak, to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Bunday qaror ko‘plab o‘smir yoshlarning ruhiyatiga salbiy ta'sir qilishi, ularning bilimga bo‘lgan intilishi butun umrga yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Umid qilamizki, ushbu muammo ta'lim sohasidagi mutasaddi shaxslar tomonidan tez orada ijobiy hal qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: