Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi nimalar bilan shug‘ullanadi?

Jamiyat 17:15 / 13.12.2017 6330

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasining nizomi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek, “O‘zbekkino” Milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror kildi:

1. Quyidagilar:

“O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

“O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi kuzatuv kengashining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “O‘zbekkino” Milliy agentligining bosh direktori F.Sh.Zokirov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san'at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyami rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamg‘arma milliy kino mahsulotlarini yaratishning belgilangan yillik ishlab chiqarish hajmlari prognoz ko‘rsatkichlarining tegishli qismini moliyalashtirish, O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasini saqlash xarajatlarini qoplash, Agentlik tizimidagi kinematografiya obektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kinematografiya sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etiladi.

Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida ochilgan “O‘zbekkino” Milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) yagona shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi va mazkur Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

davlat buyurtmasi va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarning kinoprokatidan tushadigan mablag‘lar;

davlat buyurtmasi va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarni namoyish etish mobaynida joylashtiriladigan tijorat e'lonlaridan tushadigan mablag‘larning 10 (o‘n) foiziga teng miqdordagi majburiy ajratmalar;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini qonun hujjatlariga muvofiq bank depozitlari shaklida va boshqa shakllarda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

Agentlik tomonidan kino va boshqa madaniy-ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatdan olinadigan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish uning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasi byudjyet tashkilotlari uchun byudjyetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi.

Jamg‘armaning mablag‘lari quyidagilarni moliyalashtirish uchun sarflanadi:

milliy kino mahsulotlarini yaratishning belgilangan yillik ishlab chiqarish hajmlari prognoz ko‘rsatkichlarining tegishli qismini moliyalashtirish;

O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish. Bunda, ushbu uyushma xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdori Kuzatuv kengashi bilan kelishiladi;

kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ularni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish;

“O‘zbekkino” Milliy agentligi huzurida atoqli kinoijodkorlarni jalb qilgan holda kinematografiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash maqsadida malaka oshirish kurslari va “Mahorat maktablari”ni tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni moliyalashtirish;

yosh, iste'dodli va istiqbolli kinoijodkorlarning yetakchi xorijiy ta'lim muassasalarida tahsil olishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni moliyalashtirish;

respublika, hududiy va davlatlararo ahamiyatga ega madaniy-ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish, milliy kinematografiyani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va rejalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar;

Agentlik tizimidagi kinematografiya tashkilotlarini modernizatsiya qilish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, shu jumladan, milliy kino mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zamonaviy kinotexnologiyalar, asbob-uskunalar, jihozlar xarid qilish;

Agentlik huzuridagi Badiiy kengash a'zolari mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar;

milliy filmlarni xorijda keng targ‘ib qilish va xalqaro kinofestivallardagi ishtirokini ta'minlash bilan bog‘liq xarajatlar;

O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib o‘tadigan kinematografiyani rivojlantirishga doir xorijiy va xalqaro tadbirlar hamda uchrashuvlarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar;

Jamg‘arma Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan miqdorlarda Agentlik xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ularni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish.

Jamg‘arma mablag‘lari “O‘zbekkino” Milliy agentligiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa maqsadlar uchun ham ishlatiladi.

Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash Agentlik bosh direktori raislik qiluvchi Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Kuzatuv kengashi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Kuzatuv kengashi uning majlisida ushbu Kengash a'zolarining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.

 

Kuzatuv kengashi:

Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;

ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tadbirlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilishini belgilaydi;

zarur hollarda tasdiqlangan xarajatlar smetalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

Kuzatuv kengashi majlisi har chorakda bir marotaba, zarur bo‘lganda navbatdan tashqari chaqiriladi.

Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish, shakllantirish va ulardan foydalanish monitoringini olib borish Agentlikning Iqtisodiy tahlil, moliyalashtirish va jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishni muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Boshqarma:

Jamg‘armaning mablag‘lari hisobi yuritilishini ta'minlaydi;

Jamg‘arma faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tayyorlaydi;

Kuzatuv kengashiga Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini moliyalashtirish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Jamg‘arma bo‘yicha mablag‘lar tushumi va xarajatlari hisobi Agentlik tomonidan alohida yuritiladi.

Agentlik tomonidan har chorakda keyingi oyning 15-kunigacha Jamg‘arma mablag‘larining jamlanishi va xarajatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Kuzatuv kengashiga taqdim etadi.

Hisobotlar hisobot choragidan keyingi oyning 20-kunigacha Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Jamg‘arma mablag‘larining sarflanishida Agentlik:

Jamg‘arma mablag‘lari buxgalteriya hisobi to‘g‘ri yuritilishi;

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi.

Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va olib qo‘yilmaydi.

Jamg‘arma mablag‘larining to‘g‘ri shakllantirilishi va foydalanilishi yuzasidan nazorat belgilangan tartibda davlat moliyaviy nazorat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: