Koreya masalasida aniqlik kiritildi: 2000 dollargacha bo‘lgan sug‘urta pullari kimlarga qaytariladi?

O‘zbekiston 22:20 / 13.12.2017 11507

KUN.UZ'da Koreya Respublikasi Inson resurslari markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Park San Lu o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining «sug‘urta depoziti sifatida 200 AQSh dollaridan 2000 AQSh dollarigacha bo‘lgan mablag‘ni qabul qilib»​ olishga chaqirgani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur masala yuzasidan ko‘pchilikda qo‘shimcha savollar yuzaga kelgani bois, KUN.UZ muxbiri Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan bunga izoh berishni so‘radi.

"Koreya Respublikasidagi faoliyatini o‘z muddatida muvaffaqiyatli yakunlab kelgan odamlarning ma'lum miqdordagi pullari o‘sha yerda qolgan. Bularning ichida noqonuniy ishlayotgan migrantlar ham bo‘lishi mumkin. Bu asosan Samsung-sug‘urta puli hisoblanadi.

Sug‘urta puli O‘zbekistonda emas. Bu yerda faqat ularning kimga berilishi kerakligiga doir ro‘yxat bor. Shuningdek janob Parkda ham ushbu ro‘yxat mavjud. Mazkur sug‘urta puli migrantlar O‘zbekistonga qaytayotgan vaqtda aeroportda beriladi va u Koreya Respublikasidagi faoliyatini o‘z muddatida tugallaganlar uchun muayyan miqdordagi mukofot puli hisoblanadi.

Janubiy Koreyadagi faoliyatini o‘z vaqtida tugallab, O‘zbekistonga qaytgan va mana shu pullarni olmagan fuqarolar bo‘lsa, pasport bilan Koreya Respublikasi Inson resurslari markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga murojaat qilishi yoki o‘zi haqidagi to‘liq ma'lumotlarni taqdim etgan holatda ro‘yxatda bor yoki yo‘qligini bilib olishi mumkin.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonga qaytgan fuqarolarning 90 foizi bu pullarni olib bo‘lgan. Bular ko‘proq hali-hanuz Koreya Respublikasida yurgan fuqarolar. Tahlillarga ko‘ra, bularning yarmidan ko‘pi, ya'ni 70 foizi Janubiy Koreyada noqonuniy faoliyat yuritayotganlar (muddati tugagan bo‘lsa-da, ishlashda davom etayotganlar), ular hali O‘zbekistonga qaytmagan.

Bu 200 dollardan 2000 dollargacha bo‘lgan sug‘urta pullaridir, kimlarningdir 13-maoshi qolib ketgan bo‘lishi mumkin, lekin asosiysi - Samsung-sug‘urta pullari.

Ro‘yxatda ismi sharifi bor yoki yo‘qligini bilish istagida bo‘lganlar 291-95-45 raqamiga yoki Call-markazga qo‘ng‘iroq qilib, ma'lumot olishi mumkin", - deya javob berildi agentlikda.

Ko‘proq yangiliklar: