Bosh prokuratura AQSh Federal tergov byurosi bilan memorandum imzoladi

O‘zbekiston 15:47 / 13.12.2017 6639

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va AQSh Adliya vazirligi huzuridagi Federal tergov byurosi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi, deya xabar bermoqda «Jahon» axborot agentligi. Imzolash marosimi 4 dekabr kuni bosh prokuror birinchi o‘rinbosari Murodjon Azimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan.

Memorandum bilan qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tajriba hamda axborot, ilg‘or tergov usullari va ushbu sohada tadqiqotlarni olib borishda nazariy hamda amaliy ko‘nikmalarni chuqurlashtirishning zamonaviy mexanizmlari bo‘yicha ma'lumot almashish nazarda tutilgan.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida ushbu hujjat ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yanada yuqori darajaga ko‘tarishi, jinoyatchilikka qarshi kurashishda va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklarini himoya qilishda o‘zaro hamkorlikning samaradorligini oshirishga olib kelishi qayd etildi.

Muloqot chog‘ida ko‘p yillar davomida bunday shartnomaning yo‘qligi O‘zbekiston va AQSh vakolatli organlarining tezkor hamkorligiga to‘sqinlik qilib kelgani ta'kidlandi. O‘zaro qiziqish uyg‘otadigan bir qator muhim xavfsizlik masalalari bo‘yicha aloqalarni faollashtirish va hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Ko‘proq yangiliklar: