Alisher Usmonovdan yangi yil sovg‘asi: Xose Karreras Toshkentda konsert beradi

Jamiyat 12:20 / 09.12.2017 19028

17 dekabr kuni soat 19:00da Toshkentdagi «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida ispaniyalik taniqli tenor Xose Karreras O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri jo‘rligida konsert beradi.

Orkestrga dunyodagi eng mashhur dirijyorlardan biri, ispaniyalik taniqli maestro David Gimenes rahbarlik qiladi. Gimenes Xose Karreras, Plasido Domingo, Anna Netrebko, Kiri Te Kanava, Roberto Alanya, Anjyela Georgiu kabi xonandalar bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib keladi, deb xabar bermoqda Anons.uz.

Xose Karreras eng mashhur dirijyorlar bilan hamkorlik qilgan. Ular orasida Gerbert fon Karayan, Klaudio Abbado, Rikkardo Muti, Lorin Maazel, Rikkardo Shayli, Kolin Devis, Juzeppe Sinopoli, Jyeyms Levin, Karlo Mariya Julini, Leonard Bernshteyn va Zubin Meta bor.

Karrerasning repertuarida oltmishdan ortiq opera bor. Ular orasidagi eng mashhurlari - «Bogema», «Toska», «Verter», «Don Karlo», «Karmen», «La Forza del Destino». Uning ijro uslubi har bir odamga tushunarli, mahorati esa – takrorlanmas. Biroq ispaniyalik xonanda faqatgina bu bilan mashhur emas. Butun dunyoni hayratga solgan jihatlardan biri – Karrerasning repertuari 600 dan ortiq turli uslublarni o‘z ichiga qamrab oladi (barokkodan zamonaviy musiqagacha). Uning disklari esa ko‘p bora oltin va platinali maqomni olgan.

Qayd etilishicha, rejalashtirilayotgan konsert milliarder Alisher Usmonovning O‘zbekiston fuqarolariga yangi yil sovg‘asi bo‘ladi.

Ta'kidlanishicha, Xose Karreras konsertiga chiptalarning bir qismi dushanba, 11 dekabrdan «Istiqlol» san'at saroyi kassalarida sotila boshlanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: