Misrda masjiddagi teraktga aloqador bo‘lgan jangarilar dronlar yordamida yo‘q qilindi

Jahon 23:11 / 24.11.2017 14864

Misrda ikkita dron yordamida masjiddagi teraktga aloqador bo‘lgan jangarilar yo‘q qilindilar. Bu haqda Misr xavfsizlik xizmatlaridagi manbaga iqtibos keltirgan holda SkyNews Arabia telekanali xabar bermoqda.   

Umumiy holda Sinay yarimorolidagi teraktga aloqador bo‘lgan 15 jangari yo‘q qilingan.

Ma'lum qilinishicha, dronlar terakt sodir etilgan joy yaqinidagi cho‘lda jangarilar bo‘lgan ikkita yo‘ltanlamasga raketa zarbalari bergan.

24 noyabrda Al-Arish shahridan 40 km uzoqlikdagi Bir-al-Abd qishlog‘idagi ar-Raud masjidiga juma namozi vaqtida jangarilar hujum qildi. Ular masjid ichida namoz vaqtida bomba portlatgandan keyin, u yerdan sarosimada yugurib chiqayotgan odamlarni o‘qqa tuta boshlashgan. Jangarilar voqea joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam mashinalarini ham o‘qqa tutgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 235 kishi halok bo‘lgan, 130 kishi yaralangan.

Xavfsizlik xizmatlari voqea joyiga olib boruvchi barcha yo‘llarni to‘sishgan, terrorchilarni qidirishga harbiylar qo‘shilgan. 

Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy teraktga aloqadorlar “tez va qat'iy jazo” olishlarini aytgan. “Bu jinoyatda ishtirok etgan, ko‘mak bergan, qo‘llab-quvvatlagan va moliyalashtirgan yoki gij-gijlagan barchaga adolat qo‘li yetib boradi”, deb aytgan Sisiy.

Terakt qurbonlari xotirasiga mamlakatda 3 kunlik motam e'lon qilindi.  

Ko‘proq yangiliklar: