Qurolli Kuchlar akademiyasiga Hindiston harbiy xizmatchilari tashrif buyurdi

O‘zbekiston 08:13 / 03.11.2017 7056

Joriy yilning 1-2 noyabr kunlari Hindiston Qurolli Kuchlari Shtab kolleji harbiy mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining bir guruh professor-o‘qituvchilari tarkibi bilan “Hindiston Qurolli Kuchlari tarkibiy tuzilishi va qurilishi hamda olib borilayotgan islohotlar” va “Harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uslublari” kabi mavzularda ma'ruza va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu haqda KUN.UZ’ga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida harbiy ta'lim yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik natijasida nufuzli harbiy akademiyalar va markazlar vakillari bilan muayyan tajriba almashib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar uchun dolzarb masalalar bo‘yicha xorijiy ekspertlarning ilmiy qarashlari va xulosalarini o‘rganish, sohadagi eng so‘nggi ma'lumotlardan xabardor bo‘lish va ularni atroflicha tahlil qilish, mavjud bilimlarni yanada boyitish, shuningdek, qurolli kuchlarni qo‘llash strategiyasi va taktikasini yanada takomillashtirish, jangovar operatsiyalarni olib borishning zamonaviy tajribasini chuqur va puxta egallashga xizmat qiladi.

Foto: Mudofaa vazirligi

– Harbiy soha va harbiy san'at rivojidagi asosiy tendensiyalarni aks ettiradigan, prinsipial jihatdan yangi mutaxassislik va ilm-fan yo‘nalishlarini jangovar harakatlarni olib borishning xorijiy tajribasi, zamonaviy shakl va metodlarini hisobga olgan holda harbiy kadrlarga o‘rgatish oldimizda turgan ishlarning eng mas'uliyatli jabhasidir, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi kafedra boshlig‘i polkovnik Murod Ibragimov. – Ayni vaqtda oliy harbiy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ko‘p yillik xizmat tajribasiga ega ofitserlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, dolzarb yo‘nalishlardagi izlanishlar xorij tajribasiga tayangan holda amalga oshirilmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi
Ko‘proq yangiliklar: