Texnika mo‘jizasi – AQShda dunyodagi eng yirik samolyot ishlab chiqariladimi?

Jahon 16:56 / 26.04.2024 19985

Mart oyining o‘rtalarida AQShda WindRunner deb nomlangan samolyotining konstruksiya taqdimoti o‘tkazildi.

Radia kompaniyasi tomonidan tayyorlanayotgan WindRunner kelajakda dunyodagi eng yirik transport samolyotiga aylanishi kutilmoqda.

Loyiha tarixi va samolyot xarakteristikasi

2017 yilda Amerikaning Radia kompaniyasi rahbari, Massachusets texnologiya instituti olimi Mark Lundstrom (Mark Lundstrom) dunyodagi eng yirik transport samolyoti loyihasi ustida ish boshlaydi.

O‘sha paytda Mark WindRunner deb nomlangan bu loyiha ustida ishlayotganini ommadan sir tutadi. Loyihadan asosiy maqsad shamol elektrostansiyalarining ulkan parraklarini tashiydigan uzun samolyot yaratish edi.

Markning loyihasiga ko‘ra samolyot fyuzelaji yengil materiallardan tayyorlanishi va bor-yo‘g‘i 72 tonna yuk ko‘tara oladigan bo‘lishi kerak edi. Taqqoslash uchun, Rossiya armiyasi tomonidan Kiyev yaqinidagi aeroportda vayron qilingan An-225 samolyoti 250 tonna yuk ko‘tara oladi.

Shunchaki Mark samolyot shamol elektrostansiyalarining uzun parraklarini ham tashiy olishi uchun uning uzunligini 108,5 metr qilishni mo‘ljallagan.

Ma’lumot uchun hozirda dunyodagi eng uzun samolyot Boeing 747−8 hisoblanadi. Uning uzunligi 76,2 metr. Mark tayyorlamoqchi bo‘lgan samolyot Boeing 747−8ʼdan 32 metr uzun bo‘ladi. Qanotlarining uzunligi esa 80 metr.

Foto: orums.x-plane.org

WindRunner samolyotining balandligi 24 metr bo‘lib, u bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham dunyoda birinchi bo‘ladi. Umumiy hisobda samolyot yukxonasining hajmi 8 200 metr kub bo‘ladi.

Samolyot nisbatan qisqa masofa – 1800 metrlik uchish qo‘nish yo‘lakchasiga ham bemalol qo‘na oladi. Uning uzunligi 105 bo‘lib, WindRunner diametri 7,3 metrgacha bo‘lgan yuklarni tashiy oladi.

Radia kompaniyasining ma’lum qilishicha, o‘tgan to‘rt yil davomida samolyotning dastlabki nusxasi tayyor va hatto parvoz uchun sertifikat ham olgan.

Samolyotni ishlab chiqarishda sinovdan o‘tgan aviatsion texnologiyalar va materiallardan, AQSh fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan uskunalardan foydalaniladi.

Foto: orums.x-plane.org

WindRunner to‘rtta dvigatel bilan jihozlanadi. Yoqilg‘i sig‘imi bir marta to‘ldirilganda u 2 ming km masofani uchib o‘ta oladi. Loyiha mualliflari kelajakda parvoz masofasini oshirish ustida ish olib borishlarini aytgan.

Turli mutaxassislar WindRunner samolyotlari ishlab chiqarilib ommalashsa, dunyoning turli davlatlarida tiklanuvchi energiya – shamol elektrostansiyalarini qurish keskin ko‘payishini ta’kidlamoqda.

Chunki bugungi kunda shamol elektrostansiyalarining ustun asosi va ulkan parraklari ishlab chiqaruvchi davlatdan buyurtmachi davlatga yuk mashinalari orqali juda katta xarajat bilan yetkazib borilmoqda.

Bundan tashqari, ularni bir davlatdan ikkinchi davlatga yetkazib borish yo‘ldagi turli muammolar tufayli uzoq vaqtni olyapti.

Agar WindRunner ommalashsa va shamol elektrostansiyalarning ustunlari va parraklari shu samolyot yordamida tashilsa ular yuk mashinasida tashilgandan ko‘ra ancha tez yetib boradi va birmuncha arzonga tushadi.

Shu sababli ham ko‘plab kompaniyalar WindRunner samolyotiga qiziqish bildirmoqda. Samolyotning sinov parvozidan so‘ng unga ko‘plab buyurtmalar tushsa ham ajabmas.

WindRunner samolyotidan foydalanish 2027 yildan boshlanishi aytilmoqda. Biroq samolyot aviabozorga qachon chiqariladi, muddati aniq emas. Barchasi ilk sinov parvozlarining muvaffaqiyatli o‘tishiga bog‘liq.

Turli mutaxassislar An-225 samolyoti oltita dvigatel bilan 250 tonna yukni ko‘tarib uchganda, WindRunner to‘rtta dvigatel bilan 70 tonna yukni bemalol ortib ucha olishini va samolyot muvaffaqiyatli loyiha bo‘lishini aytmoqda.

Umumiy hisobda ulkan samolyot loyihasi bir milliard dollarga baholangan. Agar barchasi muvaffaqiyatli chiqsa WindRunner samolyotining parvozi aviatsiya sanoatida inqilob bo‘ladi.

Dunyoning eng yirik transport samolyotlari

An-225 «Mriya»

Foto: idntimes.com

Yaqingacha dunyoning eng uzun samolyoti Ukrainaga tegishli An-225 «Mriya» edi. Bu samolyot 1989 yilda foydalanishga topshirilgan. 2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganda Kiyev yaqinidagi Gostomel aeroportida turgan An-225 Rossiya harbiylari tomonidan vayron qilindi.

An-225 samolyotining texnik ko‘rsatkichlari:

  • Uzunligi – 84 metr;
  • Qanotlarining uzunligi – 88,4 metr;
  • Balandligi – 19 metr;
  • Og‘irligi – 216 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 250 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 850 km;
  • Dvigatellar soni – 6 ta;
  • Ekipaj soni – 6 kishi.

Boeing 747 Dreamlifter

Foto: lavionnaire.fr

Boeing 747 Dreamlifter samolyotining birinchisi 2006 yilda ishlab chiqarilgan va undan 2007 yildan foydalana boshlashgan. Hozirgi kunda undan to‘rtta bor.

Boeing 747 Dreamlifter samolyotining texnik xususiyatlari:

  • Uzunligi – 71,7 metr;
  • Qanotlarning uzunligi – 64,4 metr;
  • Balandligi – 21,5 metr;
  • Og‘irligi – 180,5 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 113,4 tonna;
  • Yog‘ilg‘i sig‘imi – 199 150 litr;
  • Ekipaj soni – 2 kishi.

Aero Spacelines Super Guppy

Foto: planeslides.com

Aero Spacelines Super Guppy samolyoti 1965 yilda aerokosmik tadqiqotlar uchun NASA buyurtmasi bilan Boeing kompaniyasida ishlab chiqarilgan. Mazkur samolyotdan 5 dona yasalgan.

Aero Spacelines Super Guppy samolyotining texnik xususiyatlari:

  • Uzunligi – 43,8 metr;
  • Qanotlarining uzunligi 47,6 metr;
  • Balandligi – 14,1 metr;
  • Og‘irligi – 46 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 77,1 tonna;
  • Ekipaj soni – 4 kishi.

An-124 «Ruslan»

Foto: pictaram.com

An-124 «Ruslan» samolyoti 1980-yillar boshida ishlab chiqarilgan. Keyinchalik mazkur samolyotning turli modifikatsiyalaridan Ukraina va Rossiyada 55 dona ishlab chiqarilgan.

An-124 «Ruslan» samolyotining texnik xususiyatlari:

  • Uzunligi – 69,1 metr;
  • Qanotlarning uzunligi 73,3 metr;
  • Balandligi – 21 metr;
  • Og‘irligi – 178,4 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 120 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 965 km;
  • Ekipaj soni – 8 kishi.

Lockheed C-5 Galaxy

Foto: bilibili.com

Lockheed C-5 Galaxy samolyoti 1968 yilda AQSh harbiy havo kuchlari uchun ishlab chiqarilgan. Mazkur samolyotlardan jami 131 dona tayyorlangan.

Lockheed C-5 Galaxy samolyotining texnik xususiyatlari:

  • Uzunligi – 75,5 metr;
  • Qanotlarining uzunligi – 67,8 metr;
  • Samolyotning balandligi – 19,8 metr;
  • Og‘irligi – 169,6 tonna;
  • Maksimal tezligi – 919 km;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 118,3 tonna;
  • Ekipaj soni – 5 kishi.

Airbus A300-600ST Beluga

Foto: alamy.com

Airbus A300-600ST Beluga samolyoti ilk bor 1995 yilda foydalanishga topshirilgan. Bu samolyotdan jami 5 dona yasalgan.

Airbus A300-600ST Beluga samolyotining texnik xarakteristikasi:

  • Uzunligi – 56,1 metr;
  • Qanotlarning uzunligi – 44,8 metr;
  • Balandligi – 14,2 metr;
  • Og‘irligi – 86 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 47 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 750 km.

An-22 «Antey»

Foto: lori.ru

An-22 «Antey» samolyotining ilk parvozi 1965 yilda amalga oshirilgan. 1965-1976 yillar oralig‘ida Toshkent aviatsiya birlashmasida undan jami 67 dona ishlab chiqarilgan.

An-22 «Antey» samolyotlaridan asosan SSSR harbiy havo kuchlari foydalangan.

An-22 «Antey» samolyotining texnik xarakteristikasi:

  • Uzunligi – 57,3 metr;
  • Qanotlarning uzunligi – 64,4 metr;
  • Balandligi – 12,5 metr;
  • Og‘irligi – 118,7 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 80 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 650 km;
  • Ekipaj soni – 5-7 kishi.

Boeing C-17 Globemaster III

Foto: kpcw.org

Boeing C-17 Globemaster III samolyoti 1991 yilda harbiy maqsadlarda foydalanish uchun ishlab chiqarilgan. O‘shandan buyon Boeing kompaniyasi mazkur samolyotlardan qariyb 300 dona ishlab chiqargan.

Bugun ulardan AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya harbiy havo kuchlari foydalanmoqda.

Boeing C-17 Globemaster III samolyotining texnik xarakteristikasi:

  • Uzunligi – 53 metr;
  • Qanotlarning uzunligi – 51,7 metr;
  • Balandligi – 19,8 metr;
  • Og‘irligi – 122 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 77,5 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 833 km;
  • Dvigatellar soni – 4 ta;
  • Ekipaj soni – 3 kishi.

Il-76

Foto: commons.wikimedia.org

Il-76 samolyotining ilk parvozi 1971 yilda amalga oshirilgan. Il-76 dan qariyb mingta ishlab chiqarilgan va hanuzgacha undan dunyoning ko‘plab davlatlari harbiy maqsadlarda foydalanib kelmoqda. O‘z vaqtida Il-76 samolyotlari Toshkent aviatsiya birlashmasida ham ishlab chiqarilgan.

Il-76 samolyotining texnik xarakteristikasi:

  • Uzunligi – 46,6 metr;
  • Qanotlarning uzunligi 50,5 metr;
  • Og‘irligi – 85,5 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 60 tonnagacha;
  • Dvigatellar soni – 4 ta;
  • Maksimal tezligi – soatiga 780-850 km;
  • Ekipaj soni – 5 kishi.

Airbus A400M Atlas

Foto: allrent.us

Airbus A400M Atlas samolyoti nisbatan yangi model hisoblanadi. U ilk parvozni 2009 yilda amalga oshirgan. To‘laqonli foydalanish 2013 yildan boshlangan. O‘tgan yillar mobaynida bu samolyotdan 115 dona ishlab chiqarilgan.

Airbus A400M Atlas samolyotining texnik xarakteristikasi:

  • Uzunligi – 45,1 metr;
  • Qanotlarning uzunligi – 42,4 metr;
  • Balandligi – 14,7 metr;
  • Og‘irligi – 76,5 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 37-40 tonna;
  • Dvigatellar soni – 4 ta (har biri 11 000 ot kuchiga teng);
  • Maksimal tezligi – 802 km;
  • Ekipaj soni – 2-4 kishi.

Lockheed Martin C-130J Super Hercules

Foto: alamy.com

Harbiy maqsadlar uchun chiqarilgan mazkur samolyotning ilk parvozi 1954 yilda amalga oshirilgan. Hozirgi kunda undan AQSh, Jazoir, Angola, Argentina, Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Boliviya, Botsvana, Braziliya kabi davlatlarda harbiylari foydalanishmoqda. Bu samolyotdan jami 2600 dona ishlab chiqarilgan.

Lockheed Martin C-130J Super Hercules samolyotining texnik xususiyatlari:

  • Uzunligi – 29,8 metr
  • Qanotlarining uzunligi 40,4 metr;
  • Balandligi – 11,8 metr;
  • Og‘irligi – 34,2 tonna;
  • Yuk ko‘tarish quvvati – 19 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 670 km;
  • Ekipaj soni – 3 kishi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: