Anons. Angliyada hafta o‘yini, Valverde sobiq jamoasiga qarshi va boshqa o‘yinlar

Sport 17:30 / 27.10.2017 21362

Bugun, 27 oktabr kunidan Yevropa chempionatlarida navbatdagi tur uchrashuvlari boshlanadi. Bu uikendda ham muxlislarni bir qator murosasiz bahslar kutib turibdi. «Tribuna» odatga ko‘ra, hafta uchrashuvlarini eslatib o‘tadi.

«PSJ» – «NITsTsA»

O‘yin juma oqshomida bo‘lib o‘tishini e'tiborga olsak, e'tiborni chalg‘ituvchi boshqa o‘yinlar kam, umuman Fransiya chempionati doirasida qaraganda, yomon afisha emas. Masalan mehmonlar tarkibida ham Uesli Snayder, Mario Balotelli kabi ChL g‘oliblari to‘p suradi yoki yana jamoalarning o‘tgan yili chempionlik uchun kurashganini aytish mumkin. Hatto «Nitstsa» o‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda ham Parij klubiga mag‘lubiyatga uchramagan. Yoki shunchaki, «PSJ» o‘yinini tomosha qilish uchun ham televizorni yoqish mumkin. Ko‘pchilik shunday qilmoqda.

Marseldagi o‘yinda qizil kartochka olgan Neymar bu o‘yinni o‘tkazib yuboradi. So‘nggi o‘yinlarda faqat 10-15 daqiqa maydonga tushayotganidan norozi bo‘lib, jamoasini almashtirish haqida o‘ylayotgan Anxel Di Mariya uchun imkoniyatdir balki?

«MANCheSTeR YuNAYTeD» – «TOTTeNHEM»

Shubhasiz, 10-turning eng markaziy o‘yini. «Manchester Siti»ni ta'qib qilayotgan ikki raqib 2-o‘ringa yaxshiroq joylashib olish uchun kuch sinashadi. «MYu» mavsumni juda kuchli boshlab, oxirgi o‘yinlarda biroz tormozlangan va besh ochko yo‘qotgan bo‘lsa, «Tottenhem» aksincha, ilk turlarda ochkolar yo‘qotib, so‘nggi turlarda juda kuchli o‘yin namoyish qilmoqda.

Shu o‘rinda, bu o‘yinni nafaqat jamoalarning, balki alohida shaxslarning ham to‘qnashuvi deb aytash mumkin. De Xea va Loris. APLning so‘nggi yillardagi eng barqaror va kuchli darvozabonlari. «Oltin qo‘lqop» sovrini uchun kurash ham muntazam ravishda mana shu darvozabonlar o‘rtasida kechmoqda.

Va albatta, Pochettino va Mourino. Ishlash uslubi va g‘oyaviy tomondan bir-biriga mutlaqo teskari bo‘lgan mutaxassislarning o‘zaro dueli ham qiziq bo‘lsa kerak. «Yunayted» 13 oydan buyon barcha musobaqalarda «Old Trafford»da mag‘lubiyatga uchramayapti. Pochettinoning esa, «Tottenhem» bilan birga bu stadiondagi natijalari u qadar havas qilarli emas. Argentinalik murabbiy uch yildan buyon faqat mag‘lubiyatga uchrayapti va bu o‘yinlarda «Tottenhem» birorta ham gol ura olmagan.

Yana bir jihat. Agar boshqa turnirlarning ertangi o‘yinga ta'siri haqida so‘z borsa, «Tottenhem» uchun biroz noqulay ekanini ta'kidlash kerak. Birinchidan, Liga kubogi o‘yinida londonliklar raqibidan bir kun keyin maydonga tushdi. Biroz aralash tarkib o‘ynagan bo‘lsa ham, bu faktor ham biroz ta'sirga ega. Ikkinchidan, kelasi hafta bo‘ladigan YeChL o‘yinida «Tottenhem»ni Madridning «Real» klubi kutib turibdi. «Yunayted» esa, «Benfika» haqida umuman o‘ylamaslik komfortiga ega.

«ATLeTIKO» – «VILYaReAL»

«Atletiko» hali ham La Ligada mag‘lubiyatsiz bormoqda, ammo aytish kerakki, jamoa o‘yini oldingidek o‘ta ishonchli emasdek ko‘rinmoqda. Madridliklar so‘nggi besh o‘yinning to‘rttasini durang bilan yakunlashdi. Raqiblar ichida faqat «Barselona» emas, «Elche», «Leganes» va hatto Ozarboyjonning «Qorabog‘» klubi ham borligiga nima deysiz?

Diyego Kostaning yanvargacha maydonga tushmasa ham jamoa bilan ekani, Grizmanning kelajagi haqidagi mavhumliklar balki «Atletiko»ning oldingidek bir butun bo‘la olmayotganiga sabab bo‘layotgandir. Busiz Simeone jamoasini tanish qiyin bo‘ladi.

Ammo katta o‘yinlarda «Atletiko» baribir kuchli, so‘nggi uch turda  g‘alaba qozonib, turnir jadvalida yaqinlashib olgan «Vilyareal» raqib bo‘layotganini e'tiborga olsak, o‘yin juda qiziq bo‘ladi. Zero «Vilyareal» «Atletiko»ga qarshi kechgan so‘nggi 4 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan, hatto o‘tgan yili ular Madridda 1:0 hisobida g‘alaba qozonib ketgan edilar.

«BAVARIYa» – «RB LeYPTsIG»

Chempionlar Ligasining ikki ishtirokchisi o‘zaro to‘qnash keladigan bu haftadagi ikki o‘yindan biri. Tabiiyki, beixtiyor may oyidagi uchrashuv yodga tushadi. O‘shanda uchrashuv davomida 3:1 va 4:2 hisobida oldinda borgan «Leyptsig» hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘tkazilgan ikki gol evaziga 4:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Qizig‘i, bu jamoalar atigi ikki kun oldin Germaniya kubogida to‘qnashdi. 54-daqiqadayoq bir kishi kam bo‘lib qolgan «Leyptsig» kuchli raqibiga qarshi 120-daqiqagacha turib berdi va faqat penaltilar seriyasidagina mag‘lub bo‘ldi. Ammo bu o‘yin endi Myunxenda bo‘lishini ham unutmaslik lozim.

O‘z navbatida, «Bavariya» tarkibdagi muammolar girdobida qoldi. Noyyer, Riberi va Xamesdan keyin, endi Tomas Myuller ham og‘ir jarohat oldi va jamoaga yordam bera olmaydi. Bugungi zich taqvim paytida yetakchilarning jarohat olishi Haynkesga ortiqcha muammolar tug‘dirishi tayin. Ayniqsa, «Bavariya» odatdagidek peshqadam emas, ta'qibchi roliga tushib qolgan bugungi pallada.  

«ATLeTIK» – «BARSeLONA»

Bu qarama-qarshilik haqida so‘z borganda, ko‘pchilik ikki yil oldingi Ispaniya superkubogi va «Atletik»ning 4:0 hisobidagi g‘alabasini eslasa ham, aslida, bilbaoliklar La Liga o‘yinlarida «Barselona» uchun u qadar noqulay raqib emas. Ayniqsa so‘nggi yillarda.

Jamoalarning La Liga doirasidagi so‘nggi 8 o‘yinida «Barselona» muntazam ravishda g‘alaba qozonib kelmoqda. Oxirgi marta 2013 yilda Bilbaodagi o‘yinda 2:2 hisobidagi durang qayd etilgandi.

Lekin baribir basklar va katalonlar to‘qnashuvi o‘yinga o‘ziga xos tus berishi shubhasiz. Ayniqsa, raqib jamoasini Bilbao uchun begona bo‘lmagan Ernesto Valverde boshlab kelsa. «Atletik» ligada mavsumni barqaror o‘tkaza olmayotgan bo‘lsa-da, o‘z maydonida xavfli, jumladan, o‘tgan o‘yinda bu stadionda «Sevilya» mag‘lubiyatga uchratilgandi. 

«MILAN» – «YuVeNTUS»

Roppa rosa bir yil oldin, 22 oktabrda bu jamoalar Milanda to‘qnash kelishgan va o‘shanda mezbonlar Lukatellining goli evaziga ustun kelib, «Yuventus»ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan edi.

Bu mavsumdagi «Milan» avvalgi «Milan» emasligini, aniqrog‘i, ancha avvalgi «Milan» bo‘lmoqchi ekanini transfer bozorida isbotlashga urinan bo‘lsa-da, maydonda hozircha hammasi yaxshi emas. Ammo «Milan» nomining o‘zi futbolchilarga kuch berishini va shu nom turnir jadvalidan qat'i nazar «Yuventus»ga teng nazar bilan qarashga undashini ortiqcha ta'kidlash shart bo‘lmasa kerak.

A Seriyada qatorasiga uch o‘yinda mag‘lubiyatga uchragach, nihoyat yirik hisobda g‘alaba qozonib, eski relsga tushib olishga muvaffaq bo‘lgan milanliklar uchun bu o‘yin ayni muddao.

«Yuventus» ayniqsa, hujum chizig‘ida yaxshi o‘ynayapti, o‘n turdan so‘ng, gol urish bo‘yicha jamoa rekordi qayd etildi, ammo natijalar borasida jamoa ilgarigidek dahshatli ko‘rinmayapti. Eng oddiy misol, jamoa hozirda birinchi o‘rinda bormayapti. Yoki «Latsio»ning yaqinda Turinda g‘alaba qozonganini eslash mumkin.

«LOKOMOTIV» – «ZeNIT»

Bu o‘yinga alohida e'tibor qaratayotganimizning sababi faqat hamyurtimiz Vitaliy Denisov emas. «Lokomotiv» Rossiya Premer Ligasida chempionlik poygasiga qo‘shildi va asosiy raqib «Zenit» «temiryo‘lchilar» mehmoni bo‘lmoqda. Har ikki jamoa ham 29tadan ochko to‘plagan holda, turnir jadvalida peshqadamlikni bo‘lishib turishibdi.

Jamoalarning so‘nggi 16 o‘zaro uchrashuvining yarmida piterliklarning qo‘li baland kelgan. 

«LeSTeR» – «EVeRTON»

Yevropada bu darajadagi o‘yinlarni ko‘plab topish mumkin, ammo bu o‘yinning o‘ziga xosligi shundaki, har ikki raqibni yangi murabbiy o‘yinga boshlab tushadi.

«Sauthempton»dagi faoliyati orqali APL muxlislariga tanish bo‘lgan fransiyalik murabbiy Klod Pyuel yaqindagina «Lester» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozona olmagan «Everton» ham o‘z navbatida Ronald Kumanni iste'foga chiqardi va endi uning vazifasini vaqtinchalik David Ansuort bajaradigan bo‘ldi. Angliyada vaqtinchalik postni egallagan yordamchilarning omadli start oqibatida shartnomaga ega bo‘lgan holatlarni ko‘p kuzatganmiz, balki Ansuort ham harakat qilib ko‘rar.

BOShQALAR

Endi e'tiboringizga, yurtimizda o‘z muxlislariga ega bo‘lgan boshqa top klublarning ushbu haftadagi o‘yinlari haqida ham ma'lumot berib o‘tamiz.

28 oktabr. «ARSeNAL» – «Suonsi» (19:00), «LIVeRPUL» – «Haddersfild» (19:00), «Vest Bromvich» – «MANCheSTeR SITI» (19:00), «Bornmut» – «CheLSI» (21:30),

29 oktabr. «Jirona» – «ReAL» (20:15)

Ko‘proq yangiliklar: