Ramos, Pike va Buskets Ispaniya terma jamoasini tark etish bilan tahdid qilmoqda

Sport 11:20 / 20.10.2017 10938

Himoyachilar Serxio Ramos, Jyerar Pike va yarimhimoyachi Serxio Buskets Ispaniya terma jamoasini tark etishi mumkin.

Agar mamlakat futbol federatsiyasi rahbari Xuan Luis Larrea terma jamoa direktori Mariya Klaramuntni iste'foga chiqaradigan bo‘lsa, futbolchilar "qizil furiya" libosini boshqa kiymasligini ma'lum qilgan.

Marca xabariga ko‘ra, JCh-2018 saralashidan o‘rin olgan Lixtenshteynga qarshi o‘yindan oldin Larrea o‘z qarori haqida futbolchilarni xabardor qilgan. Shundan so‘ng, Pike, Ramos va Buskets bundan norozi bo‘lib, agar barchaning hurmatiga sazovor bo‘lgan Klaramunt xonim ishdan bo‘shatilsa, terma jamoani tark etish bilan tahdid qilgan.

Bu gaplardan so‘ng Larrea bilan futbolchilar orasiga sovuqlik tushgan. Unga terma jamoa kiyinish xonasiga kirish taqiqlangan. O‘z navbatida Larrea Ispaniyaning JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani, shuningdek Busketsni terma jamoa safida 100-o‘yinni o‘tkazgani bilan tabriklamagan.

Payshanba kuni Larrea o‘z so‘ziga sodiq qolgan holda, Klaramuntni iste'foga chiqargan. Futbolchilarning bunga munosabati hozircha ma'lum emas.

Ko‘proq yangiliklar: