Umid Ahmadjonov Qatar Amirining diplomatik aloqalar bo‘yicha maslahatchisi bilan uchrashdi

Sport 16:48 / 18.10.2017 5461

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov Qatar amirlik oilasining eng nufuzli vakillaridan biri, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad ol Soniyning akasi, bugungi kunda Qatar amirining diplomatik masalalar va sportni rivojlantirish bo‘yicha bosh maslahatchisi sifatida faoliyat olib borayotgan Shayx Jassim bin Hamad bin Xalifa ol Soniy bilan uchrashdi. 

Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar haqida o‘zaro fikr almashdilar. Umid Ahmadjonov Shayx Jassim bilan O‘zbekistonda zamonaviy talablarga javob beradigan bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasining vakolatxonasini ochish masalasini muhokama qilib, O‘FF bu borada Qatar bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.

Gap Dohadagi “Aspire” sport akademiyasi haqida bo‘lib, bu inshootga2004 yilda Qatar amirining farmoni bilan asos solingan. Akademiyaning bosh maqsadi Qatar sportining kelajagi uchun yosh iqtidorlarni izlash, ularni akademiyaga olib kelib, shu yerning o‘zida ta'lim berish va katta sportchi qilib tarbiyalashdan iborat. Akademiyaning “Iqtidorlarni izlash dasturi” mavjud bo‘lib, bu borada ular Qatar olimpiya qo‘mitasi va Qatar davlatining oliy ta'lim kengashi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Dastur Qatar davlatidagi maktab o‘quvchilari orasidan iqtidorli bolalarni izlab topib, ularga sport bo‘yicha grant dasturlarida ishtirok etishni taklif qiladi. 

Akademiyaga dunyoning eng kuchli menejyerlari, murabbiylari va ekspertlari jalb qilingan.Futbol ta'limining standartlari bo‘yicha “Aspire” dunyoning eng yaxshi akademiyalaridan biri sanaladi. Jahon futbolining afsonalari Pele, Messi, Raul va Xavi kabilar akademiyaning xalqaro arenalardagi elchisi sifatida faoliyat yuritadi.

“Shayx Jassim janoblari bilan suhbatda biz “Aspire” akademiyasining vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha kelishuvga erishdik”, - deydi Umid Ahmadjonov O‘FF matbuot xizmatiga. “Menda ushbu akademiya juda katta tassurot qoldirdi. Shayx janoblari bilan bu borada yakuniy kelishuvga erishganimizdan xursandman”

Shayx Jassim 2004 yildan beri dunyoga mashhur va dong‘i ketgan “Aspire” akademiyasiga rahbarlik qilib keladi. Shu bilan bir vaqtda u 2022 yilgi jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning vitse-prezidenti ham hisoblanadi.Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Shayx Jassim bin Hamad bin Xalifa ol Soniy Qatar futbolining bugungi muvaffaqiyatlarining boshida turgan katta namoyandalardan biri hisoblanadi. U 1850 yildan beri Qatarni boshqarib kelayotgan Ol Soniylar amirlik oilasining ishongan vakili sifatida hukumat rahbarlari va shu kabi boshqa nufuzli mehmonlar bilan uchrashadi. Bundan tashqari u Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad ol Soniyning akasi hisoblanib, Qatar amirligining sobiq valiahdidir. Shu sababli ham Shayx Jassim Qatar amirining nomidan ish yuritadigan davlat namoyandasi sanaladi.

Umid Ahmadjonovning Shayx Jassim bilan uchrashuvi O‘FF prezidentining Qatarga rasmiy tashrifi doirasida amalga oshirilayapti. Tashrif doirasida O‘FF prezidenti Shayx Jassim rahbarlik qiladigan “Aspire”  akademiyasida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi. Umid Ahmadjonov, shuningdek, “Aspetar” sport tibbiyoti markazi va Qatar Futbol Uyushmalarida ham bo‘lib, tashkilotlarning bugungi kundagi faoliyatini ko‘zdan kechirib, Qatar Futbol Federatsiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimida ishtirok etgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: