Mol-mulkni musodara qilishga aloqador o‘zgartirishlar kuchga kirdi 

O‘zbekiston 12:59 / 17.10.2017 28441

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 16 oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, qonunchilikka jinoyat sodir etilishiga aloqador bo‘lmagan shaxslardan mol-mulkni musodara qilishni taqiqlovchi o‘zgartirish kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 211-moddasining 1-bandi yangi tahririga ko‘ra, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lgan jinoyat qurollari musodara qilinishi kerak va ular tegishli muassasalarga topshiriladi yoki yo‘q qilib yuboriladi. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lmagan mol-mulk qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek merosxo‘rlariga qaytarib beriladi. 

Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli bo‘lmagan mol-mulkning qonuniy egalari, mulkdorlari yoki ularning huquqiy vorislari, xuddi shuningdek merosxo‘rlari aniqlanmagan taqdirda, ushbu mol-mulk davlat daromadiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 27-moddasi birinchi qismi yangi tahririga ko‘ra, ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma'muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish mazkur ashyoni haq to‘lamasdan majburiy tarzda davlat mulkiga o‘tkazishdan iborat bo‘lib, ushbu chora ma'muriy ishlar bo‘yicha tuman (shahar) sudining sudyasi tomonidan qo‘llaniladi. 

Huquqbuzarning shaxsiy mulki bo‘lmagan ashyo musodara qilinishi mumkin emas, muomaladan chiqarilgan ashyolar bundan mustasno.

O‘zgartirishlar sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan jinoyat ishlariga, shuningdek, jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi ajrim yoki qaror chiqarilgan jinoyat ishi, hamda sudning qarori qonun rasman e'lon qilinishigacha (17 oktabr) chiqarilgan ma'muriy ishlarga qo‘llanilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: