Kurdlar bugun mustaqil davlat bo‘lish uchun ovoz beradi

Jahon 09:39 / 25.09.2017 8794

Iroqning kurdlar muxtor mintaqasida bugun mustaqillik bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Bu jahon hamjamiyati va Bag‘doddagi markaziy hukumatning sanani boshqa muddatga ko‘chirish, eng yaxshisi – plebissitni bekor qilish borasidagi chaqiriqlariga qaramay yuz beradi. Iroq Kurdistoni rahbari Ma'sud Barzoniy yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida referendum belgilangan muddatda o‘tkazilishi haqida yana bir bor ma'lum qilgan.

Iroq Kurdistonidagi saylovlar va referendum bo‘yicha mustaqil saylov komissiyasidan ma'lum qilishlaricha, ovoz berish uchun uchastkalar soat 08:00da ochiladi va o‘z ishini 18:00da yakunlaydi. Referendumda qo‘yilgan savol shundan iborat: "Kurdiston mintaqasi va uning tashqarisidagi kurdlar hududlari mustaqil davlat bo‘lishini xohlaysizmi?". Byulleten to‘rt tilda: kurd, arab, turkman va aysor tilida taqdim etilgan. Javob berish uchun “ha” yoki “yo‘q” so‘zlarini yozish lozim. Ovoz berishda qatnashish uchun 5,2 mln kishi ro‘yxatdan o‘tgan.

Plebistsit Iroq Kurdistoni tarkibiga kiruvchi viloyatlar – Arbil, Sulaymoniya, Doxuk, shuningdek, maqomi bahsli sanaluvchi tumanlarda bo‘lib o‘tadi. Bu tumanlarning ichida Iroqning shimoliy neft poytaxti Kirkuk ham bor. Ovoz berish vaqtida xavfsizlikni kurdlarning "peshmerga" harbiylashgan tuzilmalari va mahalliy politsiya kuchlari ta'minlab turadi.

Referendum bo‘yicha Oliy kengash a'zolari aksariyat kishilar Bag‘doddan mustaqil bo‘lish uchun ovoz berishsa, keyingi reja haqida ma'lum qilishdi. Hujjat mintaqada istiqomat qiluvchi barcha etnokonfessional guruhlarning milliy, siyosiy, diniy, madaniy va ma'muriy huquqlarini kafolatlaydi. Rasmiy tillar sifatida kurd, arab, aysor, arman va etnik turkmanlar tili qabul qilinadi.

Kurdiston davlatida diniy va milliy guruhlar huquqlari loyihasi, ular davlat muassasalarida “to‘liq vakolatlarga” ega bo‘lishi, “mustaqil davlat hukumatida haqiqiy sheriklar”ga aylanishini, federativ tizim doirasida esa, xususan, arablar, yozidlar va turkmanlar o‘z mintaqalarini mustaqil tarzda boshqarishini nazarda tutadi. Hujjat kurdlar parlamentining yaqin oradagi sessiyasida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Barzoniyning yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida e'tibor qaratishicha, referendum haqidagi qarorga ancha avval kelingan va bu Bag‘dod bilan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgani hamda markaziy hukumatga bo‘lgan ishonch yo‘qolishi bilan bog‘liq. Barzoniyning ta'kidlashicha, xalqaro hamjamiyat tomonidan o‘tkazilayotgan bosimga qaramay, referendum belgilangan muddatda bo‘lib o‘tadi.

Referendumdan so‘ng Arbil Bag‘dod bilan barcha masalalar bo‘yicha muloqotga tayyor. Shu bilan birga, kurdlarning harbiylashgan tuzilmalari va Iroq armiyasining terrorizm bilan kurashdagi harbiy hamkorligi avvalgidek qoladi, deya ishontirgan Barzoniy. Shuningdek, uning qayd etishicha, Bag‘dod bilan qandaydir qurolli to‘qnashuvni kutayotgani yo‘q. 

Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy ham televizion murojaat bilan chiqib, Iroq markaziy hukumati mamlakat yaxlitligini saqlab qolish uchun kerakli choralarni ko‘rishga tayyor ekanini ma'lum qildi.

"Biz Iroq va uning barcha fuqarolari birdamligi, mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka tegishli bo‘lgan barcha bir tomonlama qarorlarni rad etamiz. Bularning bari konstitutsiya va birgalikda tinch hayot kechirish prinsiplariga zid, - degan vazirlar mahkamasi rahbari. – Sizlarga shuni aytmoqchimanki, biz bu referendumni ham, uning natijalarini ham qabul qilmaymiz, mamlakat birdamligi hamda fuqarolar manfaatini saqlab qolish uchun kerakli choralarni ko‘ramiz".

O‘z navbatida, Tehron ham bunday referendumning o‘tkazilishiga qarshi chiqib, Iroqda hududiy yaxlitlikni saqlab qolish kerakligi haqida ma'lum qilgan. 

Kurdlarning mustaqillik bo‘yicha rejalardan voz kechmaganiga javob reaksiyasi sifatida rasmiy Bag‘dodning murojaatiga ko‘ra, Sulaymoniya va Arbil aeroportlari bilan aviaqatnov yopildi, shuningdek, Islom Respublikasi havo kengliklaridan uchib o‘tishga taqiq qo‘yildi. Qaror Eron Islom Respublikasi milliy xavfsizlik bo‘yicha Oliy kengashi tomonidan qabul qilindi.

Eron milliy xavfsizlik bo‘yicha Oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniyning ma'lum qilishicha, Tehron “Bag‘dod bilan imzolangan bitimlarni tan oladi”, referendum va Kurdistonning Iroqdan ajralib chiqishi "Eron bilan xavfsizlik bo‘yicha barcha kelishuvlarni avtomatik tarzda bekor qiladi hamda ular bilan quruqlikdagi chegaraning yopilishiga olib keladi".

Turkiya ham bu borada o‘zining keskin bayonotlari bilan ajralib turdi. Xususan, mamlakat rasmiy shaxslari turli siyosiy maydonchalarda Iroq Kurdistonida referendum o‘tkazilishga qat'iy qarshi chiqishdi. Turkiya rahbari Toyyib Erdo‘g‘anning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ma'lum qilishicha, “muxtor viloyat ma'muriyati tomonidan Turkiya pozitsiyasiga e'tibor bermaslik shunga olib keladiki, kurdlar mintaqaviy hukumati hattoki hozirgi imkoniyatlaridan ham mahrum bo‘ladi”.

Ma'lumot uchun: kurdlar jahonda o‘z davlatiga ega bo‘lmagan eng yirik xalqdir (25-35 mln kishi). XX asr boshida Usmonlilar imperiyasi parchalanib ketgach, kurdlar Turkiya, Suriya va Iroqda yashay boshlashdi. Ular 1950-yillarning oxiridan boshlab Kurdistonning Iroqdan ajralib chiqish uchun qurolli kurash olib borishmoqda.

Saddan Husayn hokimiyatdan chetlatilgach, 2005 yilgi Iroq konstitutsiyasida Iroq Kurdistonining keng muxtoriyati aniqlashtirildi va 2007 yilning 31 dekabridan kechiktirmay suverenitet bo‘yicha referendum o‘tkazilishini belgilab qo‘ydi. Biroq u Iroqdagi ixtiloflar keskinlashgani va kurdlar yetakchilarining markaziy hukumat bilan neft daromadlarini taqsimlash masalasi bo‘yicha bahslari sabab o‘tkazilmadi.

Iroqda ayni damda taxminan 7 mln kurd istiqomat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: