Pensiya summasi oylik maoshga qarab qay tariqa belgilanadi?

Jamiyat 09:25 / 20.09.2017 40734

SAVOL: 1954 yil 15 noyabrda tug‘ilganman. O‘z xohishim bo‘yicha bugungi kungacha pensiya rasmiylashtirish masalasida hujjat topshirmaganman. Bugungi kungacha umumiy ish stajim (bir ishdan boshqa ishga o‘tish oraliq vaqti chiqarilib tashlanganda) 16.908 kunni yoki 46 yilu 4 oyni tashkil etadi. Uzluksiz ishlagan 5 yil (2012–2016 yillar uchun) olgan umumiy maoshimning sug‘urta badali to‘langan qismi 147.835.435,84 so‘mni, ya'ni oylik o‘rtacha ish haqim 2.463.923,93 so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda menga qancha pensiya belgilanishi mumkin?  
Ibrohim Imomov.

JAVOB: «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra Yoshga doir pensiya olish huquqi erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Yoshga doir pensiya uchun — pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi, lekin rasmiy belgilangan yoshga doir eng kam pensiyaning kamida 100 foizi miqdorida olinadi. Pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qat'i nazar, oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yildagi (pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) ish haqi olinadi. Pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi. Ya'ni, o‘rtacha ish haqi o‘rtacha oylik ish haqining 8 barobaridan yuqori bo‘lgan taqdirda, ortiqcha qismi hisoblash uchun olinmaydi. 

Yoshga doir pensiyalar — Pensiya tayinlashda talab etiladiganidan ortiqcha ish stajining har bir to‘liq yili uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida oshiriladi.

Savollarga huquqshunos Mirzoxid Shoqalamov javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega. 

Ko‘proq yangiliklar: