Transport vositasini olib qochish issiq izidan fosh etildi

Jamiyat 09:27 / 15.09.2017 9718

2017 yilning 13 sentabr kuni soat taxminan 17:00larda, noma'lum shaxs, Yunusobod tumani, 4-mavzesi hududida bo‘la turib, shu yerda qarovsiz qoldirilgan, fuqaro K.O.A.ga tegishli bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtoulovni g‘ayriqonuniy ravishda ochib, uni olib qochgan va A.Donish ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib, yo‘l chetidagi bordyurga urilib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan va hodisa joyidan yashiringan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Bundan tashqari, shu kuni soat taxminan 19:30larda, noma'lum shaxs, Yunusobod tumani hududida, fuqaro I.G.N.ga nisbatan kuch ishlatgan holda, unga tegishli bo‘lgan “Kobalt” rusumli avtomashinasini olib qochgan. 

Shundan so‘ng mazkur avtomashinada A.Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida, “Grand palas” mehmonxonasining qarshisida, beton to‘siqqa urilib, yo‘l transport hodisasi sodir etganligi oqibatda avtomashina yonib ketgan va transport vositalarini olib qochgan shaxs Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. 

Holat yuzasidan ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari natijasida, avtomashinalarni olib qochish jinoyatlarini RShTYoIMga olib borilgan M.Sh.A. sodir etganligi aniqlandi. 

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi 2-qismi “g” bandi (transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida olib qochish) va 267-moddasi 3-qismi “v” bandi (transport vositasini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida olib qochish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: