Erkinjon Turdimov: “Surxondaryoda yetishtirilayotgan paxta 100 foiz shu yerda qayta ishlanadi”

O‘zbekiston 19:23 / 20.08.2017 11718

Xalqaro press klubning Surxondaryo viloyatida «Surxondaryo: Boy meros, turizm va islohotlar uyg‘unligi» mavzusida bo‘lib o‘tgan sayyor sessiyasida Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov viloyatning ijtimoiy sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi.

— Joriy yilda 218 ta obekt qurilishi, jihozlanishi va rekonstruksiya qilinishi uchun 505 millirad so‘m mablag‘ ajratildi. 2016 yilda bu ko‘rsatkich 238 milliard so‘m bo‘lgan. «Amudaryo sohili» dam olish maskani bugun odamlar bilan juda gavjum. Shu yerni barpo etishdan avval davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘zi shaxsan kelib, qadam ba qadam yurib ko‘rib, konsepsiyasini belgilab bergan edi.

Viloyatda barcha o‘zgarishlar bosqichma-bosqich, tartib bilan amalga oshiriladi. O‘tgan qisqa vaqt ichida juda katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Odamlar uning dastlabki nishonalarini his etib, ko‘ra boshlashdi.

Oddiy misol: prezidentimiz tashrif buyurganlarida shu Amudaryoda o‘sib yotgan bitmas tuganmas qamishlarni ham mahalliy tadbikorlar olib foydalansa bo‘ladi, degan taklifni o‘rtaga tashlagan edi. Termizlik tadbirkorlar ayni paytda ushbu qamishlarni o‘rib olib, quritib, DSP fanerlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi. 1 kunda 5 ming kvadrat metr faner ishlab chiqarilmoqda. Rossiyada ishlab chiqarilgan DSP va o‘zimizning mahalliy fanerni 1 sutka suvga solib qo‘yib, sinadik. O‘zimizniki namgarchilik va suvga o‘ta chidamliligi oydinlashdi.

365 million dollar evaziga 15 ta yangi sanoat korxonalari barpo etilmoqda. Shu paytgacha viloyatda yetishtirilayotgan paxta tolasining 4,5 foiziga viloyatning o‘zida qayta yetishtirilar ekan. 2018 yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 11 foizga ko‘tarishni rejalashtirganmiz. 2021 yilgacha viloyatda yetishtiriladigan paxtani 100 foiz o‘zimizda qayta ishlaymiz.

337 ming aholining 43 ming gektar tomorqasi mavjud. Surxondaryo respublikamizdagi suv ta'minoti o‘ta qulay hudud hisoblanadi. Viloyat hududidan uchta katta sersuv daryo oqib o‘tadi. Suv ta'minotidan ham oqilona foydalanib, yangi yerlar o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligini yanada yuqori darajaga ko‘tarish rejalarimiz turibdi.

Sariosiyodagi «To‘palang» suv omoborini 2 bosqichini ishga tushirish va uning suv zaxirasini 500 million kub metrga yetkazish ustida ish olib bormoqdamiz. Shuningdek, sel suvlarini to‘plash uchun kichik suv omborlar tashkil etish, bu suvlarni qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirish kabi masalalar turibdi.

Viloyatda paxta terimi boshlangan. Jarqo‘rg‘onda Bobotog‘ oldi hududlarida 5 sentabrda hosildan bo‘shagan paxta dalasini karchopka qilishga o‘zim ruxsat berdim. O‘rniga piyoz ekiladi va u aprel oyining boshida pishib yetiladi. Chunki bir qarich yerdan ham unumli foydalanishimiz kerak, buni barcha hududlarimizda joriy qilmoqdamiz.

Dehqonlarimiz 3 mlrd. 200 mln. so‘m naqd puliga mineral o‘g‘itlar xarid qilishibdi. Albatta, ularni yetali o‘g‘itlar, dorilar, yonilg‘i-moylash materiallari bilan uzluksiz ta'minlash ham bizning asosiy vazifamizga aylanishi kerak. Chunki bundan dehqon ham, xalq ham yutadi. Tijorat banklarimiz ham fermerlarimizga mineral o‘g‘itlar uchun 26 milliard so‘m avans ajratgan. Bularning barchasi mo‘l hosilning garovi.

Ko‘proq yangiliklar: